Hurmatli
dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga
qaramasdan, biz fermer va dehqonlar tomonidan respublika bo‘yicha 875 ming
gektar maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatimiz evaziga paxtadan
mo‘l hosil yig‘ishtirib olish pallasida turibmiz.
Barchamiz yaxshi tushunamizki,
hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga
qaramasdan, ayniqsa bu yil iyul oyining har yilgidan ko‘ra o‘ta issiq kelishiga
qaramasdan Siz fermerlar daladan chiqmasdan yerdan mo‘l hosil yetishtirish
uchun mehnat qilayotganingiz – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon
va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan
mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari
timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin
qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aslida buning zamirida Siz va
bizning fidoyiligimiz orqali mamlakatimizning iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir.
Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi
deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan
tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerakdir.
Fermer- yerga paxta urug‘ini
qadagan mahaldan boshlab kun sanaydi: umid bilan qadagan niholni to‘la-to‘kis
undirib olgunicha ozmuncha ter to‘kadimi, mehnat qiladimi?
Murakkab ob-havo sharoitidan
tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlardan
eson-omon o‘tish oson kechmaydi, albatta. Eng muhimi, bu yilgi iyul oyining
jazirama issiq kunida paxtaning hosilini olib qolib, tunu kun qilgan
halol zahmatli xizmatlari mevasi naqadar totli ekanini hosil pishib yetilib,
o‘z vaqtida terib-yig‘ib olinib, xirmonga to‘kilgan damda, asosiysi,
belgilangan rejalar oshirib uddalanganidan keyingina anglab yetadi. Ana
shundagina fermerning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Buning uchun esa har bir fermer
xo‘jaligi rahbari bugundan boshlab o‘z paxta dalasida “Dolzarb – 30 kun” e’lon
qilishi lozim.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Iyul- avgust oylarida
bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini
oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertagi, sifatli va mo‘l bo‘lishi
ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan o‘lchanadi. Zero, g‘o‘za agrotexnikasi
talablarga muvofiq bajarilsa, rivoji tezlashib, ko‘saklarga ko‘sak qo‘shiladi,
erta pishib yetiladi, hosilga baraka kiradi.
Yuqoridagidan kelib chiqib,
paxtadan yuqori hosil olish uchun iyul-avgust oylarida yana biz fermerlar
tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘layotganligini hamda
ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha daromad
olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham
mas’uliyat bilan yondoshib amalga oshiraylik!
birinchidan, barcha dehqonlarning
o‘rni dalada bo‘lishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar o‘z ishiga
o‘ta jiddiy yondashmog‘i darkor;
ikkinchidan, kultivatorlar dalada
to‘liq ishlashini tashkil eting;
uchinchidan, g‘o‘zani yana bir
marta sharbat usulida qondirib sug‘orish, buning uchun suvchilarga barcha
shart-sharoit yaratib, tungi sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, sug‘orish ishlarini
yakunlang; Bunda, suvdan to‘g‘ri, oqilona foydalaning, sug‘orishda
ko‘llatmasdan sug‘orib, zovurga tashlamaslik choralarini ko‘rib suvni ortiqcha
isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymang;
to‘rtinchidan, zararkunanda
hasharotlar – ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, beda qandalasi, qora shira
xurujidan himoya qilishni kuchaytiring, uyg‘unlashgan kurash choralarini keng
qo‘llang;
beshinchidan, iyul-avgustda
bajariladigan agrotexnik tadbirlarni yana bir nozik jihati shundaki, bu paytga
kelib, g‘o‘za qator oralarida sho‘ra, it uzum, qo‘y pechak, g‘umay, suv o‘ti
kabi begona o‘tlar ham zo‘r berib o‘sadi.
G‘o‘zadan baland bo‘lib,
hasharotlarni o‘ziga jalb etish bilan birga, turli zararli mikroorganizmlar
ko‘payib, pastki yarusdagi ko‘saklarni chirishiga, makrosparioz va boshqa
chirish kasalliklari ko‘payishiga olib keladi hamda g‘o‘zaga berilgan o‘g‘itni
asosiy qismini o‘zlashtiradi.
Shu sababli har bir dala yana bir
marta ko‘zdan kechirilib, begona o‘tlarni suvdan keyin qo‘lda yulib olish va
barcha paykallar begona o‘tlardan tozalanishiga jiddiy e’tibor qarating.
oltinchidan, rivojdan orqada
qolgan maydonlarni aloxida nazoratga oling va qoloqlikdan chiqarish uchun
qushimcha agrotexnik tadbir kulang;
yettinchidan, biologik
stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering g‘o‘za rivoji kechki bo‘lgan
dalalarda ham paxtani erta pishib yetilishiga va hosili barakali bo‘lishiga erishing;
sakkizinchidan, g‘o‘za qator
oralari tutashib-birlashib ketmagan dalalarda 1–2 marta mayin kultivatsiya
qiling.
Lekin, qator orasida kultivatsiya
shunday o‘tkazilishi kerakki, bunda, g‘o‘za tuplariga ziyon yetkazmasin,
ko‘saklarni to‘kmasin, g‘o‘za poyalarini payxon qilmang. Shuning uchun,
kultivatorlarni ishchi organlarini “Baliq sirti” qilib o‘rang;
to‘qqizinchidan, ko‘chat soni
qalin bo‘lgan, o‘sib ketgan va g‘ovlagan g‘o‘za maydonlarni pastki
ko‘saklarning chirishini oldini olish uchun varaqalash ishlarini amalga
oshiring;
o‘ninchidan, g‘o‘zaning hosil
to‘plashi uchun sharoit yarating, ayniqsa xorijiy navlarni ekkan fermer
xo‘jaliklari olimlar va tajribali mutaxassislar tavsiyalari asosida ish
yuriting;
Paxtachilikdagi bunday yuqori
natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari
tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta
o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning munosib samarasi demakdir.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda
qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizda
asosiy e’tiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab
chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va
korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng
muhimi, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratmoqdamiz.
Aynan muhtaram Prezidentimizning
2025 yil 28 martdagi 131-sonli qaroriga binoan, paxtadan 50 s/gadan yuqori
hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etilgan. Jumladan,
ijaraga olingan yerlarning 25%
qismiga almashlab ekish huquqi (chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar);
fermerlar kengashi a’zolik badali
0,6 foiz o‘rniga 0,3% etib belgilandi;
yer solig‘ida bazaviy stavkaga
nisbatan mutanosib ravishda 3 karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar
qo‘llashga ruxsat berildi. Siz paxtadan yuqori hosildorlikka erishib ushbu
imtiyozlardan foydalang!
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Barcha imkoniyatlarni ishga solib
mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilingizni nes-nobud qilmasdan,
yig‘ib-terib olishda ishchilaringiz hamda ko‘ngilli terimchilarga
shart-sharoitlar yarating.
2025 yil hosilini qisqa fursatlarda va sifatli yig‘ib olish ishlarini tashkillashda
butun mas’uliyat Sizning zimmangizda ekanligini unutmang!
Aziz fermer va
dehqonlar!
Paxta yig‘im-terimi mavsumida shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil
qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his
etsin. Bobodehqon yelkasidagi yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt
tashvishiga sheriklik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish uchun
kurashish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab,
iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun
munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb 30 kun” mobaynida paxta
dalalariga yanada ishlov berishga va paxta yig‘im-terimi mavsumida faol
qatnashishga da’vat etamiz!
O‘zbekiston
fermerlari kengashi Rayosat a’zolari
Uz.A.dan
olindi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
07 07 2025 / 12:30