Jahon banki va O‘zbekiston hukumati «O‘zbekistonda
suv ta’minoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional
qo‘llab-quvvatlash» loyihasi bo‘yicha moliyaviy va grant
bitimlari imzoladilar, deya xabar
bermoqda Moliya vazirligi matbuot
xizmati.
Bitimlar 17 may kuni Moliya vazirligida,
Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab birinchi ish safari doirasida Jahon
bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byorde
bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda imzolandi.
Loyihani amalga oshirish uchun JB
tomonidan 239 mln AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya
davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha 7,8 mln AQSH dollari
miqdoridagi granti ajratiladi.
Loyiha
doirasida O‘zbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq kishi suv ta’minoti
va kanalizatsiya xizmatlaridan yanada sifatli foydalana oladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nukus, Taxiatosh va Xo‘jayli shaharlarida
kanalizatsiya-tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek,
Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida suv
ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya
qilinadi.
Shuningdek, mazkur uchrashuv doirasida «O‘zbekistonda
milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish» loyihasi
bo‘yicha moliyaviy bitimlar ham imzolandi. Loyihani amalga oshirish
uchun JB tomonidan 50 mln AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit
ajratiladi.
Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan
yangi loyiha hukumatga bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlashga qodir bo‘lgan
milliy innovatsion tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Bu ilmiy
va innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda
tajriba-konstruktorlik ishlanmalari va tijoratlashtirish sohasida davlat,
ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni
qo‘llab-quvvatlaydi.
Loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari
(ITI) va oliy o‘quv yurtlarida xalqaro sinf tadqiqotlarini olib borishga
yordam beradi, shuningdek, ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga
imkon beradi. Mazkur tashkilotlarning ilmiy xodimlari ilmiy-tadqiqot hamda
tajriba-konstruktorlik ishlanmalari sohasida 50 ta tadqiqot, jumladan,
xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokida qo‘shma loyihalarni
amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlar olish uchun ariza topshirishlari
mumkin.
Bundan tashqari, mahalliy firma
va kompaniyalar boshlang‘ich loyihalarga sarmoya kiritish uchun mahalliy
va xalqaro bozorlarda talab qilinadigan yangi yoki mavjud innovatsion
mahsulot va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik
ishlanmalari sohasida 30 ga yaqin grant olishlari mumkin. Masalan, ular tibbiy,
farmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab
chiqish, shuningdek, ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli
yo‘nalishlari bo‘yicha loyihani moliyalashtirish uchun ariza topshirishlari
mumkin.
Loyiha doirasida ayrim ITI
infratuzilmasi va laboratoriyalarini modernizatsiya qilish uchun
mablag‘lar ajratiladi, ularning ro‘yxati tegishli tashkilotlarning
ehtiyojlarini har tomonlama baholashdan so‘ng innovatsion rivojlanish vazirligi
tomonidan tasdiqlanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston
hukumati tomonidan turli xil ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda, jumladan, davlat
ishtirokidagi yirik korxonalarni isloh qilish, kambag‘allikni qisqartirish,
tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari, issiqlik ta’minoti tizimlari
modernisatsiyasi, energiya resurslaridan oqilona foydalanish
va yer munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga
oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar.
Tomonlar 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan
Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasi bilan Hukumatning mamlakatni keyingi
besh yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy va rivojlanish rejalariga
javob beradigan sheriklik dasturi doirasida ustuvor yo‘nalishlarini muhokama
qildilar.
Anna Byorde JB inklyuziv
va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tishga qaratilgan islohotlarni amalga
oshirishda mamlakatga moliyaviy va konsultativ yordam ko‘rsatishni davom
ettirishini ta’kidladi.
Muzokaralar Moliya
vazirligida ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning
qator masalalari, jumladan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini
rivojlantirish, shahar va qishloq infratuzilmasi, suv ta’minoti kabi muhim
yo‘nalishlarda Jahon bankining moliyaviy ishtirokidagi loyihalari muhokama
qilindi.
Hozirgi kunda
Jahon banki 24 ta loyihani texnik yordam va moliyalashtirish orqali
O‘zbekistonga ko‘maklashmoqda. Ular muhim iqtisodiy islohotlarni amalga
oshirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti
va sanitariya, energetika, transport, ijtimoiy himoya qilish, shahar va
qishloq infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, COVID-19 ning
sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va fuqarolar uchun ta’sirini kamaytirishga
yordam beradi.
«Газета.уз»dan
olindi
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 05 2021 / 13:03