Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi marta mamlakat maktablari
bitiruvchilariga tabriknoma yo‘lladi. Bu yili qariyb 438 ming nafar
o‘quvchi yoshlar yetuklik shahodatnomalarini qo‘lga olishadi.
O‘zbekiston
prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat maktablari bitiruvchilariga tabriknoma
yo‘lladi. Davlat rahbarining bu kabi tabrigi ilk bor e’lon qilinmoqda.
«Avvalo,
barchangizni beg‘ubor o‘quvchilik yillaringizni ortda qoldirib, qadrdon
maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashib, hayotingizning yangi,
yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan
muborakbod etaman», — dedi prezident. Bu yili qariyb 438 ming nafar
o‘quvchi yoshlar yetuklik shahodatnomalarini qo‘lga olmoqda.
«Bu nafaqat
siz, aziz farzandlarimiz, balki biz — ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun
ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar
bilan to‘lgan sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz
uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasidagi
sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz
kelajagini ko‘ramiz», — deyiladi tabriknomada.
«Sizlar keyingi ikki yil davomida pandemiya sharoitida o‘qib
va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish ko‘nikmalarini ham
egallashingizga to‘g‘ri keldi. Albatta, bu murakkab sinovli kunlar hademay
o‘tmishga aylanadi», — dedi davlat rahbari.
«Ishonchim
komil, yangi O‘zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida
ta’lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz,
xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada
samarali foydalanasiz», — dedi u.
Tabriknomada
ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar ham sanab o‘tilgan.
To‘rt yil
ichida 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab
rekonstruksiya qilindi. Hozirda respublikada 10 mingdan ziyod davlat
umumta’lim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik
shaklidagi maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 56 ta — matematika,
28 ta — kimyo-biologiya, 14 ta — axborot texnologiyalari fanlariga
ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.
Co‘nggi
vaqtlarda fizika va chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochishga
alohida e’tibor bermoqdamiz. Sentyabr oyida 14 ta fizika va 207
ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab o‘z faoliyatini boshlaydi, deb
ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.
«Bitiruvchi
yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan 2020
yilda 25 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030 yilda
50 foizga yetkazish — asosiy vazifamizdir», — deya ta’kidladi
prezident.
«Mamlakatimizda
faoliyat ko‘rsatayotgan 137 ta oliy o‘quv yurti, 339 ta kasb-hunar
maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir.
Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma’lumot olish
imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy ta’lim
muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki bo‘limlar faoliyat
ko‘rsatmoqda», — dedi davlat rahbari.
Iqtisodiyotning
turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, so‘nggi 5 yilda
bakalavriat bosqichida 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147
ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi. OTMlarda 2021−2022 o‘quv yilidan
boshlab bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklida ham kadrlar tayyorlash
yo‘lga qo‘yiladi.
«Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng
ilg‘or oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil
etilayotgan — „Yangi O‘zbekiston“ universiteti ham siz, aziz
yoshlarimizni joriy yildan o‘z bag‘riga chorlaydi», — dedi u.
«Макtaбни
bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi e’tibordan chetda qolmaydi.
Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak
e’tiborini his qilib yashaydi. Hech qachon unutmang - sizlar inson
har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston, yangi
Renessans bunyodkorisizlar», — deya bitiruvchilarga yuzlandi Shavkat
Mirziyoyev.
«Xalqimizning
ana shunday yuksak ishonchiga doimo munosib bo‘ling! Sizlarning o‘z oldingizga
yuqori maqsadlar qo‘yib, vaqtingizni behuda o‘tkazmay, doimo bilim va
ko‘nikmalaringizni oshirib borishingiz, yangi kasb-hunarlarni egallashingiz
va eng asosiysi o‘z maqsadingiz sari tinmay harakat qilishingiz albatta
kelgusidagi muvaffaqiyatlaringiz garovidir. O‘rganish, izlanish
va intilishdan aslo to‘xtamang!», — dedi davlat rahbari.
«Barchangizga
sihat-salomatlik, ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq
va omadlar tilayman. Mening aziz o‘g‘il-qizlarim, mustaqil va katta
hayotga qo‘ygan ilk qadamingiz ishonchli va muvaffaqiyatli bo‘lsin! Men
sizlarga ishonaman, mening yosh do‘stlarim!» — deya yakunladi Shavkat
Mirziyoyev.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
25 05 2021 / 17:18