Bugun
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi
tomonidan yengil sanoat va xizmatlar, transport-ekspeditorlik xizmatlari
sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil
etildi.
Unda aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli
tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasining
mazmun-mohiyati deputatlar va mutaxassislar tomonidan qizg‘in muhokama
qilindi.
Davra suhbati avvalida qo‘mita raisi Sharofiddin Nazarov mamlakatimizda
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularga keng
imkoniyat va sharoitlar yaratish, tadbirkorlik muhitini kengaytirish orqali
aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu
borada soha vakillariga keng soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim
etilayotgani tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga katta turtki
bo‘lmoqda.
Davra suhbatida yangi ishlab
chiqilgan qonun loyihasi batafsil muhokama qilindi. Soliq-bojxona siyosati va
daromadlar prognozi departamenti direktori o‘rinbosari A.Salohiddinov qonun
loyihasida nazarda tutilayotgan normalar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, mazkur loyiha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini
qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasida teng raqobat muhitini ta’minlashga
qaratilgan. Unga ko‘ra, yaylov xo‘jaliklarining yaylov yerlarini yer solig‘idan
ozod qilish, yangi bog‘larni barpo etishda import qilinadigan ko‘chatlar va
payvandtaglar hamda ayrim texnikalarni 2028 yilga qadar qo‘shilgan qiymat
solig‘i (QQS)dan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, 2028 yilga qadar xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik
sub’ektlarining 30 yoshdan oshmagan xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1
foiz etib belgilash, tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoatida
ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun foyda solig‘ini 2 foiz va ijtimoiy soliq
stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, transport-ekspeditorlik xizmatlari va farmatsevtika
mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ham bir qator soliq imtiyozlarini taqdim
etish ko‘zda tutilmoqda.
Davra suhbatida deputatlar va
mutaxassislar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi.
Loyihani takomillashtirish yuzasidan taklif-tavsiyalar bildirildi.
M.Komilova,
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 07 2025 / 11:43