Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyot, logistika, nodir metallar va raqamlashtirishni muhokama qildi



Ulashing :


Nyu Dehlida “Hindiston — Markaziy Osiyo” muloqotining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Iqtisodiyot, logistika, raqamlashtirish va nodir metallarga e’tibor qaratildi. “Ko‘plab natijalarga erishildi, yangi tashabbuslar ilgari surildi, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar undan-da ko‘p”, — dedi O‘zbekiston TIV rahbari.

Nyu Dehlida 6-iyun kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindiston tashqi siyosat idoralari rahbarlarining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yakuniy deklaratsiya matniga ko‘ra, an’anaviy sivilizatsiyaviy va madaniy aloqalarni unutmagan holda, uchrashuv ishtirokchilari munosabatlarni amaliy jihatdan boyitish: o‘zaro savdoni rivojlantirish, investitsiyalar va yirik logistika loyihalariga qo‘shilishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

“Ko‘plab natijalarga erishildi, yangi tashabbuslar ilgari surildi, oldimizda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘lami undan-da ko‘p. Hech shubhasiz, ushbu platforma mintaqamiz va Hindiston o‘rtasidagi mavjud aloqalarni mustahkamlashga va yangilarini yaratishga xizmat qiladi”, — deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida.

Vazirlar “Shimol — Janub” xalqaro transport yo‘lagi (XTY)dan yanada faol foydalanishni qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Turkmaniston Hindistonni Eron va Markaziy Osiyo orqali MDH mamlakatlari va Yevropa bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan ushbu yo‘nalishda institutsional ishtirok etishga tayyor ekanini yana bir bor qayd etdi.

Qozog‘iston Xitoyning “Makon va yo‘l”i bilan bog‘lanish va Kaspiy dengizi portlari tomon tranzit uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida XTYning sharqiy tarmog‘i bo‘yicha tashabbusni alohida taqdim etdi.

Erondagi Chobahor portini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi, Hindiston u yerda o‘z ishtirokini uzoq muddatli asosda mustahkamlashga intilmoqda. Xususan, Shahid Beheshti terminali orqali Markaziy Osiyo mamlakatlarini logistika zanjirlariga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Mintaqa mamlakatlari uchun bu tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, jumladan, sanksiyalar xavfi va yirik davlatlar raqobatini hisobga olgan holda pragmatik tanlovdir.

“Hindiston — Markaziy Osiyo” formatida yangrayotgan an’anaviy mavzu — raqamlashtirish. Nyu Dehli mintaqa mamlakatlariga o‘z yechimlari to‘plami — India Stack asosida raqamli jamoat infratuzilmasini yaratishda yordam berishni taklif qilmoqda, to‘plam identifikatsiya (Aadhaar), elektron to‘lovlar (UPI) va hujjat aylanishini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston Raqamli hamkorlik forumining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishni taklif qildi va bu tashabbus qo‘llab-quvvatlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, umuman olganda, Hindistonning davlat xizmatlari uchun raqamli platformalarni yaratish va moliyaviy inklyuziyani rivojlantirish tajribasini o‘rganishdan manfaatdor.

E’tiborlisi, yakuniy bayonotda nodir yer va muhim minerallarni qidirish bilan bog‘liq blok mavjud. 2024-yil sentabr oyida Nyu Dehlida ushbu mavzu bo‘yicha birinchi Hindiston-Markaziy Osiyo forumi bo‘lib o‘tgandi. Bu galgi yig‘ilishda uni yana bir bor o‘tkazish taklifi bildirildi.

Vazirlarning navbatdagi uchrashuvi 2026-yilga belgilangan, 2025-yil oxirigacha esa ikkinchi Hindiston — Markaziy Osiyo sammitini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Baxtiyor Saidov Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan ham uchrashdi. “Biz barcha sohalarda istisnosiz katta salohiyat mavjudligini ta’kidladik. Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida yaqin hamkorlikni jadallashtirib, yanada aniq natijalarga erishish yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — dedi u muzokaralar yakunlariga izoh berarkan.

«Gazeta»dan


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

09 06 2025 / 12:09