Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI ISHLAB CHIQARISH, EKSPORT VA TADBIRKORLIK FAOLIYATINI RAG‘BATLANTIRISH, SAVDO VA SANOAT SIYOSATI SAMARADORLIGINI OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA



Ulashing :


Jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qaror qilaman:

I. Asosiy maqsad

1. Belgilansinki, ushbu Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad ishlab chiqarish, milliy mahsulotlar eksporti, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 2025-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hisoblanadi.

II. Ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish

2. Belgilansinki:

(a) olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi 1994-yildagi Tariflar va savdo bo‘yicha General kelishuv (GATT) va 1994-yildagi mazkur kelishuvning VII-moddasini qo‘llash to‘g‘risidagi Kelishuvda belgilangan umumiy tamoyil va qoidalarga to‘liq muvofiq keltiriladi;

(b) tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda imtiyozlar yoki maxsus bojxona rasmiylashtiruvi tartiblari, jumladan, muayyan aniqlash usullarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;

(v) bojsiz olib kirish me’yorlari va bojxona rasmiylashtiruvi shartlari jahon standartlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish choralari bo‘yicha qaror qabul qilsin.

III. Sertifikatsiya va texnik nazorat sohasidagi islohotlar

4. Belgilansinki:

(a) xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, ularga muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi;

(b) 2025-yil 1-maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi hamda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.

(i) Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 1-avgustga qadar majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxatini tubdan qisqartirish va mahsulotlar muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyotini keng qo‘llash choralarini ko‘rsin.

5. Muvofiqlikni baholash va nazorat organlari funksiyalari quyidagicha qayta taqsimlansin:

(a) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati bo‘yicha vakolatli organ vazifalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

(i) 2025-yil 1-avgustdan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;

(ii) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi 2025-yil 1-avgustga qadar Kodeks Alimentarius standartlari asosida eng ustuvor oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini tasdiqlasin;

(iii) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari daxldor vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi;

(b) ilovaga muvofiq ayrim tovarlar sanitariya-epidemiologiya, davlat veterinariya xizmati, o‘simliklar karantini, texnik tartibga solish nazoratidagi ro‘yxatlardan chiqarib tashlansin.

6. Sanitar, fitosanitar va veterinariya nazorati sohasidagi quyidagi tartib-taomillarga majburiy amal qilish 2025-yil yakunigacha talab qilinmasin:

(a) mahalliy va import oziq-ovqat mahsulotlari uchun sanitariya va epidemiologiya xizmatlarining laboratoriyalari natijalariga asosan sanitariya-epidemiologik xulosa olish orqali sertifikatlash;

(b) barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, bolalar ovqatlari, terapevtik va profilaktik ovqatlanish uchun parhez oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchalari va yangi retseptlar yoki yangi texnologiya asosida yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun barcha texnik hujjatlarni (oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha barcha yangi o‘zgarishlarni, shu jumladan, retseptlar, texnologik ko‘rsatmalar (normalar), qoplama hajmi, texnik shartlar, ishlab chiqarish, qadoqlash, markirovkalash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jarayonlariga oid) Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishish va tasdiqlash;

(v) alkogolsiz ichimliklar uchun qo‘shimchalar, xomashyo, xususan, ichimliklar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va mamlakatga olib kirish uchun xar bir partiyani sertifikatlash;

(g) oziq-ovqat mahsulotlari uchun fitosanitariya sertifikatini olish, agar ularga nisbatan sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan gigiyenik xulosa va (yoki) davlat veterinariya xizmati tomonidan veterinariya xulosasi (sertifikati) taqdim etilgan bo‘lsa;

(d) o‘simlik mahsulotlari, mato, ipak, charm, o‘yinchoqlar, sport inventari va boshqalar uchun veterinariya sertifikatini olish.

7. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, o‘simliklar karantini, ekologiya, texnik tartibga solish va texnik nazoratning boshqa yo‘nalishlarida tovarlar ro‘yxatlarini “gilotina” uslubida qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilsin, shuningdek, tartib-taomillarni xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish, davlat laboratoriyalarini sotish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” tasdiqlasin.

8. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) bir oy muddatda sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyolar, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar va ko‘tarish moslamalari importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlarining mezonlarini tasdiqlasin.

9. Adliya vazirligi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi va 2025-yil 1-sentabrga qadar “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

IV. Bojxona to‘lovlari va soliq ma’murchiligi

10. 2025-yil 1-oktabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinsin.

11. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarni texnologik modernizatsiya qilish orqali ularning barqaror faoliyat yuritishi choralarini ko‘rsin.

12. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) bir oy muddatda ishlab chiqarish uchun muhim xomashyo va uskunalar (sut va beton tashuvchi transport vositalari hamda statsionar kuzatuv postlari) importida vaqtinchalik bojxona bojlarini kamaytirish bo‘yicha qaror qabul qilsin.

13. 20 va undan ortiq ishchisi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlari hamda ijara to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan soliq summalari 2025-yil 15-iyulda va 1-dekabrda bo‘lib-bo‘lib to‘lanilishiga ruxsat berilsin.

14. Belgilansinki:

(a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-229-son Farmoni 2-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini qo‘llash uchun hisobot davridagi to‘quv (trikotaj mato, ip-gazlama va paypoq mahsulotlari), tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum hajmini aniqlashda, shartnomaga muvofiq daval xomashyosini qayta ishlash yuzasidan ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha olingan daromad ham inobatga olinadi;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-132-son Farmoni 8-bandiga muvofiq umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarishda ushbu faoliyatdan olingan daromad tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etishi zarur.

15. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda Jahon savdo tashkiloti qoidalari asosida elektrotexnika sanoati mahsulotlariga import kvotalarini belgilash, ochiq va shaffof elektron onlayn-auksion tizimi orqali taqsimlash tartibini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

V. Ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish

16. Vazirlar Mahkamasi sanoat korxonalarining avtomatik monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunasi, lokal suv tozalash inshooti va statsionar kuzatuv posti bilan jihozlash majburiyati muddatini I toifadagi korxonalar uchun — 2026-yil 1-yanvarga qadar, II toifadagi korxonalar uchun — 2026-yil 1-iyulga qadar uzaytirsin.

(i) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-sentabrga qadar mazkur jihozlash qurilmalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining 100 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larini tijorat banklariga jalb etish choralarini ko‘rsin.

17. Oltingugurtga (TIF TN kodi 2503) nisbatan eksport boji 2025-yil 20-apreldan boshlab amal qilsin.

18. O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi “O‘zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar birja savdolari orqali alohida forvard bitimlar tuzgan holda, PVX mahsulotini 25 foizli bo‘nak to‘lov asosida ortib berish va qolgan 75 foizini ikki oy muddatda bo‘lib to‘lash sharti asosida sotish tartibini yo‘lga qo‘ysin.

19. Ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan texnik gaz, kislorod va yangi turdagi kam tonnajli kimyo mahsulotlarini 2026-yil 1-yanvarga qadar faqat birja savdolari orqali sotish talabi tatbiq etilmasin.

20. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va “O‘zsanoatqurilish-materiallari” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish materiallarini eksport qilishda korxonalar reytingidan va talab etiladigan xarajatlar summasidan qat’i nazar xorijiy sertifikatlarni rasmiylashtirish xarajatlarini to‘liq qoplab berishni yo‘lga qo‘ysin.

21. Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch oy muddatda xususiy urug‘chilik korxonalarini rivojlantirish, Davlat budjeti va grantlar hisobidan qishloq xo‘jaligida ilm va innovatsiyalarni keng joriy qilishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga oid dasturni tasdiqlasin.

VI. Eksportni kengaytirish

22. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga (J. Xodjayev) eksport bojxona bojlari stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilsin.

23. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) ichki va tashqi bozordagi konyunkturadan kelib chiqib, har oyda eksport bojxona boji stavkalarining pasaytirilgan stavkalarini tasdiqlab borsin (go‘sht, guruch, ip-kalava, teri xomashyosi va tayyor mahsuloti, mineral o‘g‘itlar va kam tonnajli kimyo mahsulotlari).

24. Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tadbirkorlik subyektlariga xorijiy bozorlarga chiqish uchun zarur ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, tegishli reyestrlarga kirishni ta’minlash bo‘yicha davlat amaliy yordamini ko‘rsatib borsin.

25. Belgilansinki, mazkur Farmonda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan hamda tashqi bozorlardagi o‘zgarishlarga tezkor moslashish maqsadida qabul qilinadigan Vazirlar Mahkamasining, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning, Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasining qarorlari, agar ularning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, darhol kuchga kiradi. Bunda, budjet va boshqa sohalardagi qonunchilikda belgilangan huquqiy hujjatlarning amal qilish muddatlariga oid talablar tatbiq etilmaydi.

VII. Investitsiyalarni rag‘batlantirish

26. Belgilansinki, 2025-yil 1-iyundan boshlab, xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 250 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila a’zosiga (turmush o‘rtog‘i, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSH dollari miqdoridagi to‘lovlar evaziga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.

27. Soliq va muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lmagan eksport qiluvchi korxonalar tomonidan xorijda savdo uyini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSH dollarigacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat berilsin, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari asosida alohida belgilangan tartiblar mustasno.

VIII. Nazorat va ijro

28. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Bojxona qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini ochib berish uchun nashrlar, eshittirishlar va tematik teledasturlar tashkil qilsin.

29. Mazkur Farmon norma va qoidalari, agar ularning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, darhol kuchga kirsin.

30. Mazkur Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 18-aprel,

PF-67-son


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

22 04 2025 / 15:32