Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Kooperativ yarmarkadan 850 nafar fuqaro ish joyiga yo‘l oldi



Ulashing :


Kooperativ yarmarkadan 850 nafar fuqaro ish joyiga yo‘l oldi

Fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning bandligini ta’minlash bugunning dolzarb vazifalaridan. Andijon shahrida Alisher Navoiy nomidagi bog‘da tashkil etilgan yangi ish o‘rinlari kooperativ yarmarkasi ham ayni shu maqsadga qaratildi.

Tadbirda ishsiz, kam ta’minlangan oilalardagi ayollar va yoshlar bilan birga moliya muassasalari, aholi bandligini ta’minlashga mas’ul tashkilotlarning rahbarlari, tadbirkor va hunarmandlar ishtirok etdi. Unda yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirkor va hunarmandlar tomonidan ko‘rgazma tashkil etildi.

- Bugun bir narsani unutmasligingiz kerak. Keyingi vaqtda oramizda boqimandalikka o‘rganganlar oz bo‘lsa-da, uchrab turibdi. Shu sabab endi bunday insonlarga biz baliq o‘rniga qarmoq beramiz. Aniqroq qilib aytsam, ularni harakatga keltiramiz, — dedi tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. — Amaldagi yilda 114 ming 302 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarning bandligini ta’minlashni rejalashtirganmiz. Bugun mana shu tadbir yakunida taklif etilgan 850 nafar ishtirokchi to‘g‘ri ish joyiga yo‘l oladi. Sizlardan faqat tashabbus kerak. Tadbirkorlik to‘xtovsiz harakatni talab qiladi. Shu sabab har biringiz bu kabi imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z yo‘lingizni topishingizga ishonaman. Bu yo‘lda biz sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Subsidiya-zarur hollarda beriladigan pul mablag‘i. Tadbirning asosini ham ayni shu yo‘l bilan ishtirokchilarning bandligini ta’minlash tashkil etdi. Buning uchun yangi tashkil etilgan 17 ta kooperativlarga 2 milliard 82 million so‘m pul ajratildi. Savol tug‘iladi: bu mablag‘ qanday tartibda ishlatiladi?

Kooperativlar 3 ta yo‘nalishga ixtisoslashgan. O‘z qiziqishiga qarab kimdir parrandachilik, kimdir quyonchilik va yana kimdir tikuvchilik yo‘nalishini tanlaydi. Har bir tumanda bu yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlar ish olib bormoqda. Yuqoridagi mablag‘ hisobiga yoshlar parranda yoki quyon bilan ta’minlanadi, tikuvchilikka qiziqqanlar ishga qabul qilinadi.

Yaxshi tomoni parranda va quyonlar oluvchining xonadoniga kooperativ tomonidan katak va bir oylik ozuqa yetkazib beriladi. Keyinchalik tayyor mahsulotni sotish, ozuqa bilan ta’minlash va veterinariya xizmati ham ularning zimmasida.

- Korxonamiz oyoq kiyimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — deydi Baliqchi tumanidagi “Yuksak obod sari 555” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Tohir Tolipov. — Hozirda 15 nafar yosh bilan ish olib boryapmiz. Beriladigan subsidiya hisobiga yana 50 nafar migrant va “Temir daftar”ga kiritilganlarni ishga olamiz. Natijada ishlab chiqarish sur’ati ham o‘sadi.

Tadbirkor Nodirbek Muxtorov rahbarligidagi “JIL VOY WANG” ishlab chiqarish kooperativi Paxtaobod tumanidagi “Nurdiyor” MFYda amaldagi yil boshida tashkil etildi. Xitoy texnologiyalari asosida ishlayotgan korxonada hozirda 50 nafar mahalla fuqarolari ish bilan band. 122 million 500 ming so‘m subsidiya hisobiga ularning soni uch baravarga ortadi.

- MFY faollari bilan xonadonma-xonadon yurib yil boshida vaqtincha ishsiz va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni o‘rganib chiqdik, — deydi Paxtaobod tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari Xushnudbek Ahmadaliyev. — Birinchi chorakning o‘zida 1493 nafarining bandligi ta’minlandi. Endilikda N.Muxtorovga berilgan subsidiya yana 100 ta oilaga quvonch olib kiradi. Bir fuqaroning ish joyiga ega bo‘lishi oila iqtisodining yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Kooperativ yarmarka yakunida ko‘zlangan maqsadga erishildi. Taklif etilganlar to‘la ishga qabul qilindi.

Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

11 05 2021 / 14:59