O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyevning Vengriya va Sloveniya davlatlariga rasmiy tashrifi doirasida
Havas Holding Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib
bordi.
2025 yil 19−22 may kunlari Prezident Shavkat
Mirziyoyev Vengriya va Sloveniya mamlakatlariga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif
chog‘ida Sloveniya Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri bilan uchrashuvlar
o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, farmatsevtika, sanoat,
oziq-ovqat va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish
masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston, Vengriya va
Sloveniya tadbirkorlari ishtirokida biznes-forumlar ham tashkil etildi.
Forumlar doirasida Havas Holding Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan
muloqotni faollashtirib, xalqaro investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy
hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
2025-yil 17−19 may kunlari Havas Holding delegatsiyasi
Budapesht shahrida xizmat safarida bo‘lib, Vengriyaning investitsiya, ko‘chmas
mulk va logistika sohalaridagi yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar olib
bordi. Jumladan, Sharqiy Yevropaning eng yirik investitsion holdinglaridan biri
bo‘lgan BDPST Group rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar
natijasida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar, texnologik hamkorlik va
boshqaruv tajribasi almashinuvi asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish
bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Tashrif davomida, 22-may kuni Havas Holding vakillari
Sloveniyaning poytaxti Lyublyana shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Sloveniya
biznes forumida ishtirok etdi. Forumda ikki mamlakatning tegishli vazirliklari
va 150 dan ortiq kompaniyalari qatnashdi. Tadbir doirasida Sloveniya qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi yetakchi kompaniyalardan
biri bo‘lgan EHO d.o.o. bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralarda logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, meva-sabzavotni
qayta ishlash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda loyihalar ko‘rib chiqildi.
Havas Holding — 2018 yilda tadbirkor Fatxulla Sodiqov
tomonidan tashkil etilgan va bugungi kunda O‘zbekistonning eng yirik ko‘p
tarmoqli holdinglaridan biri hisoblanadi. Holding tarkibida chakana savdo,
oziq-ovqat ishlab chiqarish, agroindustriya, logistika va distributsiya
sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar mavjud.
Havas Holding‘ning asosiy aktivlariga O‘zbekistondagi
eng yirik chakana savdo tarmog‘i — Havas do‘konlar tarmog‘i, distributsiya
kompaniyalari hamda agroindustrial komplekslar kiradi. Holdingning strategik
maqsadi — xalqaro qiymat zanjirlariga integratsiyalash va eksportga
yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni shakllantirishdan iborat.
Kun.uz rasmiy saytidan
olindi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
04 06 2025 / 13:44