Prezident
Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Vengriya
yirik parrandachilik fermalari qurish, baliq urug‘ini yetkazib berish,
kartoshkani chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni ishga tushirishga
kelishib oldi.
O‘zbekiston
va Vengriya parrandachilik, baliqchilik va kartoshkani qayta ishlashni
rivojlantirishga kelishib oldi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning
Budapeshtga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov
“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning
so‘zlariga ko‘ra, har yili 10−20 nafar talabani Vengriyaga parrandachilikning
zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘qitishga yuborish bo‘yicha kelishuvga
erishilgan.
Shuningdek,
u Sirdaryo viloyatida Vengriyaning ZA Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda
parrandachilik fabrikasi qurilishi boshlangani, avgust oyida esa yana sakkizta
ishlab chiqarish obyekti qurilishi boshlanishini ma’lum qildi. Investitsiyalar
hajmi 110 million dollarga baholanmoqda.
Avvalroq
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ZA Invest kompaniyasi bilan
hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Sirdaryodagi klaster
hududida 130 gektar maydonga ega sakkizta parrandachilik fabrikasi, inkubator,
kushxona, qayta ishlash sexi, ozuqa zavodi, muzlatkich va ma’muriy binolar
qurilishini xabar bergandi. Loyihaning quvvati yiliga 16 million dona broyler
tovuqlari va 120 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Bundan
tashqari, “eng sof baliq genotiplari” taqdim etilgan Vengriya bilan
O‘zbekistonga 8 turdagi sazan baliqlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma
imzolangan. TCT Cluster 6 million dona turli baliq turlarini (sudak, som va
sazan) import qilishni rejalashtirmoqda.
“So‘nggi
yillarda biz Vengriya bilan juda yaxshi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Maqsadimiz
— Vengriyaning yuqori texnologiyalaridan foydalanish, ilmiy muassasalar bilan
aloqalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan sohalarni
rivojlantirish”, — dedi vazir.
Bundan
tashqari, vazir Vengriyaning BDPST Group kompaniyasi bilan O‘zbekistonda
kartoshkani chuqur qayta ishlash, jumladan, sanoat miqyosida chips va fri
kartoshkasini ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etish imkoniyatlarini
muhokama qildi. Agrofeed kompaniyasi bilan premikslar, vitaminlar va fermentlar
ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ZKI LTD bilan esa sabzavot urug‘ini yetkazib
berish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.
Tashrif
davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida transport va
yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal
tarmoqlarni qurish, qurilish materiallari, to‘qimachilik va farmatsevtika
mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yо‘nalishlardagi loyihalar bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.
gazeta.uz
saytidan olindi
Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid
28 05 2025 / 10:26