O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
14-fevraldagi qaroriga muvofiq, “Yangiyo‘l-Agrostar” kompaniyasi pomidor,
bulg‘or qalampiri va ko‘katlarga ixtisoslashuvi belgilangan.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mazkur
ixtisoslashgan kompaniyani moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul
etib belgilangan va hamkorlikda bir nechta muhim loyihalar amalga
oshirilmoqda.
Kuni kecha shunday loyihalardan biri - Yangiyo‘l tumanining
“Xalqobod” mahallasida “Tomorqa maktabi” tashkil etildi. Ochilish marosimida
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi va “Uzagrostar xolding”
kompaniyasi rahbariyati, xorijiy mutaxassislar hamda tomorqa yer egalari,
dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur maktabda tomorqa yer egalari, dehqon va fermer
xo‘jaliklari vakillarining har bir guruhi uchun haftada 4 kun o‘quv
mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Mashg‘ulotlar tajribali professor-o‘qituvchilar
tomonidan olib boriladi. Xususan, “Yangiyo‘l – Agrostar” kompaniyasiga
turkiyalik malakali, oliy toifali agronom Chengiz Yalchin jalb etilib, ushbu
malakali mutaxassis ham yer egalariga o‘zining amaliy bilimlarini beradi.
Shuningdek, fransiyalik mutaxassis, “Experto consulting” kompaniyasi eksperti
Stanislas Enrion bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. U o‘rganishlaridan
kelib chiqib, ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni
rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarini berib boradi. Bu yerda yil yakuniga qadar
600 ga yaqin tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillarini
o‘qitish reja qilingan.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish
maqsadida Toshkent davlat Agrar universiteti, Sabzavotchilik va tuproqshunoslik
ilmiy tekshirish instituti hamda “AGROLAB” ilmiy tekshirish laboratoriyalari
bilan kelishuvlarga erishilgan. Eng muhimi, mashg‘ulotlar nazariy, amaliy va
ko‘chma tarzda tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Tomorqa maktabi” tinglovchilari
agrobiznes sektori uchun zarur bo‘lgan laboratoriya tahlili xizmatlarini taqdim
etish uchun mo‘ljallangan “AGROLAB O‘HQM” MCHJ sinov laboratoriyasida 3 kun
davomida olingan nazariy bilimlarini mustahkamlab, tuproq, suv va
meva-sabzavotlarning tarkibi, tahlili, eksport qilinadigan mahsulotlarga
olinadigan sertifikat uchun qo‘yilgan talablar bilan tanishish imkoniyatiga ega
bo‘ladilar.
Tadbirda mehmonlarga “Biznesni rivojlantirish banki”
ATB va “Yangiyo‘l – Agrostar” kompaniyasi hamkorligida Xitoy texnologiyasi
asosida 4 gektar maydonda barpo etilayotgan 10 sotixni tashkil etuvchi 30 ta
issiqxona qurish loyihasi ham namoyish etildi. Quyosh nurlari tushmaydigan bir
tomoni to‘liq yopilgan bu tejamkor issiqxonalar bir mavsumda 2-3 marta hosil
olish imkonini beradi. Eng muhimi bu yerni isitish uchun hech qanday energiya
talab etilmaydi. Har bir issiqxonadan olingan daromad esa 150 million so‘mdan
ko‘proqqa yetishi mumkin.
Bank axborot xizmati
Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid
03 06 2025 / 12:54