
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan, yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb uch barobar oshgan.
Qo‘shma korxona va loyihalar soni esa ikki barobar ko‘paydi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand shahridagi Kongress markazida 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirlar yakuni bo‘yicha ikki mamlakat bir qator rasmiylarining fikrlarini havola etamiz.
Luka Brondelli DI BRONDELLO,
Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi Vitse-prezidenti:

– Yurtingizga, Samarqandga tashrif buyurganimizdan juda ham xursand bo‘ldik. Biz qishloq xo‘jaligi sohasiga aloqador bir qancha muhim hujjatlarni imzoladik. Bu bizga qishloq xo‘jaligidagi zamonaviy yondashuvlar va o‘zgarishlar bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini beradi. Mamlakatingizda o‘quv markazi tashkil etish niyatidamiz. Shu bilan birga yosh mutaxassislarni Italiyaga borib o‘zaro tajriba almashishga taklif qilyapmiz. Bu, o‘z navbatida, ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli bo‘ladi degan umiddaman. Bosh Vazir Jorja Melonining O‘zbekistonga tashrifi biz uchun ham foydali bo‘ldi. Kelishuvlarimiz o‘zaro do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
– Ibrohim ABDURAHMONOV, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri:

– Italiya bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik aloqalarimiz juda mustahkam. Bu sohadagi asosiy o‘sish keyingi besh-olti yil ichida bo‘ldi. Ikki mamlakat yetakchilarining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari ham tarixiy ahamiyatga ega. Muloqotlar natijasida qishloq xo‘jaligiga aloqador ikkita muhim hujjatni imzoladik. Ulardan biri yangi yo‘nalish – dehqon xo‘jaliklaridagi ishchilarimiz Italiyaga borib mehnat qilishi va ulardagi tajribani, texnologiyani o‘rganish bo‘yicha sharoit yaratishga kelishdik. Ikkinchisi, nufuzli Tushia universitetining O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha filiali ochilyapti. Umuman olganda ta’lim bo‘yicha aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu uchrashuvdan keyin bu boradagi hamkorligimiz ko‘lami yanada kengayadi.
E’tiborlisi, tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladilar. Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida Hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olindi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
02 06 2025 / 11:03