2025
yil 5 mart kuni Korrupsiyaga
qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida davlat
organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat
bo‘linmalari ishini yangicha tizim asosida tashkil etish yuzasidan belgilangan asosiy vazifalarni samarali amalga oshirish,
shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida “halollik vaksinasi” tamoyili asosida
korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor
vazifalar
1. Davlat
organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi
50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi (keyingi
o‘rinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi
ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor
vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
a) korrupsiya
holatlarini barvaqt
aniqlash va ularning
oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni
bartaraf etish;
b) davlat xizmatlarini ko‘rsatishda
korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish,
shu jumladan, raqamlashtirish,
byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab
chiqish;
v) idoraviy
normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga
qarshi ekspertizadan o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha
aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritish;
g) davlat xaridlarini amalga
oshirishda manfaatlar
to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, davlat
xaridlari bo‘yicha preventiv o‘rganishlarni amalga oshirish;
d) korrupsiyaga
qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muntazam
ravishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi
o‘rinlarda – Agentlik) elektron
hisobot taqdim etib borish;
ye) tegishli
soha va tarmoqda korrupsiyaviy
xavf-xatarlar ro‘yxatini shakllantirish,
ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqib,
tasdiqlanishini ta’minlash;
j) davlat
organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni amalga
oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash imkonini beruvchi situatsion markazlar faoliyatini
yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritish;
z) mehnat jamoasida
korrupsiyaga nisbatan murosasiz
munosabatni shakllantirish, manfaatlar
to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga rioya qilish bo‘yicha
targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish;
i) korrupsiyaga
qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy
tajribalarni ommalashtirish va joriy etish yuzasidan
takliflar kiritish.
II. Korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar
2. Belgilansinki:
a) korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga, ustav fondida
(ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik
jamiyatlarida esa kuzatuv
kengashiga (kuzatuv kengashi mavjud bo‘lmagan hollarda
korxona rahbariga) bo‘ysunadi
va uning oldida hisobdor bo‘ladi;
b) davlat
organlari va tashkilotlari hududiy bo‘linmalari va tarkibiy tashkilotlarining
korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va
xodimlari respublika
darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi
rahbarlari tomonidan tayinlanadi hamda faoliyati ular
tomonidan muvofiqlashtiriladi;
v) korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish
to‘g‘risidagi Agentlikning taqdimnomalari ular faoliyat olib borayotgan
tashkilotlar tomonidan ko‘rib
chiqilishi majburiy hisoblanadi.
3. Davlat
organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50
foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari 1-ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik Hisob
palatasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda boshqa mas’ul vazirlik
va idoralar bilan birgalikda har yili davlat organlari va tashkilotlarida
mazkur minimal mezonlarga asosan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari
tashkil etilishini monitoring qilib, natijalari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi
kurashish bo‘yicha milliy kengashga axborot kiritib borsin.
III. Korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment
4. 2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida quyidagilarni
nazarda tutuvchi tizim joriy etilsin:
a) Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish
va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi,
“O‘zbekneftgaz” AJ hamda “O‘zsuvta’minot” AJning (keyingi
o‘rinlarda – eksperiment o‘tkaziladigan
tashkilotlar) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari
lavozimiga Agentlik xodimlari tayinlanadi;
b) eksperiment o‘tkaziladigan
tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari
rahbarlari bevosita Agentlikka bo‘ysunadi;
v) eksperiment
o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va
monitoring qilish Agentlik hamda eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar
tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
5. Huquqiy eksperiment doirasida
belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash maqsadida:
a) eksperiment
o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari
rahbarlari shtat birliklari huquqiy eksperiment davrida Agentlikka o‘tkaziladi;
b) mazkur shtat
birliklari uchun Agentlikning bo‘lim boshlig‘iga belgilangan mehnatga haq
to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari
qo‘llanadi. Bunda ushbu lavozim uchun mehnatga haq to‘lash xarajatlari,
shuningdek, Agentlikda va eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarda ushbu
lavozim uchun to‘lanadigan ish haqi o‘rtasidagi tafovut:
1) Sog‘liqni
saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Suv
xo‘jaligi vazirliklarida faoliyat yurituvchi Agentlik xodimlari uchun – Davlat
byudjeti mablag‘lari hisobidan;
2) “O‘zbekneftgaz”
AJ va “O‘zsuvta’minot” AJda faoliyat yurituvchi Agentlik xodimlari uchun –
Agentlikning byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga aksiyadorlik
jamiyatlari tomonidan o‘tkazib beriladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.
6. Agentlik
(A. Burxanov) eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda eksperiment
o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmasi xodimlari faoliyatining huquqiy eksperiment
davomidagi eng
muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) belgilasin;
b) huquqiy eksperimentning
amalga oshirilishi haqida har
yarim yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy
kengashga axborot kiritib borsin;
v) ikki oy muddatda huquqiy eksperimentni
amalga oshirish jarayonini tartibga solish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilsin;
g) huquqiy
eksperimentning natijalarini tahlil qilish asosida 2027 yil 1 yanvarga qadar ushbu tizimni
boshqa davlat organlari va tashkilotlariga ham tatbiq etish yuzasidan
asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
IV. Korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari malakasini oshirish va ular
faoliyatining samaradorligini baholash
7. Agentlik
davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy ta’minlash,
ularning xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan o‘tkazish hamda malakasini
oshirish bo‘yicha maxsus
vakolatli organ etib belgilansin.
8. Davlat organlari
va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ilk marta lavozimga tayinlangan mas’ul
xodimlari quyidagi tartibda ikki
haftalik stajirovkadan o‘tishi belgilansin:
a) davlat
organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmalarining rahbarlari va xodimlari – Agentlikda;
b) hududiy
bo‘linma va tarkibiy tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul
xodimlari – davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmalarida.
9. Agentlik:
a) davlat organlari
va tashkilotlari bilan birgalikda ularning korrupsiyaga qarshi ichki
nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari uchun har yili korrupsiyaga
qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish
kurslarini hamda ularning qonunchilikda belgilangan tartibda har uch yilda attestatsiyadan
o‘tkazilishini tashkil etib borsin;
b) uch oy muddatda quyidagilarni
nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan
tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
1) Davlat
organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari
to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash;
2) korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarini lavozimga
tayinlash va ozod etishni Agentlik bilan kelishish tartibini belgilash;
3) korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari faoliyatining eng muhim samaradorlik
ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlash va baholash tartibini
belgilash;
4) korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarining malakasini oshirish,
ularni stajirovka
va attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilash;
v) uch oy muddatda korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarining kasbiy standartlari ishlab
chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin;
g) 2025 yil 1 iyulga qadar “E-anticor.uz” elektron platformasida korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish,
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan ishlar haqidagi hisobotni elektron shaklda taqdim
etish, anonim
so‘rovnomalar o‘tkazib, natijalarini jamoatchilikka e’lon
qilish imkonini beruvchi elektron
modulni ishga tushirsin;
d) korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari faoliyatini eng muhim samaradorlik
ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash natijalari bo‘yicha har yarim yilda Korrupsiyaga
qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashga axborot kiritib borsin.
V. Moliyaviy
resurslar
10. “E-anticor.uz”
elektron platformasini funksional kengaytirishga qaratilgan modulni yaratish
bilan bog‘liq xarajatlar Agentlikning byudjetdan tashqari
mablag‘lari, xalqaro va milliy donorlar tomonidan ajratilgan mablag‘lar va
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan
moliyalashtirilishi belgilansin.
VI. Qaror
ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
11. Agentlik O‘zbekiston
Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsad,
vazifalari, undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalarida va
Internet tarmog‘ida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
12. O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va
qo‘shimchalar kiritilsin.
13. Agentlik
(A.Burxanov) ikki
oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan
o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar
kiritsin.
14. Mazkur
qarorda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini
ta’minlash, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va
nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov
hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi
D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasi
Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2025 yil 21 aprel
Уз.А