O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabat asrlar davomida shakllangan umumiy tarix, madaniy yaqinlik va qadriyatlarga asoslangan. Ikki
mamlakatni nafaqat turkiy ildizlar, balki o‘zaro manfaatli hamkorlikka
intiluvchi siyosiy iroda ham birlashtiradi. Ayni paytdagi oliy va yuqori
darajali doimiy siyosiy muloqot, aslida, biz uchun tarixan xos jihat.
Prezidentimizning
Ozarbayjonga davlat tashrifi davom etayotgan bir pallada O‘zA muxbiri
xalqlarimiz birodarligi va parlamentlararo aloqalar xususida ikki mamlakat
deputatlari fikrini yozib oldi.
Gunay
Agamali, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati:
–
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat qadimiy tarix, mushtarak
madaniy ildizlar, chuqur do‘stlik va qardoshlik an’analariga asoslanadi.
Bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan aloqalar barcha –
iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va parlamentlararo jabhada jadal rivojlanmoqda.
Ayniqsa,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi izchil siyosiy muloqot va do‘stona
munosabatning yuksak darajasini alohida ta’kidlash zarur. Davlat rahbarlarining
o‘zaro tashriflari, imzolangan hujjatlar va bayonotlar mamlakatlarimiz
o‘rtasidagi munosabat mustahkam poydevorga qurilgani va umumiy kelajakka xizmat
qilayotganini tasdiqlaydi.
Boku va
Toshkent nafaqat ikki tomonlama, balki Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida
ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Bu jarayon turkiy dunyoda
integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda, deyish mumkin.
Ikki
qardosh o‘lka o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani, qo‘shma
sanoat va energetika loyihalari amalga oshirilayotgani, transport-logistika
sohasidagi hamkorlik kengayib borayotgani mintaqaviy barqarorlik va
farovonlikka salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Fan,
ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar xalqlarimizni yanada
bir-biriga yaqinlashtiryapti. Parlamentlararo aloqalar qonunchilik va siyosiy
muloqot darajasidagi strategik sheriklikni mustahkamlamoqda.
Xonkendi
shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti XVII sammiti butun
mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.
Ushbu
muhim forum mintaqaviy hamkorlik, barqaror rivojlanish va qo‘shma iqtisodiy
loyihalarni ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Ozarbayjon
va O‘zbekiston bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mintaqadagi yetakchi
davlatlardir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik modeli davlat
rahbarlarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati, xalqlarimiz irodasiga
asoslangan buzilmas do‘stlik ruhidan kuch oladi. Bir so‘z bilan aytganda,
munosabatlarimiz mintaqada barqarorlik, taraqqiyot va umumiy farovonlik
yo‘lidagi hamkorlik namunasiga aylanmoqda.
Gulnoraxon
Abduvohidova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
deputati:
–
O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki
mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik, do‘stlik va ittifoqchilik
munosabatida yangi davrni boshlab berdi.
“Zagulba”
qarorgohida bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuv va Oliy davlatlararo
kengashning ikkinchi yig‘ilishi natijasi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi
munosabat hech qachon bunday yuksak darajaga ko‘tarilmaganini yaqqol namoyon
qildi. Prezidentlar tomonidan 30 yillik diplomatik munosabat doirasida
erishilgan yuksak natijalarga tayangan holda yanada keng qamrovli va strategik
hamkorlikka asos soluvchi muhim qarorlar qabul qilindi.
Jumladan,
Prezidentlar 2025-2029 yillar davomida Ittifoqchilik shartnomasini amalga
oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qildi. Ushbu hujjat ikki qardosh yurt
o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, gumanitar sohalarda tizimli va maqsadli ish
olib borishga zamin yaratadi.
Shuningdek,
ikki o‘lka yetakchilari huzurida imzolangan atrof-muhitni muhofaza qilish
sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo, fan, kasb-hunar va oliy ta’lim
sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar, 2025-2026 yillarga
mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi hamda 2030 yilga qadar tovar ayirboshlash
hajmini 1 milliard dollarga yetkazish dasturlari, 2025-2027 yillarda qishloq
xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish
bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi kabi kelishuvlar tashrifning amaliy
ahamiyatini namoyon etadi.
Bugungi
kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat
yuritmoqda, loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetib, savdo hajmi 25 foiz
oshgan. Bu loyihalar ikki davlatning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini
oshirishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi barobarida nafaqat Toshkent va Boku,
balki Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari kabi
to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlarni ham faol iqtisodiy sheriklarga aylantiradi.
O‘zbekiston
yuklarining Ozarbayjon orqali Yevropaga tranziti 25 foiz oshgani logistika
yo‘nalishidagi hamkorlikning yorqin namunasidir. Mart oyidan elektron
ruxsatnomalar joriy etilishi yo‘l harakatini yanada shaffoflashtirdi. Bu
ikki davlatning mintaqa va Yevropa bog‘liqligidagi rolini kuchaytirishi tabiiy.
Shuningdek,
elektr energiyasini Yevropaga eksport qilishga qaratilgan loyihalar “yashil
energetika” sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu nafaqat
ekologik barqarorlik, balki yangi valyuta tushumlari manbai sifatida ham muhim.
Tashrifning
yana bir muhim voqeasi – Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘iga asos
solinishi va mamlakat elchixonasining yangi binosi ochilishi bo‘ldi.
Bog‘ loyihasida milliy me’morchilik, madaniyat va zamonaviy infratuzilma
uyg‘unlashgan. Bu nafaqat me’moriy jihatdan, balki xalq diplomatiyasi
nuqtai nazaridan ham muhim loyiha hisoblanadi.
Umuman tashrif doirasidagi
kelishuvlar, xususan savdo va sanoat kooperatsiyasi ikki davlat aholisi uchun
yangi ish o‘rinlari yaratishi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti
sohalaridagi loyihalar arzon va sifatli mahsulotlar yetishtirilishini
ta’minlashi hamda transport va energetika loyihalari hayot sifati va logistika
imkoniyatini yaxshilashi bilan yanada ahamiyatli.
O‘zbekiston va Ozarbayjon
o‘rtasidagi faol hamkorlik TDT va Yevrosiyoda iqtisodiy va siyosiy birdamlikni
ham mustahkamlaydi. O‘rta yo‘lak rivoji Markaziy Osiyo va Kavkazni Yevropaga
bog‘lovchi mustahkam logistika tarmog‘ini shakllantiradi.
Aytish o‘rinliki, Prezident
Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi shunchaki rasmiy voqea
emas, balki strategik, xalqlarimiz manfaatiga qaratilgan yangi davrning
boshlanishidir. Bu jarayon nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa taqdirini
o‘zgartirish salohiyatiga ega. Shu bois O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma
loyihalari, siyosiy yaqinligi, tarixiy qardoshligi yangi geosiyosiy va iqtisodiy
arxitekturadagi muhim tayanchlardan biriga aylanmoqda.
O‘tkir
ALIMOV yozib oldi.
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
04 07 2025 / 14:05