O‘zbekistonda endi soliq to‘lovchilarga ortiqcha
to‘langan va undirilgan summalardan nafaqat muayyan bir soliq, balki
boshqa soliqlar uchun ham foydalanishga ruxsat berildi. Shuningdek, soliq
hujjatlarini faqat ERI emas, balki biometriya (Face-ID yoki barmoq izi)
yordamida ham tekshirish mumkin bo‘ldi.
26-iyun kuni qabul qilingan qonun [O‘RQ-1071-son]
bilan Soliq ma’murchiligiga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya
vazirligi xabar qildi. O‘zgarishlar Senat tomonidan 28-may kuni ma’qullangan.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga
ko‘ra, ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining boshqa
soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari hisobidan hisobga olish tartibi
yanada soddalashtirildi. Bunda endi ortiqcha to‘langan soliq summalarini
nafaqat shu soliq, balki boshqa soliqlar bo‘yicha ham kelgusidagi
majburiyatlarni to‘lash uchun ishlatish imkonini beradi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra,
soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarni shaxsning
roziligini ifodalaydigan va uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan
elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlash elektron raqamli imzoga
tenglashtirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida, shu jumladan
baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq
hisobotlari “Suv hisobi” axborot tizimi va ushbu sohadagi vakolatli
organlarning ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Unga ko‘ra, boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar
uchun hisobga olish soliq to‘lovchining yozma yoki elektron arizasiga ko‘ra
soliq organlari tomonidan 3 kun ichida amalga oshirilishi belgilandi.
Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Mahalla
servis” kompaniyalari tomonidan mahallalarni obod qilish bilan bog‘liq ishlarni
bajarish va aholiga qonunchilikda belgilangan ayrim ijtimoiy pulli xizmatlar
ko‘rsatishdan olingan mablag‘lar soliq solishda hisobga olinmaydigan
daromadlarga kiritildi.
Shuningdek, mazkur xizmatlarni ko‘rsatishga
mo‘ljallangan binolar joylashgan yer uchastkalari yer solig‘i solish
obyekti hisoblanmasligi belgilandi.
Quyidagi daromad turlariga soliq solinmasligi ko‘zda
tutildi:
·
Chernobil AESdagi
halokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ular
xotini (eri)ning daromadlari;
·
“Mahalla servis”
kompaniyalari xodimlarining faoliyati natijasida olingan, ularning soliq
solinishi lozim bo‘lgan ish haqi tarzidagi daromadlari.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov
va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan
charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari mol-mulk,
yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni
to‘lashdan 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha ozod etilishi
ko‘rsatildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga
kiradi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 06 2025 / 12:48