Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston — Vengriya: xalqlarimizning tarixiy ildizlari mushtarak



Ulashing :


22.05.2025

Munosabat

O‘zbekiston — Vengriya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik nafaqat tarixiy rishtalarga asoslanib, balki aniq tashabbuslar bilan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunday yondashuv ikki mamlakat hukumatlari, biznes va jamiyatlari darajasida barqaror aloqalarni shakllantirishga strategik yondashuvni namoyish etadi.

Mamlakatlarimizning barcha darajadagi tizimli hamkorligi – savdo-iqtisodiy sheriklik, parlamentlararo va idoralararo hamkorlikning bosqichma-bosqich rivojlanishi keng qamrovli shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-21-may kunlari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan ushbu mamlakatda rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlari va TDT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Aytish joizki, so‘nggi yillarda rasmiy Toshkentning Budapesht bilan amaliy hamkorligi barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat parlamentlari, hukumatlari, idora va hududlari darajasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida Vengriya Milliy majlis spikeri o‘rinbosari Yanosh Latorsai ishtirok etgani parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga turtki beradi.

So‘nggi yillarda madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlik ham muntazamlik kasb etmoqda. Masalan, 2024-yil oktyabr oyida Lakitelek shahrida buyuk shoir Alisher Navoiy byusti ochildi. Bu yil yanvar oyida esa Budapeshtda o‘zbek kinosi kunlari o‘tkazildi.

2026-yilni O‘zbekiston va Vengriya madaniyati yili, deb e’lon qilinishi, Vengriya davlat opera teatri sahnasida “Lazgi” baletini sahnalashtirilishi ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.

Qisqacha aytganda, O‘zbkistonning Vengriya bilan savo-iqtisodiy, moliyaviy, investitiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, keng ko‘lamli sheriklik aloqalari bugungi kunga kelib Startegik hamkorlik darajasiga ko‘tarildi.

Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida imzolangan Kengaytirilgan Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya zamonaviy jadal hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratishi, shubhasiz.

Ikki mamlakat yetakchilari huzurida qabul qilingan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, jumladan, Ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma, Iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tabiiy ofatlarni boshqarish, ilm-fan va innovatsiyalar, tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo kelishuvlar strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Guldona AVЕZDURDIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

22 05 2025 / 15:48