O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish tizimi
joriy etiladi. Qonun bilan sug‘urtalash jarayoni ishtirokchilarining huquq
va majburiyatlari hamda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasini tashkil
etish belgilandi.
14-aprelda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish
to‘g‘risida”gi qonun [O‘RQ-1056-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya
vazirligi xabar qildi.
Qonun qishloq xo‘jaligi
tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qishloq xo‘jaligi
mahsulotini ishlab chiqaruvchilar qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab
chiqarishda quyidagi bir yoki bir necha tavakkalchiliklar bo‘yicha qishloq
xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomalarini tuzadi:
·
tabiiy va texnogen ofatlar;
·
yong‘in;
·
o‘simliklarning
zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
·
qishloq xo‘jaligi
hayvonlarining yuqumli kasalliklari tarqalishi va zaharlanishi;
·
yovvoyi hayvonlar
tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xo‘jaligi hayvonlariga
zarar yetkazilishi;
·
uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari.
·
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu sohada muvofiqlashtiruvchi davlat organi
hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi
sug‘urtasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sug‘urta mukofotlarining bir
qismini hamda yetkazilgan zararning sug‘urta mukofotlari va qayta sug‘urta
qilish mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinmagan qismini qoplash uchun
budjet subsidiyalari ajratish orqali amalga oshiriladi.
Hukumat tomonidan
qishloq xo‘jaligi sug‘urtalovchisi sifatida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi
jamg‘armasi tashkil etiladi.
Qonun rasmiy e’lon
qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz,
O‘zbekistonda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish
to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida 25-noyabr kuni
prezidentga taqdim qilingan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va
g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ma’lum qilingandi.
Davlat rahbari matbuot
xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming
gektar uzumzorni sovuq urgan. Oqibatda 207 ming
tonna hosil nobud bo‘lgan.
Prezident avvalroq bunday ob-havo sharoitlarida
dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan. Shunga muvofiq,
xorijiy mutaxassislar bilan birga “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini
sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Uning qabul
qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini ta’minlaydi,
deyilgandi o‘sha xabarda.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek
Haydarov qishloq xo‘jaligida yuqori xavf tufayli an’anaviy sug‘urta tizimi
ishlamayotganini ta’kidlagandi.
“Juda ko‘p xorijiy davlatlar qishloq
xo‘jaligi sug‘urtasini alohida qonun bilan tartibga soladi
va u davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Shu nuqtai nazardan,
yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda biz Ispaniya, Turkiya, Ozarbayjon,
AQSh, Kanada kabi mamlakatlar tajribasini o‘rgandik”, — degandi Ahadbek
Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan
ko‘rib chiqib, qabul qilingan majlisda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov jamg‘arma 37
ta sug‘urta kompaniyasi bilan ishlashini, bunda tovon pullari jamg‘armadan
qoplab berilishini, agar idorada pul yetishmasa, zarar davlat budjeti hisobidan
qoplanishini aytgandi.
“Loyihada 2 yil ichida
jamg‘arma pullarini ham xalqaro sug‘urta tashkilotlari orqali qayta
sug‘urtalash masalalari ko‘rib chiqilmoqda”, — deya ta’kidlagandi vazir.
Xalq demokratik partiyasi a’zosi Anvarxon Temirov
vazirning ma’ruzasidan so‘ng unga bir qancha savollar bergan. Deputat, jumladan,
sug‘urta majburiy tartibda amalga oshirilishi yoki yo‘qligi haqida savol
bergan. Shuningdek, u mablag‘lar budjetdan qoplangan taqdirda
korrupsiyaviy holatlarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilganini
so‘ragan.
“Tizim ishga tushirilishidan oldin turli risklar
chuqur o‘rganib chiqilishi kerak. Biz bu borada birinchi katta qadamni
tashlaganmiz, ya’ni tizim raqamlashtirilgan. Platforma aloqador vazirliklar
bilan ham integratsiya qilinadi. Ikkinchidan, jamg‘armada zararni o‘rganish
uchun mustaqil ekspertlar jamoasi faoliyat yuritadi”, — deya javob
bergandi vazir bu savollarga.
газета.уз dan
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 04 2025 / 14:47