Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda 2030-yil oxirigacha YTT va o‘zini bandlaganlar uchun alohida huquqiy rejim joriy etiladi



Ulashing :


2030-yil oxiriga qadar YTTlar va o‘zini band qilganlar uchun yagona raqamli platformaga ega alohida huquqiy rejim joriy etiladi. U orqali faoliyatni rasmiylashtirish, hisob-kitoblarni boshqarish, soliq to‘lash, chek yaratish va elektron hamyon ochish mumkin bo‘ladi. Hujjatlar elektron kalitsiz imzolanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni tasdiqladi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu toifa uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar alohida huquqiy rejim joriy etiladi. Unda asosiy xizmatlar — ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, hisobot berish va soliq to‘lashgacha bo‘lgan xizmatlarni o‘zida birlashtirgan yaxlit raqamli platforma yaratish ko‘zda tutilgan.

Platforma orqali tadbirkorlar o‘z faoliyatini rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlarini ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, to‘lovlarni amalga oshirish va cheklar yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy bo‘ladi.

2025-yil 1-noyabrdan boshlab ushbu jarayonlarda QR-kodlar va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlar elektron kalitsiz masofaviy biometriya va SMS-xabarnomalar yordamida imzolanishi mumkin. Ushbu ma’lumotlar qog‘oz hujjatlarga teng bo‘ladi.

“Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini band qilganlar 1 foiz miqdorida aylanma solig‘i to‘laydi. Elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodga ega bo‘lish chakana savdo qoidalarining majburiy talabiga aylanadi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

12 08 2025 / 9:44