Davlat rahbariga ichimlik suvi va oqova
tarmoqlarini kengaytirish borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aholining turmush sifati va
salomatligida g‘oyat muhim bo‘lgan bu yo‘nalish izchil kengaytirib borilmoqda.
Ijtimoiy va hududiy dasturlar doirasida ko‘plab inshootlar barpo etilmoqda.
Hozirga kelib aholi mavzelarining 81 foizi ichimlik suvi, 20 foizi oqova tizimi
bilan taʼminlangan.
Bu yil 1 619 kilometr ichimlik
suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, 162 ta inshootni qurish va
rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 715 ming aholiga
ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetib boradi, yana 400 ming nafari oqova
xizmati bilan qamrab olinadi.
Mutasaddilar shu boradagi ishlarning
bajarilishi bo‘yicha axborot berdi.
Xalqaro moliya institutlari ishtirokida
21 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu yil 800 million dollarlik ishlarni
bajarib, 138 ta suv inshootini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Osiyo taraqqiyot banki va Germaniya
tarraqiyot banki bilan loyiha oldi moliyalashtirish bo‘yicha yaxshi tajriba
yo‘lga qo‘yildi. Bunda pudratchi va loyihachi oldindan tanlangani uchun amaliy
ishlar boshlanishi tezlashdi. Kelgusida barcha loyihalarda shu tartibni
qo‘llash maqsadga muvofiqligi aytildi.
Suv taʼminoti tizimini raqamlashtirish
uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilingan. Bu loyiha
doirasida besh yilda yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4 800
ta “aqlli” hisoblagich va qariyb 3 mingta telemetriya tizimi o‘rnatiladi.
Sohada xalqaro hamkorlik va xususiy
sheriklik rivojlanib borayotganidan kelib chiqib, ushbu talablarga javob
beradigan mutaxassislar tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
28 05 2025 / 10:45