O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligida ijtimoiy sohaga
yo‘naltirilayotgan davlat investitsiyalarining shaffofligi va samaradorligini
oshirishga qaratilgan yangi geoportal taqdimot qilindi.
Raqamli platforma 23
mingdan ortiq infratuzilma ob’ektlari, shu jumladan, 11 127 ta maktab,
6 888 ta bolalar bog‘chasi, 3 689 ta tibbiyot muassasasi va 879 ta
sport majmuasini qamrab olgan. Geoportal Agentlik huzuridagi “Delivery Unit” loyiha ofisi tomonidan grant
va kredit mablag‘larini jalb etmagan holda ochiq texnologiyalar va mahalliy
mutaxassislarning yechimlari asosida ishlab chiqildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida
Mirziyoyeva ko‘magida amalga oshirilib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida
belgilangan maqsadlarga erishishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Platforma
orqali foydalanuvchilar ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining holati, shu
jumladan, suv ta’minoti, isitish tizimi, faollar zallari, sanitariya
sharoitlari va boshqa asosiy parametlar bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot
olishi mumkin bo‘ladi. Masalan, maktablarning atigi 52 foizi markazlashtirilgan
ichimlik suv ta’minoti ega, 9 foizi ichimlik suvi bilan umuman ta’minlanmagan.
Shuningdek, maktablarning deyarli yarmida faollar zali yo‘q. Tibbiyot
muassasalarning bor-yo‘g‘i 70 foizi ichimlik suvi tarmog‘iga ulangan.
Platforma mamlakatdagi barcha
ijtimoiy ob’ektlarning holatini raqamlashtirish va kuzatish, loyihalar qanday
amalga oshirilayotganini ko‘rish, tashkilotlar o‘rtasidagi harakatlarni
muvofiqlashtirish, real ma’lumotlar asosida ijtimoiy ob’ektlar tarmog‘ini
rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish, shaffoflik va fuqarolar
ishtirokini ta’minlash imkonini beradi.
Geoportal fuqarolar
va mutaxassislarga interaktiv xaritani taqdim etib, unda eng yaqin ijtimoiy
infratuzilma ob’ektlarini topish, ularning quvvati, holati va tarmoqlarga
ulanganlik darajasini bilish mumkin. Shuningdek, masofani hisoblash, qulaylik
bo‘yicha hududlarni taqqoslash va yillar bo‘yicha ko‘rsatkichlarni tahlil
qilish funksiyalari mavjud. Shu bilan birga, platforma sun’iy yo‘ldosh
ma’lumotlari, shu jumladan, 2020 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda yashil
hududlar (NDVI), suv ob’ektlari (NDWI) va qurilish (NDBI) ko‘rsatkichlaridan
foydalanadi.
Har bir foydalanuvchi “Real holat” Telegram boti orqali
ma’lumotlarga aniqliklar kiritishi mumkin. Bu ob’ektlarning hozirgi
holati to‘g‘risida maksimal darajada aniq ma’lumot shakllantirish imkonini
beradi. Yaqin kunlarda platforma OneID tizimi bilan to‘liq integratsiya
qilinib, barcha ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari bo‘yicha fikr-mulohazalar
qoldirish mumkin bo‘ladi.
— Yangi geoportal
ijtimoiy infratuzilmaga davlat investitsiyalarini rejalashtirish, baholash va
monitoring qilishga mo‘ljallangan kuchli tahliliy vositadir, — deydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Startegik islohotlar agentligi “Delivery Unit”
rahbari Aziza Umarova. — Uni yaratish uchun ishlar noldan olib borilgan, ya’ni
ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha ob’ektlar hamda davlat sport
muassasalari bo‘yicha ma’lumotlar to‘planib, raqamlashtirildi. Ilk bor har bir
mahalla kesimida maktab, bolalar bog‘chasi va tibbiyot muassasalarining
ichimlik suvi va oqova tizimiga ulanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona
tizimda jamlandi. Yig‘ilgan ma’lumotlar ijtimoiy
sohaga oid investitsiya dasturlarini shakllantirish uchun asos bo‘ldi. Eng
muhimi, istiqbolda geoportal investitsiyalar belgilangan manzilga yetib bordimi
yo‘qmi, ular hududlardagi turmush sharoitini yaxshilashga qanchalik ta’sir
ko‘rsatganini monitoring qilishda muhim vositaga aylanadi. Platforma multidissiplinar bo‘lib,
investitsiyaviy ehtiyojlar, demografik vaziyat, iqlim o‘zgarishining
oqibatlari, migratsiya jarayonlari kabi ko‘plab omillarni kompleks tahlil
qilish imkonini beradi. Masalan, agar tumanda aholi sonining oshishi yoki
aholini ko‘chirishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan iqlim tahdidlari mavjud
bo‘lsa, bu maktab yoki poliklinika qurilishi to‘g‘risida qaror qabul qilishda
hisobga olinishi kerak. Biz qarorlar taxminlarga emas, ishonchli ma’lumotlarga
asoslanishiga harakat qilamiz. Fuqarolarning ishtirokiga ham alohida e’tibor
qaratilmoqda. Bu ishni amalga oshira olganimizdan hursandmiz, lekin
ma’lumotlarni qayta tekshirishda fuqarolar ham qatnashishini hoxlaymiz. Maktablar
bo‘yicha ma’lumotlar bilan hozirning o‘zida tanishish mumkin, yaqin
kunlarda sog‘liqni saqlash, sport va boshqa yo‘nalishlardagi ob’ektlar bo‘yicha
ma’lumotlar ham paydo bo‘ladi. Fuqarolar platformaga kirib, ma’lumotlarni
ko‘rishini va biron bir ma’lumotga aniqlik kiritish lozim bo‘lsa, bu haqda
xabar berishlarini istardik. Hozirda 15 ga yaqin ma’lumotlar keng
jamoatchilikka taqdim etilgan, ammo biz ochiq ma’lumotlar ko‘lamini
bosqichma-bosqich kengaytirib borishni rejalashtirayapmiz. Portal ilg‘or
tahlil vositalari, shu jumladan, sun’iy intellekt asosidagi modullarni ham
taqdim etadi. Bu, ayniqsa, davlat organlari uchun foydali, chunki platforma bir
necha soniya ichida hisobotlarni tayyorlash, hududlar bo‘yicha vaziyatni tahlil
qilish va asoslangan qarorlarni qabul qilish imkonini beradi. Masalan, bugun
biz Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suv ta’minoti bilan
bog‘liq jiddiy muammolar borligini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yangi geoportal
Strategik islohotlar agentligining rasmiy saytida ochiq holda joylashtirilgan.
Uni rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda va yaqin kelajakda platforma
O‘zbekiston ijtimoiy infratuzilmani boshqarish tizimi raqamli
transformatsiyasining ajralmas qismiga aylanadi.
Ta’kidlanganidek, platforma davlat dasturlarining jamoatchilik tomonidan
monitoring qilinishi uchun ham asos bo‘ladi. 2025 yil oktyabr oyiga qadar
maktab, bolalar bog‘chalari va poliklinikalarda sanitariya-gigiyena
sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan “Toza qo‘llar” tashabbusining amalga oshirilishini
baholash moduli ishga tushiriladi.
Ayni paytda davlat tashkilotlari
geoportalning kengaytirilgan tahliliy funksiyalariga ega to‘liq versiyasidan
foydalanishi mumkin bo‘lib, u binolarning zilzilaga bardoshliligi, elektr
energiyasi uzilishlari, tomlarning holati kabi 70 dan ortiq muhim
ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Portal uchun ma’lumotlarni to‘plash va
tekshirish bo‘yicha ishlar uch bosqichda amalga oshiriladi. Eng avvalo,
birlamchi bo‘g‘in rahbarlaridan ma’lumotlar yig‘iladi. So‘ng, ular tegishli
vazirliklar orqali qayta tekshirilib, oxirgi bosqichda fuqarolar taqdim etgan
ma’lumotlar bilan solishtiriladi.
Platformadan Strategik islohotlar agentligining rasmiy saytida — https://asr.gov.uz/geoportal/ foydalanish
mumkin. Uning ishga tushirilishi davlat boshqaruvi tizimini raqamlashtirish,
fuqarolarning ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy sohada davlat
investitsiyalarining samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
A.Alimova, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 07 2025 / 15:14