Joriy yilning 5 mart
kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning
kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar
ijrosini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha
yangi tizimni joriy etib, ushbu masalaga jamoatchilik, parlament va fuqarolik
jamiyati institutlarini keng safarbar etish maqsadida qaror qilaman:
1. Korrupsiyaga
qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025 yil 5 martda o‘tkazilgan
kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash
bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy
hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi 1 va 2-ilovalarga muvofiq
tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar
rahbarlariga mazkur Farmon va uning ilovalarida belgilangan vazifalarni
sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik
yuklansin.
2. Korrupsiyaga qarshi
kurashish bo‘yicha milliy kengash har yili hududlar kesimida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent
shahar hokimlari, prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari bilan
birgalikda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan,
maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda
bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”sini tasdiqlab, ijrosi
ustidan nazoratni ta’minlasin.
3. Korrupsiya
va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish
maqsadida Oliy Majlis palatalariga quyidagilar tavsiya etilsin:
a) har yili byudjetdan
eng ko‘p mablag‘ oladigan uchtavazirlik
va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni
bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish;
b) vazir va
hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va
xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha
aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun
hujjatlarida belgilash;
v) xalqaro
tajribani o‘rganib, kibermakonda
korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam
huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
g) mas’ul
idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzgan holda “jinoyatchilikka qarshi kurashish
haftaligi” davomida har oyning 1-5 sanalarida reja
asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, jinoyatlarningkelib chiqish
sabablarini chuqur tahlil qilish, tuman (shahar),
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari va
ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha
tavsiyalar berish hamda tuman (shahar) va mahallalarda ilgari surilgan xalqchil
tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab
chiqish.
4. Hududlarni
kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati
quyidagicha yangi
tartib asosida yo‘lga qo‘yilsin:
a) prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari
sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi;
b) sektorlar
ishiga Bosh vazir
o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda
uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Vazirlar
Mahkamasi ikki oy muddatda sektorlarning yangi tartib
asosida faoliyat yuritishi bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
5. Iqtisodiyotda korrupsiyaviy
omillarning oldini olish maqsadida belgilansinki:
a) davlat
xaridlarida sotib olinadigan tovar
va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi
tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda
xaridlarni amalga oshirgan mansabdor
shaxslar javobgarlikka tortiladi;
b) 2025 yilning 1 iyulidan yirik
investitsiya loyihalarida korrupsiyaga
qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion
shartlarini raqobatbardoshlik
ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
v) “Shaffof qurilish” milliy axborot
tizimi (keyingi o‘rinlarda – “Shaffof qurilish” tizimi) qamrovi yanada
oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro
tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.
6. Mazkur
Farmonning 5-bandida belgilangan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish
maqsadida:
a) Iqtisodiyot
va moliya vazirligi ikki
oy muddatda:
1) davlat
xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi bo‘yicha belgilangan
talablarni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini
ishlab chiqib, kiritsin;
2) Hisob
palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish
departamenti bilan birgalikda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar
hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirsin;
3) Hisob
palatasi bilan birgalikda davlat
buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid
qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlarini kamida ikki karra
qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
qarori loyihasini kiritsin;
b) Investitsiyalar,
sanoat va savdo vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar
huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
bilan birgalikda uch
oy muddatda yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga
qarshi xalqaro standartlar asosida baholash hamda yirik auksion
shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartib-taomillarini
belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) 2025 yil yakuniga qadar
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi
xalqaro moliya tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro tender ob’ektlari bo‘yicha
subpudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimi orqalijalb
qilish, qiymati 2
million AQSH dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya
tashkilotlar hisobidan
moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlarni “Shaffof qurilish” tizimida
o‘tkazish hamda xalqaro
tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat
tashkilotlari shartnoma
qiymatining kamida
60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibini joriy etish
choralarini ko‘rsin;
g) Qurilish va
uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Shaffof
qurilish” tizimini xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy
etish uchun ushbu
tizimda tegishli imkoniyatlarni yaratsin.
7. Vazirlar Mahkamasi 2026 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy
hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat
xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizimni joriy
etsin.
Bunda aholi tomonidan
“qoniqarsiz” deb
baholangan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik,
idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilansin.
8. Adliya
vazirligi:
a) bir oy muddatda Raqamli
texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda sun’iy intellekt asosida aholining kundalik
hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda
javob olish imkoniyatini beradigan onlayn
плaтформaни
ishga tushirsin;
b) Raqamli
texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan
ko‘rsatiladigan barcha
davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan yangi
tizimni joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin
va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) uch oy muddatda Advokatlar
palatasi bilan birgalikda fuqarolarga sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga
to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun
loyihasini Vazirlar
Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur
Farmonda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini
ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov
hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari D.B.Kadirov
va R.Q.Davletovlar zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasi
Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2025 yil 21 aprel
Уз.А
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
22 04 2025 / 12:04