Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalambor, Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar
Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga va Turkmaniston xalqining Milliy yetakchisi,
Xalq Maslahati Raisi hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga
samimiy qabul va bugungi konferensiyani yuksak darajada tashkil etganlari uchun
chin qalbimdan minnatdorlik izhor etaman.
Ushbu forumning Turkmaniston tashabbusi bilan
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va
ishonch yilida, Kaspiy mo‘’jizasi – go‘zal Avazada o‘tkazilayotgani ramziy
ma’noga ega.
O‘zbekiston qardosh Turkmanistonning Barqaror
rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik hamda
farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi va
qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu
Guterrish janoblariga dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning
muammolarini ustuvor xalqaro masala sifatida ilgari surishga shaxsan e’tibor
ko‘rsatib kelayotgani uchun alohida tashakkur bildiraman.
Biz Avaza siyosiy deklaratsiyasini to‘liq
qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘n yillik Harakatlar dasturini amalga oshirishda faol
ishtirok etamiz.
Hurmatli anjuman
ishtirokchilari!
Bugungi konferensiyada muhokama qilinayotgan
masalalar barchamiz uchun hayotiy muhim ahamiyatga egadir.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz dengiz kommunikatsiyalariga
faqat bir necha davlatlar hududi orqali chiqishi mumkin. Biz uchun deyarli uch
ming kilometr masofada joylashgan portlardan geografik olislik bir qator
ob’ektiv muammolarni vujudga keltirmoqda. Bular – yuqori tariflar, transport
yo‘laklari va infratuzilmalarning o‘tkazish imkoniyati cheklangani, shuningdek,
boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqlikda namoyon bo‘lmoqda.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, transport
xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy
Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotmoqda.
Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetmoqda. Bu
raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir.
Shu bois ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va
logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror
taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.
Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental
masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega
bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish
imkoniyatini ta’minlashdir.
Bu o‘ta dolzarb vazifani hal etish uchun uchta
prinsipial shartni bajarish lozim. Bular – barqaror rivojlanish asosi sifatida
infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarini bartaraf etish
maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, global teng huquqlilikning muhim
elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdir.
Shu maqsadda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda, xususiy
sektorni faol jalb etgan holda, zamonaviy transport-logistika tarmoqlarini
barpo etish bo‘yicha tizimli qadamlar tashlanganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Mamlakatimiz logistika ochiqligi va shaffofligi
masalalarida yuqori dinamika ko‘rsatmoqda. Savdo-transport jarayonlarini
raqamlashtirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyotda tuzilmaviy islohotlar, savdo tizimi
liberallashgani va investitsiya muhiti tubdan yaxshilangani salmoqli natijalar
bermoqda. Raqobatdoshlik oshdi, innovatsion taraqqiyot tezlashdi.
Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi
darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda.
Hozirgi kunda mintaqamizda yagona transport-logistika
makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubi
o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirish uchun dastur va loyihalar
amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 4,5 marta,
sarmoyalar esa ikki barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni besh karra ko‘paydi.
Joriy yilda hamkorlarimiz bilan birga Xitoy –
Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga kirishdik. O‘zbekiston –
Turkmaniston – Eron – Turkiya transport yo‘lagida yuk tashish hajmi sezilarli
darajada o‘sdi.
Hurmatli konferensiya
qatnashchilari!
Bugun umumiy tahdid va muammolarni yengib o‘tish
bo‘yicha aniq, amaliy va institutsional jihatdan ta’minlangan qarorlar o‘ta
muhimdir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston quyidagilarni taklif
etadi.
Birinchidan, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini
jadal rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur.
Biz O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘lini
qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdorimiz.
Ushbu istiqbolli yo‘lakni qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir
yo‘l magistrali bilan bog‘lash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va
barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar
ochadi.
Biz, shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga
ustuvor ahamiyat qaratamiz. Uni to‘liq ishga tushirish uchun, birinchi
navbatda, kelishilgan tranzit siyosati, tartibotlarni soddalashtirish va
konteynerlarda yuk tashish uchun maqbul tariflarni joriy etish muhimdir.
Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida
dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari
to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan
adolatli foydalanish shartlarini ta’minlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni
pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish
uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab tobora o‘sib bormoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport
infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyalar yiliga qariyb 40
milliard dollar, deb baholanmoqda.
Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti
shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika
integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif etamiz.
Ushbu jamg‘armaga donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global
dasturlar resurslarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan
mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari
suramiz.
Bu mamlakatlarimizning tranzit borasida cheklangan
imkoniyatlarini xolis ko‘rib chiqish va mavjud sharoitlardan kelib chiqib,
xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni samarali
taqsimlashning ta’sirchan vositasiga aylanadi.
Eng asosiysi – ushbu indeks mamlakatlarimizning
raqobatbardoshligi va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholashda hisobga
olinishi kerak.
Beshinchidan, O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun
Innovatsion xabni yaratish bo‘yicha taklifimizni amalga oshirish prinsipial
ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Mazkur xab moslashuvchan
agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini
ta’minlashga oid innovatsion loyihalarni ilgari surish, o‘zaro bilim va tajriba
almashishga xizmat qiladi.
Oltinchidan, umumiy
tahdidlarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga
mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari”ni faol jalb etish
muhim.
Bu borada xalqaro anjuman va
davra suhbatlari o‘tkazishni taklif qilamiz. Bunday tadbirlar kun tartibiga
global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur
integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal
rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni
qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin.
O‘zbekiston, shuningdek,
dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi
faoliyatiga qo‘shilish niyatida.
Hurmatli
delegatsiyalar rahbarlari!
Global bozorlarga chiqish barcha uchun teng bo‘lishi
kerak. Bu – nafaqat iqtisodiy zarurat, balki birinchi galda, barqaror
rivojlanishning muhim omili, xalqaro munosabatlarda ishonch va hamkorlik
shartidir.
O‘zbekiston global taraqqiyotning yanada adolatli
arxitekturasini shakllantirish borasida konstruktiv va uzoq muddatli
sheriklikka doim ochiq va tayyor ekanini sizlarga yana bir bor bildirmoqchiman.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
05 08 2025 / 15:44