O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining joriy yil 24–25 iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga davlat
tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida qishloq xo‘jaligi va
oziq-ovqat sohalarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga
oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. O‘zbekiston
va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025–2026 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat
sohalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning asosiy ko‘rsatkichlari etib
quyidagilar belgilansin:
(a) Mo‘g‘ulistondan
O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va ularni
mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali
ularning sonini 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;
(b) bosqichma-bosqich
jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni
yo‘lga qo‘yish;
(v) meva-sabzavot
va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib
borib, 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
(g) O‘zbekiston
va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida
tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish.
II. Mo‘g‘ulistondan
mayda shoxli mollarni import qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
2. Belgilansinki,
2025 yil 1 avgustdan 2027 yil 31 dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli
mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik sub’ektlariga:
(a) havo
transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan
kompensatsiya qilinadi. Bunda ushbu kichik bandda nazarda tutilgan xarajatlar
uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida Qishloq
xo‘jaligi vazirligiga chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan xorijiy davlatlardan
import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echki, ona baliq va jo‘jalarni sotib
olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan mablag‘lar
doirasida moliyalashtiriladi;
(b) qo‘shilgan
qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov
ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.
3. Iqtisodiyot
va moliya vazirligi boshqa xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish hisobidan 2027 yil
uchun Davlat byudjeti parametrlarida ushbu qarorning 2-bandi “b” kichik bandida
ko‘rsatilgan to‘lovlarni qoplab berish bo‘yicha xarajatlarni nazarda tutsin.
4. Markaziy
bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining
Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda quyidagi
takliflariga rozilik berilsin:
(a) chorvachilik
yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini
tadbirkorlik sub’ektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank
marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratish. Bunda tijorat
banklarining mazkur kichik bandda nazarda tutilgan kreditlarni imtiyozli
shartlarda ajratish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetiga to‘lanadigan
dividendlarini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoplanadi;
(b) tadbirkorlik
sub’ektlariga ajratiladigan kredit mablag‘lari uchun sug‘urta mexanizmidan
foydalangan holda mol-mulk garov ta’minotini 50 foizgacha etib belgilash.
5. Veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi
o‘rinlarda – Veterinariya qo‘mitasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining kafilligi asosida bir oy
muddatda qaytarish sharti bilan Veterinariya xizmati va chorvachilikni
rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik sub’ektlariga
Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni yetkazib berishda moliyaviy ko‘mak
ko‘rsatish huquqi berilsin.
6. Mo‘g‘ulistondan
O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning hududlar kesimidagi
taqsimoti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Buxoro,
Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent
viloyatlari hokimlari bir hafta muddatda mayda shoxli mollarni parvarishlash
uchun ozuqa yeri, chorvachilik majmuasi va mutaxassisi (veterinar) mavjud
bo‘lgan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Veterinariya qo‘mitasiga taqdim
etsin.
8. Belgilab
qo‘yilsinki, Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni
muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada
rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi qaroriga asosan
Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo
yaylov xo‘jaliklari balansidagi yerlar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni
O‘zbekistonga kamida 1 000 bosh import qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga
quyidagi shartlar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi:
(a) naslchilik
va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli
mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish;
(b) yaylovlarda
ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma,
cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish.
III. Mo‘g‘ulistonga
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish ishlarini
tashkillashtirish
9. O‘simliklar
karantini va himoyasi agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,
Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2025–2026 yillarda:
(a) Mo‘g‘ulistonning
yirik savdo markazlarida “O‘zbekiston mahsulotlari” yarmarkasini tashkil etsin
hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan eksport qilib, kelgusida
boshqa davlatlarga reeksportni amalga oshirsin;
(b) Ulan-Bator
shahridagi yirik savdo maydonlarida O‘zbekiston mahsulotlari stendini tashkil
etib borsin;
(v) O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston
savdo uyini tashkil etsin;
(g) Mo‘g‘ulistonning
importchi korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga
tashrifini tashkil etgan holda biznes uchrashuvlar o‘tkazsin.
IV. Mayin jundan
aralash ip va mato ishlab chiqarishni tashkil etish
10. Savdo-sanoat
palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining
quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) 2025 yil
yakuniga qadar O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarida dastlabki bosqichda sinov
tariqasida aralash ip va mato ishlab chiqarish uchun Mo‘g‘ulistondan
“O‘zsanoateksport” AJ orqali markazlashgan holda mayin jun va kashemir olib
kelish. Bunda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ushbu maqsadlar uchun
“O‘zsanoateksport” AJga uning buyurtmanomasiga asosan belgilangan tartibda
mablag‘ ajratadi;
(b) 2026 yil
yakuniga qadar Mo‘g‘ulistondan import qilingan mayda shoxli mollardan
olinadigan junni qayta ishlash bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning
Mo‘g‘ulistonning kashemir ishlab chiqarish va to‘qimachilik korxonalarida
malakasini oshirgan holda junni qayta ishlash korxonasini tashkil etish.
V. Qishloq
xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va
mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish
11. Agrosanoatni
rivojlantirish agentligi 2026 yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistonga sovuqqa
chidamli va serhosil 10 ming dona meva ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish
texnologiyalari bilan birga yetkazsin hamda 15 gektar yer maydonida zamonaviy
sanoatlashgan intensiv bog‘ tashkil etishga ko‘maklashsin. Bunda meva
ko‘chatlari va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini sotib olib, uni
Mo‘g‘ulistonga yetkazish xarajatlarini qoplash Agrosanoatni rivojlantirish va
qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari”
MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.
12. Qishloq
xo‘jaligi vazirligi 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar
universiteti va Mo‘g‘uliston tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida magistratura
mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilishini
ta’minlasin.
VI. Qaror
ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
13. Bosh vazir
o‘rinbosarlari J. Qo‘chqorov va J. Xodjayev ikki oy muddatda
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar va loyihalarni
moliyalashtirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini aylanma mablag‘lar bilan
ta’minlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari
hamda Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari ekvivalentida
2030 yil 31 dekabrga qadar qaytarish sharti bilan past foizli mablag‘ jalb
qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif
kiritsin.
14. Vazirlar
Mahkamasi (Xodjayev) ikki hafta muddatda mazkur qarorning 2 va 4-bandlariga
muvofiq quyidagilarni tasdiqlasin:
(a) havo
transportida tashish xarajatlarining 50 foizini Davlat byudjeti hisobidan
kompensatsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni;
(b) Veterinariya
xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
tadbirkorlik sub’ektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni olib kelish
uchun moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni.
15. Transport
vazirligi o‘n kun muddatda:
(a) Veterinariya
qo‘mitasi bilan birgalikda mayda shoxli mollarni Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga
havo transporti orqali olib kelish;
(b) O‘simliklar
karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga havo transporti orqali eksport qilishni
tashkil etish choralarini ko‘rsin.
16. Veterinariya
qo‘mitasi bir hafta muddatda Mo‘g‘ulistondan import qilinadigan mayda shoxli
mollar nasli, vazni va yoshi bo‘yicha talablarni ishlab chiqib, hududlar va
tadbirkorlarga yetkazsin.
17. 2025–2026
yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida
amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq
tasdiqlansin.
18. Mazkur qaror
ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib quyidagilar
belgilansin:
(a) qishloq
xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov – Mo‘g‘ulistonda sabzavot va poliz
ekinlarini yetishtirish hamda agrar sohada ilmiy hamkorlikni samarali yo‘lga
qo‘yishga;
(b) qishloq
xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov va Veterinariya qo‘mitasi raisi
B.Norqobilov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda
shoxli mollarni olib kelish havo transporti xarajatining bir qismini qoplab
berishga;
(v) Veterinariya
qo‘mitasi raisi B.Norqobilov:
(i) Mo‘g‘ulistondan
mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilish hamda naslchilik va seleksiya
ishlarini rivojlantirish orqali ularning sonini mahalliy sharoitga
moslashtirgan holda 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;
(ii) Mo‘g‘ulistondan
olib kelinadigan mayda shoxli mollarni mahalliy sharoitga moslashtirish, ularni
ko‘paytirish bo‘yicha choralarning natijadorligi, taqdim etilgan imtiyozlarning
samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga
har oy yakuni bilan hisobot kiritib borishga;
(g) O‘simliklar
karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev – Mo‘g‘ulistonga
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini keskin oshirishga;
(d) Savdo-sanoat
palatasi raisi D.Vaxobov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan
mayda shoxli mollarning junini qayta ishlashga.
19. Qaror ijrosi uchun mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev