Assalomu
alaykum, qadrli vatandoshlar, muhtaram Andijon ahli!
Avvalo,
siz, azizlar bilan yurtimizda ko‘klam nafasi kezib yurgan mana shunday fayzli
kunlarda diydor ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman. Barchangizga o‘zimning
yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.
Hammangizga
ma’lumki, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini
ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – Yangi O‘zbekistonda
olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir.
Bugun
jonajon Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘
va ezgu maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta barchamiz
cheksiz quvonamiz. Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida
ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq
xo‘jaligi, bog‘u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi
uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘plab tahsinga
loyiq ishlar qilinmoqda.
Qani
endi, imkoni bo‘lsa-yu, bu so‘lim diyorga tez-tez kelib, siz, azizlar bilan
chin dildan miriqib suhbatlashsam. Chunki, sir emas, men doimo sizlar kabi mard
va tanti, qalbi – Ollohda, qo‘li – ishda bo‘lgan insonlar bilan uchrashib,
muloqot qilib, o‘zim uchun beqiyos ma’naviy kuch olaman, ruhlanaman.
Ishonch
bilan aytish mumkinki, Andijon zaminida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangi
O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda,
xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda.
Bu –
islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim
natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Qadrli
do‘stlar!
Faxr
bilan ayta olamizki, Andijon butun mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasining
zamonaviy, yirik shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bu ko‘hna zamindan
ko‘plab olim va mutafakkirlar, mashhur shoir va adiblar, davlat va jamoat arboblari,
madaniyat va san’at namoyandalari yetishib chiqqan.
Andijon –
buyuk mutafakkir, bunyodkor shoh Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz tavallud
topgan tabarruk diyor ekani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Bugungi
kunda Andijonda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu
yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday ulkan imkoniyatlarimizni ishga
solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida sizlar bilan bundan ikki yil
avval Yangi Andijon shahri va “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish haqida
kelishib olgan edik.
O‘tgan
davr mobaynida ushbu ulkan loyihani amalga oshirish borasida katta ishlar
bajarilganiga barchangiz guvohsiz. Nafaqat guvohsiz, ayni paytda ularda
bevosita ishtirok etmoqdasiz. Qisqa vaqt ichida havas qilsa arziydigan mana shu
go‘zal shaharcha bilan birga “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham qad ko‘tardi.
Siz,
azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ana shu buyuk mehnat g‘alabasi bilan
samimiy tabriklayman. Bunday fayzli, muazzam maskan barchamizga, avvalo, mehnatkash
va olijanob Andijon ahliga muborak bo‘lsin, buyursin!
Xalqimizning
bunyodkorlik an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, fidoyilik va
tashabbuskorlik fazilatlarini amaliy ishlari bilan namoyon etayotgan Andijon
ahliga, bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga chin yurakdan tashakkur
bildiraman.
Shu
o‘rinda ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan bir tashabbusni sizlar bilan maslahat
qilmoqchiman.
O‘zining
betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga
tarannum etgan buyuk ajdodimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini
abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga – Bobur shahri deb nom
bersak, nima deysizlar?
Qo‘llab-quvvatlaganingiz
uchun rahmat. Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning
ko‘nglidagi ish bo‘ladi.
Nega
deganda, hazrati Bobur – jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir,
ulug‘ zotki, uning sharafiga nafaqat ko‘cha va maydonlar, bog‘u rog‘lar, balki
alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.
Nega
deganda, Bobur Mirzo – Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan,
madaniyat, san’at va adabiyot, iste’dod homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir.
Uning
yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat o‘rnatish uchun olib borgan
kurashlari, bu yo‘lda ko‘rsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va
vatanparvarlik maktabidir.
Hech
shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi bo‘lgan bu mumtoz ajdodimizning
birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday go‘zal
shaharchani bunyod etsak, arziydi.
Chunki,
takror aytishga to‘g‘ri keladi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olamga mashhur
ajdodlarimiz borligini, ular O‘zbekiston farzandi ekanini hech qachon
unutmasligimiz kerak.
O‘zligimizni
anglab, shonli tariximizni yosh avlodimizga, bolalarimizga tushuntirsak,
ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, ulug‘ bobolarimizga munosib bo‘lib yashasak,
Yangi O‘zbekistonni ham, Uchinchi Renessansni ham albatta quramiz!
Marra
albatta bizniki bo‘ladi.
Aziz
do‘stlar!
Zahiriddin
Muhammad Bobur bobomiz bor-yo‘g‘i 47 yil umr kechirdi. Shu qisqa vaqt davomida
u inson aqli bovar etmaydigan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgani, qanday
me’moriy obidalar, bog‘u rog‘lar barpo etib, o‘zidan o‘chmas nom qoldirib
ketgani ham barchamiz uchun yuksak o‘rnak namunasidir.
Shu
ma’noda, hazrati Boburning shonu shuhrati va qadr-qimmatini joyiga qo‘yish,
uning bebaho merosini xalqimizga yanada kengroq tanishtirish, butun dunyoga
targ‘ib etish hurmatli olim va adiblarimizning, hammamizning muhim burchimiz
hisoblanadi.
Viloyat
ziyolilari, bilimdon yoshlarimiz, butun Andijon ahli bu borada yanada faollik
ko‘rsatadilar, deb ishonaman.
Nega
deganda, andijonliklar o‘zining bu ulug‘ farzandi xotirasini o‘sha og‘ir,
mustabid tuzum davrlarida ham qalbida, xotirasida e’zozlab-ardoqlab kelganini
yaxshi bilamiz. Davlatimizning yaqin yordami bilan hurmatli oqsoqolimiz
Zokirjon aka Mashrabov kabi o‘nlab ma’rifatparvar insonlar, Bobur xalqaro fondi
va ilmiy ekspeditsiyasi qanday katta ishlarni amalga oshirib kelayotganini
yuksak qadrlaymiz.
Bu borada
bir masalaga alohida e’tibor qaratishimiz zarur: Bobur Mirzoning bebaho merosi
– bu bir ummon. Ummonning esa hech qachon tubiga yetib bo‘lmaydi.
Shuning
uchun mamlakatimizda, viloyatda boburshunoslik sohasida olib borilayotgan
ishlar to‘xtab qolmasligi, aksincha, yangi avlod, azmu shijoatli yoshlarimiz
tomonidan davom ettirilishi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishi lozim. Bu
ishda men sizlarga har tomonlama yordam berishga doimo tayyorman.
Aziz
do‘stlar!
Mamlakatimizda
amalga oshirayotgan barcha o‘zgarish va islohotlarimiz Bobur Mirzo kabi ulug‘
ajdodlarimizning orzu va maqsadlari, hayotiy ideallari, amalga oshirgan
ulug‘vor ishlariga hamohang, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Bugun
sizlar bilan birgalikda Bobur bobomiz tug‘ilib o‘sgan tabarruk zaminda ul
zotning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy
voqeaning ishtirokchisi bo‘lmoqdamiz, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Bobur
shahrini barchamiz orzu qilayotgan eng go‘zal, eng zamonaviy shaharga
aylantirish bugundan boshlab real vazifa qilib kun tartibiga qo‘yiladi. Bu
shahardan haqiqiy boburiylar yetishib chiqishi uchun bobomiz nomi bilan
ataladigan ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, kutubxona va IT
parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Uning tarkibida eng yuqori
talablarga javob beradigan sport kompleksi ham quriladi.
Bir so‘z
bilan aytganda, barchamiz birlashib, Bobur shahrini milliy qadriyatlarimizni
o‘zida mujassam etadigan ma’naviy maskanga, ta’lim va ilm-fan shahriga,
yoshlarimiz uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, nafaqat vodiy, balki
mamlakatimizning turizm va madaniyat markaziga, “yashil infratuzilma” asosida
qurilgan zamonaviy “smart-siti”, ya’ni, aqlli shaharga aylantiramiz.
Bu
shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi qo‘yilgan azim
shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik
bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi.
Mana shu
bog‘ hududining eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning
yangi, muhtasham haykalini ham o‘rnatamiz.
Bobur
shahri milliy madaniyat va san’atimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik
va hamkorlikni aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgu bo‘lishi zarur.
Ushbu
ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun katta dastur qabul qilamiz,
250 million dollarlik dastlabki kapitalga ega bo‘lgan alohida jamg‘arma
tashkil qilinadi.
Bugungi
tadbirda Bosh vazir o‘rinbosarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari
ham ishtirok etyapti. Ularga alohida topshiriq: ushbu megaloyiha bir oydan
kechikmay boshlanishi shart.
Aziz
vatandoshlar!
Hurmatli
Andijon ahli!
Mana shu
zamonaviy amfiteatr sahnasida, mana shu go‘zal bog‘da xalqimizning nodir
san’ati doimo namoyish etilib, ulug‘ shoirlarimiz she’rlari yangrab tursa, ayni
muddao bo‘ladi.
Bu oqshom
ushbu yangi madaniyat maskanida atoqli san’atkorlar va iste’dodli yosh
ijrochilar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturi shu yo‘lda ezgu
an’anani boshlab beradi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Fursatdan
foydalanib, yurtimizdagi barcha madaniyat va san’at sohasi xodimlarini bugungi
kasb bayrami bilan butun xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy
tabriklayman.
Ishonchim
komil, noyob qiyofasi, yashil olami, zamonaviy dam olish infratuzilmasi bilan
yangi shahar hayotida alohida o‘rin egallaydigan ushbu muazzam bog‘ Andijon
ahli uchun, barcha vatandoshlarimiz, farzandlarimiz uchun eng sevimli va
qutlug‘ maskanga aylanadi.
Barchamiz
yaxshi bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qaysi yerida, qaysi
o‘lkasida bo‘lmasin, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashadi. Bugun buyuk
ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam,
o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.
Mana
shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin!
Sizlarga,
sizlarning timsolingizda Andijon ahliga tinchlik-omonlik, mustahkam sog‘liq,
yangi yutuq va omadlar tilayman.
Уз.А
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 04 2025 / 14:40