Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida xizmat safari bilan
bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tashrif dasturiga
muvofiq, Koson tumani hududida joylashgan “Koson” fermer xo‘jaligi dala
maydonida bo‘ldi.
Mazkur xo‘jalik tomonidan 50 gektar yer maydonida
Xitoyda ishlab chiqilgan “Xin Lu Zao-57” paxta navi ekilgan bo‘lib, bu yerda
ilg‘or texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida muhim tajribalar sinovdan
o‘tkazilmoqda. Xususan, 15 gektar maydonda paxta ekinlari Shinjon (Xitoy)
texnologiyasi asosida, plyonka ostida, 76x10 sxemada qo‘sh qator tarzida
joylashtirilgan. Qolgan 35 gektar maydon esa an’anaviy usulda ekilgan. Bu
tajriba o‘zida innovatsion va klassik usullarni solishtirish imkonini beradi.
Fermer xo‘jaligi rahbari kelgusi yildan boshlab butun
ekin maydonini to‘liq ravishda Shinjon texnologiyasi asosida tashkil etishni
rejalashtirayotganini bildirdi. Bu qaror aynan tajriba davomida kuzatilayotgan
agrotexnik samaradorlik va hosildorlik ko‘rsatkichlariga asoslangan.
Vazir dala maydonini ko‘zdan kechirar ekan, agrotexnik
tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va tizimli amalga oshirilgani o‘z natijasini
ko‘rsatganini e’tirof etdi.
Shuningdek, har bir gektardan yuqori va barakali hosil
olish, eng avvalo, zamonaviy agrar yondashuvlarga tayanadigan ilmiy asoslangan
qarorlar, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va fermerlarning
bilimini uzluksiz oshirib borishga bevosita bog‘liq ekanini alohida qayd etdi.
Albatta, yer resurslaridan oqilona va samarali
foydalanish, har bir qarich yerdan eng yuqori natija olish bugungi kunda
qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlarning asosiy
yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu bois, xorijiy tajribani o‘rganish, ilm-fan va
texnologiyani ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish orqali nafaqat
hosildorlik, balki umuman agrar sohaning barqarorligini ta’minlashda muhim
ahamiyat kasb etadi.
gov.uz saytidan olindi.
Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid
04 06 2025 / 13:49