Shavkat Mirziyoyev 10-aprel
kuni Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi
Toni Blerni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning ushbu tuzilma bilan amaliy
hamkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Toni Bler Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga
oshirilayotgan islohotlarning borishi va ko‘lamini yuksak baholadi, ularni
yanada ilgari surish doirasida zarur ekspert-maslahat ko‘magini ko‘rsatishga
tayyorligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot tarmoqlariga yirik strategik
investorlarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya, raqamlashtirish
va sun’iy intellektni joriy etishni jadallashtirish, ustuvor sohalarda
qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar
hamkorlikning boshqa asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri
Toni Bler tomonidan 2016-yilda tashkil etilgan institut xalqaro notijorat
tashkilot hisoblanadi. U turli mamlakatlarga barqaror va innovatsion
rivojlanishning yangi modellarini ishlab chiqishda, iqlim o‘zgarishi
va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda ko‘maklashadi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
10 04 2025 / 15:45