21.05.2025
Ijtimoiy yordam
manzillashadi: oilalar endi toifalarga qarab qo‘llab-quvvatlanadi, ayrim
oilalarga daromad olish imkoniyati yaratiladi, kambag‘al oilalar farzandlari uchun
imtiyozlar beriladi — Prezident farmoniga sharh.
Mamlakatimizda
amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga mos ravishda aholini
ijtimoiy himoya qilish, samarali ijtimoiy himoya siyosatini yuritishga alohida
e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda aholi uchun ajratilgan ijtimoiy
yordam ko‘lami 5 barobarga oshirildi, 2 milliondan
ortiq oila ushbu ijtimoiy himoya dasturlari bilan qamrab olindi.
Yaqin ikki ichida aholiga
ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, mazkur sohaga ilg‘or
xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish
maqsadida 47 ta qonunchilik hujjatlari (3 ta Qonun, 6
ta Prezident farmoni va 12 ta qarori, 26 ta Hukumat
qarori) qabul qilindi.
Ushbu normativ-huquqiy
hujjatlar asosida davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlarni
mahalla darajasiga tushirilishini ta’minlash maqsadida, 208 ta tuman
(shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Joylarda ijtimoiy xodim va
uning assistenti lavozimi joriy etilib, har bir mahalladagi oila soni, ijtimoiy
himoyaga muhtoj aholi guruhlarini inobatga olgan holda ijtimoiy xodimlar “hudud
– uchastka – mahalla” tamoyili asosida biriktirildi.
Statistik ma’lumotlarga
yuzlanadigan bo‘lsak, joriy yilning dastlabki choragida “Inson” markazlari
tomonidan jami 1 mln 238 mingta ariza qabul qilingan bo‘lib,
shundan 752 mingta (61 %) arizaga xizmat
ko‘rsatilgan. Qiyos uchun: 2024 yilning I
choragi davomida fuqarolardan 58,2 ming ariza qabul qilingan
bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich joriy yilning birinchi choragida 21,3
baravarga oshgan. Shuningdek, 2024 yilning mart oyida 27
turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar uchun ariza qabul qilingan
bo‘lsa, joriy yilning mart oyida 103 turdagi xizmatlar uchun
fuqarolardan ariza va murojaat qabul qilish imkoniyati yaratilgan.
Yaqinda qabul qilingan “Kambag‘al
oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada
takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni [PF–84] ijtimoiy himoya
sohasida manzillik, samaradorlik va yangi imkoniyatlarni ta’minlash orqali
ushbu yo‘nalishni yangi bosqichga ko‘taradi.
Farmonning
asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Ijtimoiy yordam manzillashadi:
oilalar endi toifalarga qarab qo‘llab-quvvatlanadi
2025 yil 15 maydan boshlab
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va unga tushish xavfi bo‘lgan
oilalar "qizil", "sariq" va "yashil" toifalarga
taqsimlanadi. Davlat tomonidan
ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar ushbu toifalarga qarab belgilanadi (uy-joylarni
ta’mirlash, tiklash va moslashtirish hamda sog‘liqni saqlash bo‘yicha yordamlar
bundan mustasno).
"Qizil" toifaga quyidagi mezonlarga
mos, har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal
iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgan oilalar kiritiladi:
– a’zolaridan kamida biri sog‘lig‘i tufayli ishlay
olmaydigan oila;
– parvarishga muhtoj a’zosi, shu jumladan, nogiron
farzandi bor oila;
– o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki
yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat oila;
– boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro
etish muassasasida bo‘lgan oila.
"Sariq" toifaga — har bir a’zoga
to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam
bo‘lgan, lekin barcha a’zolari mehnatga layoqatli bo‘lgan oilalar kiritiladi.
"Yashil" toifaga — har bir a’zoga
to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1
baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan hamda quyidagi mezonlardan biriga mos
keladigan oilalar kiritiladi:
– oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan
bo‘lsa;
– oilaning Kambag‘al oilalar reyestriga tushish
ehtimoli yuqori bo‘lsa.
Kambag‘al
oilalarga imtiyozlar va yordamlar berish tartibi o‘zgaradi
2025 yil 1
iyundan boshlab:
– qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya
yagona reyestridagi oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va
imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq
etiladi. 2026 yil 1 yanvardan esa bu imtiyozlar faqat Kambag‘al oilalar
reyestridagi oilalarga beriladi;
– davlat xizmatlaridan foydalanganda
to‘lanadigan boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarda "sariq" toifadagi
oilalarga 50%, "qizil" toifadagilarga esa 75% chegirma qo‘llaniladi;
– agar oila "qizil" yoki
"sariq" toifadan "yashil" toifaga o‘tsa, ularga qonunchilik
bilan belgilangan ijtimoiy yordamlar yana 12 oy davomida saqlanadi.
“Qizil” toifadagi oilalarga
daromad olish imkoniyati yaratiladi
2025 yil 1 iyundan boshlab
“qizil” toifaga kirgan oilalarga passiv daromad keltiradigan yordam choralari
ko‘rsatiladi.
Birinchi yo‘nalish – quyosh
elektr stansiyalari o‘rnatish: kambag‘al oilalarning uyiga quyosh elektr stansiyalari
o‘rnatiladi. Bu ish tuman (shahar) hokimligi va ta’minotchi korxona o‘rtasidagi
shartnoma asosida amalga oshiriladi. O‘rnatish xarajatlari davlat tomonidan
subsidiya orqali qoplanadi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr
energiyasi “Quyoshli xonadon” dasturi asosida sotib olinadi va oilalarga
subsidiya to‘lab boriladi. Agar oilaning uyida ilgari bunday qurilma
o‘rnatilgan bo‘lsa, bu yordam ko‘rsatilmaydi.
Ikkinchi yo‘nalish – ko‘chma
do‘konlar o‘rnatish: kambag‘al oilalarning yerida yengil konstruksiyali ko‘chma do‘konlar
o‘rnatiladi. Buning uchun oila va tadbirkor o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Kambag‘al oilalar a’zolariga
ijtimoiy yordamlar tegishli hujjatlar asosida ko‘rsatiladi
2025 yil 1 iyundan boshlab
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga ijtimoiy xizmatlar
va yordamlar quyidagilar asosida ko‘rsatiladi:
– oilaning kambag‘al deb e’tirof etilgani
to‘g‘risidagi ma’lumot;
– shaxsning kambag‘al oilaga mansubligini tasdiqlovchi
ma’lumotnoma.
Ma’lumotlar qanday olinadi?
Oilaning kambag‘alligi
haqidagi ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidan,
“Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali
olinadi. Shaxsning kambag‘al oilaga
mansubligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari
portali orqali taqdim etiladi.
Kambag‘al
oilalar farzandlari uchun imtiyozlar beriladi
2025 yil 1
iyundan boshlab “qizil” toifaga kiruvchi oilalarning “a’lo” baholarga
o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan
bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdorida maxsus stipendiya beriladi.
2025 yil 1
sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi uzaytirilgan kun
guruhlariga qatnaydigan bolalarning umumiy sonining 15 foizi miqdorida
kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar
to‘lovidan ozod qilinadi.
2026 yil 1
yanvardan boshlab kambag‘al oilalarning “a’lo” baholarga o‘qiydigan farzandlari
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam oladi
va sog‘lomlashtiriladi. Bu xarajatlar Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi
salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq
qoplanadi.
Ijtimoiy
himoya milliy agentligi ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni muvofiqlashtiradi
Ijtimoiy
himoya milliy agentligi Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona
reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishni
muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.
Kambag‘al
oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga
davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat va yordamlarni joriy etish,
o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari
Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi.
Xulosa
o‘rnida aytish mumkinki, mazkur farmon yordam va imtiyozlarning manzilli,
shaffof va adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, kambag‘al oilalarning iqtisodiy
faolligini oshirish, ularning bolalariga ta’lim va sog‘lomlashtirish borasida
qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish orqali uzoq muddatli ijtimoiy barqarorlikka
zamin hozirlaydi.
Umidjon
Qurbonov, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
21 05 2025 / 16:29