Shu kunlarda jahon hamjamiyati nigohi Markaziy Osiyoning yuragida
joylashgan O‘zbekistonga qaratilgan. Chunki joriy yilning 5-9 aprel kunlari
azim Toshkent nufuzli xalqaro tadbir – Parlamentlararo Ittifoqning
150-assambleyasiga mezbonlik qiladi. Dunyo e’tiboridagi bu voqea nafaqat
mamlakatimiz, balki butun jahon parlamentlari hamjamiyati uchun muhim ahamiyat
kasb etadi. Bunda jahonning nufuzli parlament delegatsiyalari tomonidan aholini
ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini
ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikka erishish, ilm-fan
va texnologiyalarni rivojlantirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi
hayotiy dolzarb mavzular bizning diyorimizda muhokama etiladi. Bugungi murakkab
va shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda ijtimoiy adolat, tenglik va
barqaror taraqqiyotga erishish har bir davlat hamda jamiyatning eng muhim
vazifalaridan biriga aylandi. Aynan shu nuqtai nazardan, Parlamentlararo
Ittifoqning 150 yillik yubiley assambleyasi asosiy mavzusining dolzarbligi
yaqqol ko‘rinib turibdi. Anjumanda dunyoning 181 ta
mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va
parlamentlararo tashkilotdan 2000 ga yaqin delegatlar ishtirok etishi
kutilmoqda.
Aytish kerakki, Parlamentlararo
Ittifoq 136 yillik tarixga ega bo‘lib, o‘z faoliyati davomida xalqlar o‘rtasida
o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasini
rivojlantirish kabi ulug‘vor maqsadlarni ilgari surib kelmoqda.
Tashkilotning 181 davlat parlamentini birlashtirishi uning global miqyosdagi
ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi. Poytaxtimizda yaqinda bo‘lib o‘tadigan
150-assambleya doirasida dunyo parlamentlari vakillari ijtimoiy himoya,
kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi o‘z
tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Bu kabi o‘zaro fikr almashinuvi global
miqyosda ijtimoiy adolat va taraqqiyotga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi
shubhasiz.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoq bilan turli yo‘nalishlarda faol hamkorlik qilib kelmoqda. Tashkilot rahbariyatining mamlakatimizga muntazam tashrifi, O‘zbekistonning BMT Bosh Assambleyasida parlamentlarning rolini oshirishga qaratilgan rezolyutsiyasi tashabbusining qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi buning yaqqol dalilidir.
Kutilayotganidek,
Toshkentning 150-assambleyaga mezbonlik qilishi O‘zbekistonning xalqaro
maydondagi nufuzini yanada oshirib, mamlakatimizni global siyosiy jarayonlarning
faol ishtirokchisiga aylantiradi. Ushbu tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi
O‘zbekistonning ochiqlik, hamkorlik va global muammolarni hal etishga
tayyorligini yana bir bor namoyish etadi. Shu o‘rinda assambleyaning asosiy
mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati”
dolzarbligi va bugungi kunda dunyoning eng og‘riqli masalalaridan biri
ekanligini ta’kidlash zarur. Bu borada O‘zbekistonning tajribasiga
to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy taraqqiyot va
adolatni ta’minlash borasida katta yutuqlarga erishdi. Mazkur muvaffaqiyatlar
esa, albatta, mamlakat yetakchisining tashabbuskorligi, insonparvarligi, uzoqni
ko‘zlaguvchi yuqori siyosiy salohiyati, metin irodasi va jonkuyarlik bilan olib
borayotgan qat’iy harakatlari bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, Prezidentimiz
rahbarligida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish,
kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli dasturlarning ishlab
chiqilishi va amalga oshirilishi, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson
huquqlarini ta’minlash borasidagi konstitutsiyaviy islohotlar, gender tenglikni
ta’minlash va xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilgan
chora-tadbirlar, yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi va o‘z salohiyatini namoyon
qilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar O‘zbekistonning ijtimoiy taraqqiyot
va adolat yo‘lidagi qat’iy qadamlarining yorqin misollaridir.
Misol uchun, joriy yilda
102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi. Natijada nogironligi bor
bolalar uchun muntazam parvarishlash xizmati yo‘lga qo‘yilib, 700 nafar
ota-onaning ishlashiga sharoit yaratildi. Harakatlana olmaydigan 4 ming
nafar yolg‘iz keksaga o‘z uylarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Mahallalarda 95 ming muhtoj odamga ijtimoiy xodimlar orqali yordam berildi. 51
ming odamga nogironlik belgilandi va imkoniyati cheklangan 5 ming bola
bog‘cha-maktabga joylashdi. Shuningdek, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam
ko‘rsatildi. Demakki, mamlakatning har bir fuqarosi e’tiborda ekani ijtimoiy
tenglik va ijtimoiy adolat prinsipini amalga oshirayotgan davlatimiz rahbari
islohotlarida o‘z hayotiy tasdig‘ini topmoqda.
Quvonarlisi, yaqin yillarda
xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularning
qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosatida yetakchi masalaga aylandi. 2017
yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa,
hozir bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil
etmoqda.
O‘tgan yili Olimpiya va
Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi ayol
sportchilardan 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qo‘lga
kiritgani millat tarixida ilk natija sifatida muhrlandi.
Yangilangan Konstitutsiyamizdagi
ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar tubdan
yangicha tashkil etilmoqda. Bu borada har bir mahallada xotin-qizlarning holati
o‘rganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 1 million nafar xotin-qiz
“Ayollar daftari”ga kiritildi.
Birgina ta’lim tizimi misolida
qayd etadigan bo‘lsak, yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan
ortig‘ini bugun xotin-qizlar tashkil etmoqda. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada
o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt
puli to‘lab berildi. Hozirgi vaqtda 6 ming
200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy
ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda
ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga
xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha katta
dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida bu sohaga 17 trillion so‘m
kredit ajratildi. Natijada ayol tadbirkorlarimiz o‘tgan yili 81 trillion
so‘mlik mahsulot yaratib, 450 million dollarlik eksportni amalga oshirdi.
Bu kabi odamlarni rozi qilish,
xalq hayotini o‘zgartirish, millatimiz turmush darajasini yanada farovonlashtirish
borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar salmoqli tarzda davom
etmoqda.
Endilikda assambleya
doirasida xalqaro ekspertlar va parlament a’zolarining fikr-mulohazalari,
tavsiyalari mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish,
kambag‘allikni qisqartirish, inson huquqlarini ta’minlash hamda qonun
ustuvorligini mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oyalar va yondashuvlarni
shakllantirishga yordam beradi. Aynan shu mavzuda bo‘lib o‘tadigan assambleya
yig‘ilishining O‘zbekistonda bo‘lishi ham o‘z ramziy ma’nosiga ega. Dunyoning
yetakchi parlamentlari vakillarining Toshkentga tashrifi mamlakat haqidagi
tasavvurlarni yana boyitishga xizmat qiladi. O‘zbekiston nafaqat tarixiy va
madaniy merosga ega mamlakat sifatida, balki xalqaro siyosatda faol ishtirok
etuvchi, muhim tashabbuslarni ilgari suruvchi davlat sifatida ham keng
taniladi. Assambleya asnosida turli davlatlar parlamentlari vakillari o‘rtasida
o‘zaro muloqot va tajriba almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu esa
ko‘p tomonlama parlamentlararo aloqalarning rivojlanishiga olib keladi.
Tadbir o‘z navbatida
O‘zbekiston parlamenti faoliyatining xalqaro standartlarga moslashishiga,
qonunchilik jarayonlarida shaffoflik va jamoatchilik nazoratining kuchayishiga
muhim turtki beradi. Shuningdek, assambleya doirasida yoshlar parlamentlari,
ayol deputatlar va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki ijtimoiy
tenglik va inklyuziv siyosatning amaliy ifodasi bo‘ladi.
Shuningdek, tadbirning yana bir
manfaatli jihati, mamlakatning turistik jozibadorligini oshiradi. Minglab
xorijiy delegatlarning tashrifi mehmonxonalar, transport va boshqa xizmat
ko‘rsatish sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, biz tadbir arafasida
O‘zbekiston mintaqaviy parlamentlararo diplomatiyaning yangi markaziga
aylanishga shaylanmoqda, deya g‘ururlansak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Xulosa qilib aytganda, Yangi
O‘zbekiston hozirlanayotgan muhim tarixiy ahamiyatga ega tadbir –
Parlamentlararo Ittifoqning 150 yillik yubiley assambleyasi yurtimiz uchun
xalqaro siyosiy jarayonlarning faol va muhim ishtirokchisiga aylanish yo‘lida yangi
taraqqiyot bosqichi bo‘ladi.
Manzuraxon Salimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zA