Bugun Lyublyanadagi Kongress maydonida Sloveniyaga rasmiy tashrif bilan kelgan
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarini
Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar samimiy kutib oldi. Oliy martabali
mehmon sharafiga faxriy qorovul saflandi. Harbiy orkestr O‘zbekiston va
Sloveniya davlat madhiyalarini ijro etdi.
Ikki mamlakat rahbarlari
faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan
salomlashdilar.
Rasmiy marosimdan so‘ng "Zvezda"
bog‘ida urush qurbonlari xotirasiga hurmat hamda tinchlik va insonparvarlik
g‘oyalariga sadoqat ramzi sifatida Barcha urushlar qurbonlari yodgorligiga gul
qo‘yildi.
Lyublyana
shahridagi prezident saroyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va
Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy
delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv
avvalida davlatimiz rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun
minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi
tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida
tarixga kirishini ta’kidladi.
O‘zbekiston
va Sloveniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb
masalalari ko‘rib chiqildi.
Siyosiy
muloqot, turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani
mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki
mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab
kelmoqda.
Keyingi
yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Madaniyat va turizm
sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari
uchun vizasiz rejim joriy etilgan.
Ikki
tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi
muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Tovar
ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini
kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million
yevroga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondan
to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa
sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va
uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.
Sloveniyaning
"Koper" porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun
logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Sloveniyaning
yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish,
shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal
va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish,
energetika obektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni
amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Mehnat
migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va
mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab
chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga
kelishib olindi.
Turizmni, ayniqsa,
qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida
belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi
bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma
ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Bundan
tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim
muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari
forumi o‘tkaziladi.
Gumanitar
almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari va
Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish tashabbusini ilgari
surdilar.
Belgilangan
barcha vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning
birinchi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga
qaror qilindi.
Uchrashuv
yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga o‘zi
uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.
kun.uz dan olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
23 05 2025 / 11:07