Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi
yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli
jamg‘armalari budjetlarining 2024 yil yakunlari hamda 2025 yil birinchi
choragidagi ijrosi ko‘rib chiqildi.
Davlat budjetining 2024 yildagi ijrosi “2024 yil uchun
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan
budjet parametrlari doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, jahonda xalqaro
savdodagi murakkab vaziyatlarga qaramasdan o‘tgan yilda ham barqaror iqtisodiy o‘sishni
ta’minlash imkonini berdi.
Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmi 2023 yilga
nisbatan 6,5 foizga, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lgan xizmatlar
sohasi 12,9 foizga, qurilish sohasi 8,8 foizga hamda sanoat sohasi 6,8 foizga
o‘sgan.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari
budjetlarining 2025 yil birinchi choragidagi ijrosiga to‘xtaladigan bo‘lsak,
yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,8 foiz, sanoat
mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,5 foiz, bozor xizmatlari 12,6 foiz, qurilish
ishlari 10,8 foiz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 3,8 foizga
oshganini alohida e’tirof etish joiz.
Shuningdek, hisobot davrida davlat budjeti daromadlari
104,5 foizga bajarilgani hamda xarajatlar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari 92
foizni tashkil qilgani budjet barqarorligi ta’minlanayotganidan dalolat
bermoqda.
Kuni kecha O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishda ham ushbu masala atroflicha ko‘rib chiqildi.
Fraksiyamiz a’zolari tomonidan partiya dasturiy maqsad va vazifalari, elektorat
manfaatlaridan kelib chiqqan holda qator taklif va tashabbuslarni bildirib
o‘tishdi.
Aktam
Xaitov rasmiy telegram kanalidan olingan.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 06 2025 / 14:02