Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i
(Sustainable Development Solutions Network – SDSN) tomonidan 2025 yil uchun
e’lon qilingan Barqaror rivojlanish hisoboti reytingida O‘zbekiston 73 ball
bilan 62-o‘rinni egalladi (qariyb 45 foiz maqsadlarga erishilgan yoki erishish
jarayonida).
Ma’lumot uchun: mazkur hisobot SDSN tomonidan mustaqil
baholash asosida tayyorlanib, Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) sohasida
mamlakatlarning taraqqiyot darajasini yillik asosda aniqlab boradi.
Ushbu tarmoq Kolumbiya universiteti professori va BMT
Bosh kotibining BRM bo‘yicha maslahatchisi professor Jeffrey Sachs tomonidan
tashkil etilgan.
O‘zbekiston joriy yilda 2024 yilga nisbatan 19 pog‘ona
yuqoriladi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida 2015
yildan beri eng tez o‘sayotgan mamlakat sifatida e’tirof etildi, deyiladi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotida.
Joriy yilning 24 iyun kuni mazkur Hisobotning onlayn
taqdimoti o‘tkazilib, unda professor Jeffrey Sachs, O‘zbekiston Respublikasi
iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Afrika taraqqiyot
banki vitse-prezidenti Kevin Chika Urama, Tsinxua universiteti professori Devid
Li, Pensilvaniya universiteti professori Eugenie Birk, SDSN vitse-prezidenti
Guillaume Lafortune va boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida vazir o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev
O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida amalga oshirilgan
islohotlar va mavjud milliy moliyaviy mexanizmlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, global moliyaviy tizimni isloh
qilish, past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun uzoq muddatli va qulay
moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Professor Jeffrey Sachs o‘z nutqida quyidagilarni
ta’kidladi:
“Barqaror rivojlanishga erishishda eng birinchi
navbatda mamlakatdagi siyosiy yetakchilik muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda
nafaqat ichki va tashqi resurslarni yo‘naltirish, balki ularning
samaradorligini ta’minlash zarur.”
Xususan, professor Jeffrey Sachs hamda Afrika
taraqqiyot banki vitse-prezidenti Kevin Chika Urama O‘zbekistonda Barqaror
rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni
yuqori baholadi. Bunda siyosiy irodaning mustahkamligi va qat’iy yetakchilik
asosiy omil sifatida alohida ta’kidlandi. Shuningdek, kambag‘allikni
qisqartirish bo‘yicha erishilgan natijalarga xalqaro ekspertlar alohida e’tibor
qaratdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga
oshirilayotgan institutsional va tarkibiy islohotlar, jumladan, kambag‘allikni
qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy himoya va munosib
ish o‘rinlarini yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifatini oshirish, gender
tenglikni ta’minlash, shuningdek, raqamli va yashil iqtisodiyotni
rivojlantirish hamda statistika sohasida ochiqlikni mustahkamlash
yo‘nalishlarida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar O‘zbekistonning
barqaror rivojlanish global indeksida yuqori o‘sishiga asosiy turtki bo‘ldi va
xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
22 07 2025 / 11:00