Parlamentlararo Ittifoqning Toshkent
assambleyasida davlatimiz rahbari nutq so‘zladi. Ushbu nutqda parlamentlar
faoliyatini yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgan bir qator tashabbuslar
ilgari surildi.
Mazkur nutq mazmuni va ahamiyati yuzasidan Oliy
Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov o‘z
munosabatini bildirdi:
– Mazkur xalqaro tadbirda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev nutq co‘zlab, jahonda
tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar
ishtiroki va ta’sirini oshirish zamon talabi ekanligini alohida ta’kidladi
hamda yurtimizda parlamentarizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga
to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament
institutini rivojlantirish muhim vazifa sifatida alohida belgilangan. So‘nggi
yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini
oshirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonunlar qabul qilindi. Yangi
Konstitutsiyada parlament vakolatlari keskin oshirildi. Quyi palata mutlaq
vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari anjuman davomida dunyo
parlamenti hamjamiyati e’tiborini asosiy 6 ta masalaga qaratish bugungi kun
talabi ekanligini ta’kidladi.
Birinchidan, jahonning turli mintaqalaridagi nizolar
global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani,
O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va
tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekani, eng
og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan millatlar
tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topilishi muhimligi va
mazkur xalqaro tashkilotning olib borayotgan tizimli sa’y-harakatlarini to‘liq
qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Ikkinchidan, sayyoramiz taraqqiyotiga jiddiy to‘siq
bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi, uning
ayanchli oqibatlari, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarga kuchli ta’sir
ko‘rsatishi, Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida
o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarish muhim ekanligi, qayta
tiklanadigan energiya manbalari va “yashil” texnologiyalarga o‘tishni
rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylanishi kerakligi qayd
etildi.
Uchinchidan, xotin-qizlar huquqlarini qat’iy qaror
toptirish ijtimoiy taraqqiyotning asosiy sharti ekanligi va shu bois
O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilayotgan Birlashgan millatlar
tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy,
siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini
qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
To‘rtinchidan, yoshlarning parlament faoliyati bilan
bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli ishtirok etishi
uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish o‘ta dolzarbligi, shu bois
ham parlamentlar uchun yangi avlodni tarbiyalash, bu borada samarali xalqaro
hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi, bu borada Parlamentlararo Ittifoq tizimi
doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning
ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini bildirdi.
Beshinchidan,
har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, xalqaro
standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish har qachongidan ham
dolzarb ekanligi va shu yil sentyabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan
kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishida barcha
davlat parlamentlari vakillari taklif qilindi.
Oltinchidan, hozirgi kunda barcha jabhalarga keng
kirib kelayotgan sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish va
sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish
zarur ekanligi qayd etildi. Davlatimiz rahbarining nutqi va bildirgan
tashabbuslari Assambleyada ishtirok etayotgan jahon parlamentariylari tomonidan
keng qo‘llab-quvvatlandi.
Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson
ta’biri bilan aytganda, O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari
Parlamentlararo Ittifoqning doimiy e’tiborida bo‘ladi hamda mazkur
tashabbuslarning amalga oshirilishi, shubhasiz, parlamentlar hamjamiyati va
deputatlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 04 2025 / 14:47