“ItecaExhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi
hamda “ICA Eurasia Group” hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda 30
mamlakatdan 400 dan ortiq kompaniya tomonidan oziq-ovqat va qayta ishlash
sanoati, qadoqlash va saqlash uchun eng yangi uskunalar va texnologiyalar,
oziq-ovqat va ichimliklarning keng assortimenti taqdim etilmoqda.
Ushbu ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad
yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat dasturlari ijrosini ta’minlashdir.
Ya’ni, bu aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, zamonaviy
texnologiyalardan keng foydalangan holda ishlab chiqarishni rivojlantirish va
eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq.
“O‘zekspomarkaz”ning barcha ko‘rgazma
maydonlarida namoyish taqdimotlarini o‘tkazish mahalliy ishlab chiqaruvchilar
uchun yangi hamkorlar topish, innovatsiyalarni joriy etish va eksport
imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Unda zamonaviy
uskunalar, qadoqlash, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari
tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Toshkentdagi “Golden
pages” kompaniyasining vakili Abdulaziz Mamasoliyevning ta’kidlashicha, mazkur
korxona mamlakatimizda tashkil etiladigan barcha ko‘rgazmaning ishtirokchisi
hisoblanadi.
– “Golden pages”
kompaniyasining biznes ma’lumotnomasi tadbirkorlarga tovar va xizmatlar
bozorida samarali harakatlanish, shuningdek, o‘z tijorat takliflarini mahalliy
va xorijiy kompaniyalarga taqdim etish imkonini yaratadi. Loyiha
doirasida biznes sohasini kengaytirish maqsadida kompaniya xorijiy
davlatlarning axborot tizimlari bilan ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘ygan.
Mahsulotlar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni chet el tadbirkorlariga
taqdim etish orqali mahalliy korxonalarning bozordagi mavqeini mustahkamlash,
investor va hamkorlarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi. Ma’lumotlar
bazamizda 34 mingdan ziyod O‘zbekiston kompaniyasi haqida axborotlar jamlangan.
Har yili biz "Ma’lumotnoma" kitobini chop ettirib, ishlab
chiqaruvchilarga tarqatamiz, – dedi A. Mamasoliyev.
Turkiyaning
"Düzdaş" kompaniyasi mahsulotlari ham ushbu ko‘rgazmada namoyish
etilmoqda. Mazkur korxona texnologi Muhammed Ali O‘zbekiston ota
yurti ekani va uning iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shish maqsadida mazkur
tadbirda ishtirok etayotganini ta’kidladi.
– Ochig‘ini
aytganda, bunday tadbirlar ishlab chiqaruvchilarni muloqotga va hamkorlikka
chorlaydi. Kompaniyamiz 2005 yilda tashkil etilgan. U asosan
oziq-ovqat va sanoat uskunalarini, jumladan, sut mahsulotlarini qayta ishlash
uchun uskunalar ishlab chiqaradi, "Düzdaş" texnologiyalarining 45
foizdan ziyodi xorijga eksport qilinadi. Kompaniyamiz mahsulotlari yuqori sifati va innovatsion
yechimlari bilan dunyoga tanilgan. "Düzdaş"ning ishlab chiqarish va
mahsulotlar ko‘rsatkichlari xalqaro miqyosda keng tarqalgan, – dedi u.
Ko‘rgazma ertaga o‘z
ishini davom ettiradi.
Nasiba
Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 04 2025 / 16:14