Yurtimizda
katta faollik bilan o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning Assambleyasida 140 ga
yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod delegatlar qatnashayotgani uning jahon siyosatidagi
nufuzini ko‘rsatib turibdi.
Davlatimiz rahbarining ochilish marosimidagi nutqi ilg‘or demokratik
davlatlar parlamentlari vakillari, xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak e’tirof
etilmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va
siyosiy hayotida erishilgan ijobiy natijalar Assambleya shioriga aylangan
ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun xizmat qilmoqda.
Nutqda bugungi dunyoni tashvishga solayotgan o‘tkir muammolar, tahdidlar,
amaliy takliflar, hayotiy tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, davlatimiz
rahbari dunyo miqyosida tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni
ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi
talab etayotganiga barchaning e’tiborini qaratdi.
Insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmayotgani,
agarda bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575
million nafari qashshoqlikda umr kechirishi, 84 million bola esa ta’lim olish
imkoniyatidan mahrum bo‘lishi kabi masalalarni butun dunyo parlamentariylari
diqqatiga havola qildi. Yechim sifatida davlatlarning vakillik organlari
birlashgan holda harakat qilishi taklifi bildirildi.
Yurtimizda parlamentarizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga
to‘xtalib o‘tildi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning
jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni bir necha karra oshirildi. Prezidentning
qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hokimiyatga o‘tkazilganligi Konstitutsiya
darajasida mustahkamlab qo‘yildi.
Yana bir jihat, ayni kunda Qonunchilik palatasi Barqaror rivojlanish
maqsadlariga erishish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash,
kambag‘allikni qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi o‘ta dolzarb
masalalar yuzasidan tizimli faoliyatni amalga oshirib kelmoqda.
Qolaversa, milliy parlamentimiz dunyoga ham keng ochilmoqda. Jumladan, 80
ta qo‘shma do‘stlik guruhlari va komissiyalar faoliyati samarali yo‘lga
qo‘yilgan. Do‘stlik guruhlari tomonidan qonun ijodkorligi, hukumatlararo
imzolangan shartnomalarning ijrosi yuzasidan parlament nazoratini olib borish,
o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz dunyo parlamenti hamjamiyati e’tiborini bir qator muhim
masalalarga qaratdi. Jumladan, har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan
huquqlarini ta’minlash, xalqaro standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar
ko‘rsatish har qachongidan ham dolzarb ekanligi qayd etildi.
Biz bu fikrning qanchalik haqiqatligini yurtimizdagi, hududlar va
mahallalardagi islohotlarda ko‘rib turibmiz. O‘zbekiston ijtimoiy davlat
ekanligi Konstitutsiyamizda mustahkamlandi, aholining har tomonlama himoyasini
ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Bu
borada kompleks ijtimoiy himoyani amalga oshirish maqsadida alohida
institutsional organ Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzildi. Ijtimoiy
himoyaga muhtoj bo‘lgan har bir oila, individual shaxs manzilli
qo‘llab-quvvatlanmoqda. Birgina 2024 yilda aholini ijtimoiy himoya qilish,
nogironlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan 10 dan ziyod
qonun qabul qilindi.
Kambag‘allikka qarshi keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Natijada oxirgi sakkiz yilda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 8,9 foizga
tushirildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilayotgan
bo‘lib, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirish marrasi
olingan.
E’tiborimni tortgan jihat, anjumanda O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi
kurashish bo‘yicha erishilgan natijalari va tajribasi ishtirokchilar tomonidan
olqishlandi.
Hozirgi kunda barcha jabhalarga keng kirib kelayotgan sun’iy intellekt
sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish hamda sun’iy intellektdan foydalanish
etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish taklifi ham butun dunyo qonun
ijodkorlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbarining nutqida bildirilgan taklif va tashabbuslar
Parlamentlararo Ittifoqning doimiy e’tibori hamda kun tartibida bo‘lishini
Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson ham alohida ta’kidladi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
09 04 2025 / 15:33