
Joriy yil 19 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvda "Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bizning strategik yo‘limiz" deya ta’kidlab, ushbu soha rivoji yo‘lida biznes egalari uchun alohida yengilliklar va imkoniyatlar berilishi hamda ularning muammolarini hal etish maqsadida joylarda rahbarlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etish belgilagan edi.
Shunga muvofiq, kichik va o‘rta biznes vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda soliq siyosatidagi o‘zgarishlar, soliq stavkalari va imtiyozlari xususida tushuntirishlar berildi.
Ochiq va konstruktiv tarzda o‘tgan davra suhbatida tadbirkorlar faoliyatida duch kelayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ularga tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
– Uchrashuvdan asosiy maqsad tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish, unga tegishli tartibda yechim topishda ko‘makchi bo‘lishdir, – deydi Hazorasp tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jasurbek Allayorov. –Tumanimizda 4 ming 80 ta tadbirkorlik sub’ekti mavjud. Ularning 4 ming 57 tasi kichik, 20 tasi o‘rta va 3 tasi yirik toifalarga ajratilgan bo‘lib, muammo va takliflarini o‘rganishni maqsad qilib qo‘yganmiz.
Tadbirkorlar soliq boshqarmasi rahbariyatiga o‘zini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. Ularga murojaati bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda kichik va o‘rta biznesni yanada rivojlantirish, bu borada ushbu tarmoq vakillariga berilayotgan yangiliklar hamda soliq imtiyozlari, soliq organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Tadbirda namunali soliq to‘lovchilar «Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ekti», «Eng ko‘p fiskal chek bergan tadbirkorlik sub’ekti», «Eng yosh tadbirkor», «Eng intizomli soliq to‘lovchi» hamda «Eng ko‘p soliq to‘lagan tadbirkorlik sub’ekti» nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 05 2025 / 15:33