Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan
miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar,
mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur
tashkil etildi.
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z
ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52
metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil
etadi.
Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin
oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin
rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa
doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot
Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan
miniatyuralar saralab olingan.
“50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz,
Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo
o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan
tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar
konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar
mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan.
10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey
devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga
aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar
hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham
kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli
bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov
berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom
sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib,
maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni
tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va
qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya
sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq
yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan
holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda
ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil –
Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy
kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga
joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov.
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan
Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan,
madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor
qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning
“Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan
nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks
etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir
Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga
qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida
qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan
aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida
ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham
alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita
miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi
As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi
suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi.
Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda
tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn
Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy
miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning
davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot
madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning
ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad
qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan
foydalaniladi.
Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar
merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy
qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning
Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin
tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan
so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi
ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z
aksini topadi.
O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va
san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib,
“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini
bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga
tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda
rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.
“Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki
kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda
suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda. Markazning
kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan
aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya
bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan
paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu
mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali
Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya
kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom
sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli
navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari
qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor
hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu
miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif
buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha
paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy
etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud
Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan
miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan
ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti,
ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi
Rustam Jabborov.
O‘zbekistondagi
islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri
miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar
devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.
UZ.A
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
18 07 2025 / 10:42