Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari Aziz G‘ofurov o‘z mulohazalari
bilan o‘rtoqlashdi.
– Asosiy signallardan biri – “Franklin Templeton” kabi yirik
institutsional investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishidir, – deydi
A.G‘ofurov. – Ushbu kompaniyalar investitsiya qarorlarini qabul qilishdan oldin
xavf-xatar va ehtimoliy foydani sinchkovlik bilan o‘rganadi. Mavjud vaziyat O‘zbekistonning investitsiya tavakkalchiligi sezilarli
darajada pasayganidan dalolat beradi. Ya’ni, bizda foyda prognozi xavotirdan aniq ustun.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra,
bunday nufuzli da’vogarlarning qiziqishi mamlakatdagi makroiqtisodiy vaziyat
barqarorligi, amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch ortib borayotganidan
dalolat.
Xalqaro reytinglar barqarorlikni tasdiqlaydi
– “S&P Global Ratings”
xalqaro agentligi tomonidan 2025 yil may oyida O‘zbekistonning suveren kredit
reytingi prognozi “ijobiy”ga o‘zgartirilgani mamlakatimizga ishonch ortib
borayotganining yana bir tasdig‘idir. Ushbu qaror makroiqtisodiy barqarorlik va
islohotlarga sodiqlikning muhim e’tirofi, – deydi G‘ofurov.
Shuningdek, u Toshkent xalqaro
investitsiya forumiga ishtirokchilar tomonidan qiziqish ortib borayotganiga ham
e’tibor qaratdi:
– Ishtirokchilar va xorijiy
delegatsiyalar soni yil sayin ko‘paymoqda. Demak, respublikamizga istiqbolli
sarmoya yo‘nalishi sifatida qiziqish ortyapti. O‘zbekiston geografik joylashuvi
va iqtisodiy salohiyati tufayli investorlar uchun noyob imkoniyatlar taqdim
etadi. Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholiga ega davlat sifatida yurtimiz
mintaqaning strategik muhim markazida joylashgan. Bu investorlarga nafaqat
ichki bozor, balki keng mintaqaviy makonga ham kirish imkonini beradi.
Geosiyosiy barqarorlik va logistika afzalligi
Shuningdek, Aziz G‘ofurov tashqi
siyosat va infratuzilmani rivojlantirish muhimligini ta’kidladi:
– Dunyo qudratli davlatlari va
qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p vektorli tashqi
siyosatimiz sarmoyadorlarga geosiyosiy barqarorlik tuyg‘usini beradi. Yosh,
bilimli ishchi kuchi, logistika bo‘yicha keng imkoniyat, jumladan xalqaro
transport yo‘laklari O‘zbekistonni Markaziy Osiyoga sarmoya jalb qiluvchiga
aylantirmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan faol o‘zgarmoqda,
oldinga siljish aniq namoyon bo‘lmoqda.
Xorijiy investorlar kengashi
mamlakatni o‘zgartirishda muhim rol o‘ynaydi, investor va hukumat o‘rtasidagi
bo‘g‘in vazifasini o‘taydi. O‘zbekiston iqtisodiy siyosatni shakllantirishda
reaktivlikdan proaktiv yondashuvga o‘tmoqda. Bu xalqaro hamjamiyatga zamonaviy
va ochiq iqtisodiyotni barpo etish tarafdori ekanligimizni yaqqol ko‘rsatadi.
Biz tartibga soluvchi islohot
bilan birga bashorat qilish uchun ham shart-sharoit yaratmoqdamiz. Investor
o‘zini nima kutayotganini bilish, yangi qonun, protsessual o‘zgarish yoki
strategik tashabbus bo‘ladimi, hammasini oldindan tushunishni istaydi.
Kotibiyat ishi orqali biz ma’lumotga erta kirishni va doimiy o‘zaro hamkorlikni
ta’minlaymiz. Natijada kompaniyalar o‘z faoliyatini aniqroq rejalashtira oladi,
rivojlanayotgan iqtisodiyotlardagi asosiy xavflardan biri – kutilmagan omilni
kamaytiradi.
Inson kapitalini rivojlantirishni
qo‘llab-quvvatlash
Shuningdek, mutaxassis xususiy
sektor bilan hamkorlikda inson kapitalini rivojlantirish borasidagi
sa’y-harakatni qayd etdi:
– Biz sarmoyadorlarning
malakali kadrlar tayyorlashdagi ishtirokini rag‘batlantiramiz. Yirik
kompaniyalar, jumladan xalqaro konsalting va moliyaviy tashkilotlar mahalliy
mutaxassislarni tayyorlash va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun
allaqachon korporativ akademiyalar ochgan.
Energetika, bank ishi kabi
an’anaviy sohalar bilan bir qatorda iqtisodiyotning yangi tarmoqlariga ham
qiziqish ortmoqda.
Bugun turizm, logistika, raqamli
xizmat va kreativ industriyaga faol qiziqish bor. Ayniqsa, hozir davlat tomonidan
tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlanayotgan, ulkan salohiyatga ega soha – turizmni
alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Barqaror texnologiya ham e’tibordan chetda
qolmaydi. Yil sayin “yashil” infratuzilma va qayta tiklanadigan energetika
sohasidagi loyihalar – birinchi navbatda quyosh va shamol qurilmalariga
qiziqish kuchaymoqda. Ushbu tashabbuslarda “ACWA Power” va “Masdar” kabi
nufuzli jamoalar faol. Bu sohalar O‘zbekiston-2030 strategiyasining ustuvor
yo‘nalishlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Yangi sohalarga qiziqish ortmoqda
Kotibiyat rahbari so‘zlariga
ko‘ra, jahon institutsional investorlarining e’tibori mamlakatda bozor
jozibadorligi oshayotganini tasdiqlaydi:
– Ko‘pgina yetakchi xalqaro
kompaniyalar O‘zbekistonga nafaqat imkoniyat, balki ustuvor manzil sifatida
qaraydi. Ayrimlar allaqachon “ko‘k chip” deb atalmish yuqori qo‘shimcha
qiymatga va uzoq muddatli salohiyatga ega sohalarga sarmoya kiritmoqda. Bu
mamlakatimiz kamolotning yangi bosqichiga chiqqanidan dalolat.
O‘zbekistonning boy madaniy
merosi va jadal ijodiy muhiti – hunarmandlik va dizayndan tortib arxitektura va
oshxonagacha – bunyodkorlik iqtisodiyotini rivojlantirish uchun mustahkam zamin
yaratadi. Sayyohlar oqimi o‘sishi bilan birga bu hududlar madaniy va real
tijorat imkoniyatini ochadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz
bozorini liberallashtirish va shaffoflikni oshirish bo‘yicha islohotlar faol
amalga oshirilmoqda. Bu sarmoyaviy muhitni sezilarli darajada yaxshilash
imkonini berdi. Xususan, 2024 yil O‘zbekistonga kiritilgan sarmoyaning umumiy miqdori
34,6 milliard dollarga yetdi. Shundan 11,9 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri
xorijiy investitsiya. Mazkur sarmoya hisobidan respublika bo‘yicha 32 700 dan
ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, 242 yangi loyiha ishga tushirildi.
Bunday yondashuv O‘zbekiston
asosiy e’tiborni iqtisodiyot modernizatsiyasiga, xorijiy tadbirkorlar uchun
qulay muhit yaratishga qaratayotganidan dalolatdir.
Muharrama
Pirmatova tayyorladi.
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
16 07 2025 / 15:54