Yetuk kadrlar
tayyorlash davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Shu maqsadda
tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2018 - 2025 yillarda 2,3
ming nafarga yaqin stipendiat dunyoning 45 mamlakatiga ta’lim olishga
yuborildi.
Bugungi kunda 1,4 ming nafardan ortiq bitiruvchi
O‘zbekistonga qaytib kelib, iqtisodiyot, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat
boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda. 740 nafardan ortiq stipendiat hozirda dunyoning
nufuzli Top-300 talik reytingiga kiruvchi universitetlarda tahsil
olmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 5 maydagi “Iqtidorli
mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy
ko‘nikmalarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan mutaxassislarni xorijda
tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi”
jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli
kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta
tashkil etildi.
Maqsad iqtidorli yoshlar va mutaxassislarni xorijdagi
nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda o‘qishini tashkil etish hamda
davlat xizmatchilarini xorijiy mamlakatlarda o‘qitish va stajirovkasini tashkil
etish orqali ularning kasbiy ko‘nikmasi, bilimi va tajribasini yanada
oshirishdan iborat.
Qayta tashkil etish kadrlar tayyorlash ko‘lamini
kengaytirishga qaratilgan. Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Boshqaruv
samaradorligi agentligi bilan hamkorlikda inson kapitaliga investitsiya
kiritishning strategik platformasi sifatida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yagona
klaster shakllantirildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy missiyasi –
dunyoning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida ta’lim olgan yangi
avlod yetakchilari va mutaxassislar jamoasini shakllantirishdan iborat. Ular Vatanga qaytib kelib,
ilg‘or bilimlarni joriy etish, davlat institutlarini mustahkamlash, sog‘liqni
saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, raqamlashtirish, madaniyat va boshqa muhim
sohalarni yangi bosqichga ko‘tarish orqali Yangi O‘zbekistonni barpo etishga
hissa qo‘shadi.
Jamg‘arma iqtidorli yoshlar va global ta’lim tizimi
o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘tab, shu orqali barqaror o‘sishning
asosiy resursi sifatida inson kapitalini mustahkamlaydi.
Yangi strategiya doirasida hududlardagi iste’dodli
yoshlar, ayollar, ilm-fan va davlat boshqaruvi sohasi vakillarini ularning
joylashuvi yoki ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qo‘llab-quvvatlashga alohida
e’tibor qaratilmoqda. Bu barqaror rivojlanishning global maqsadlariga, jumladan, “Hech kim
ortda qolmasin” degan muhim tamoyilga hamohang.
Transformatsiyalardan keyingi dastlabki 100 kun
Keng ko‘lamli transformatsiyalardan keyingi dastlabki
100 kun ichida «El-yurt umidi» jamg‘armasi iste’dodlarni jalb qiluvchi dinamik
markazga, xalqaro standartlar va mamlakatning strategik manfaatlariga
yo‘naltirilgan ochiq platformaga aylandi.
Yangilangan tuzilma, shaffof tanlov o‘tkazishning
yangi talablari va mezonlari, xalqaro aloqalarning kengayishi – bularning
barchasi jahon akademik tajribasini kadrlar tayyorlash milliy tizimiga
integratsiya qilish bo‘yicha tizimli yo‘nalishning bir qismiga aylandi.
Bir so‘z bilan aytganda, jamg‘arma faoliyatini sifat
jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, kadrlar tayyorlashga yondashuvning o‘zini
qayta shakllantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ushbu chora-tadbirlar
o‘zbekistonlik yoshlar va mutaxassislarga jahon darajasidagi bilim va
ko‘nikmalarni egallash hamda ularni mamlakat farovonligi yo‘lida qo‘llash
imkonini beradigan keng ko‘lamli tashabbuslar uchun mustahkam poydevor
yaratmoqda.
Yangi jamoa – yangi imkoniyatlar
O‘zgarishlar markazida yetakchi xorijiy
universitetlarda ta’lim olgan va xalqaro tashkilotlarda ish tajribasiga ega
bo‘lgan mutaxassislar jamoasini shakllantirish turadi.
Belgilangan yangi, keng qamrovli vazifalardan kelib
chiqib, «El-yurt umidi» jamg‘armasi jamoasi yuqori malakali, nufuzli ta’lim
muassasalarini tamomlagan yosh va istiqbolli mutaxassislardan
shakllantirildi.
Xodimlarning o‘rtacha yoshi – 34 yoshni tashkil etadi.
Ularning uchdan bir qismi xotin-qizlar bo‘lib, jamoa a’zolarining 95 foizi oliy
ma’lumotli, shundan qariyb yarmi turli sohalarda magistrlik darajasiga ega.
E’tiborli jihati shundaki, 9 nafar xodim «El-yurt
umidi» jamg‘armasi stipendiatlari hisoblanadi. Ular o‘zlari xorijda ta’lim olish yo‘lidan o‘tgan
bo‘lib, endi O‘zbekiston kelajagini shakllantira oladigan yangi avlod
yetakchilari, iqtidorli yoshlar va mutaxassislarning xorijdagi nufuzli
universitetlarda ta’lim olishini tashkil etish orqali ularning kasbiy
ko‘nikmalari, bilimi va tajribasini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bunday kadrlar tarkibi ilg‘or ta’lim amaliyoti va
yondashuvlarini joriy etishning kafolati bo‘ladi.
Ochiq va shaffof tanlov
«El-yurt umidi» jamg‘armasining 2025 yil 1-ochiq
stipendiya tanlovi ochiqlik, shaffoflik, teng imkoniyat va adolat tamoyillari asosida
o‘tkazildi.
Qisqa muddatda my.gov.uz tizimiga integratsiya
qilingan maxsus onlayn-platforma ishga tushirildi. Bu byurokratik
tartib-taomillarni sezilarli darajada qisqartirish, shuningdek, inson omili
ta’sirini bartaraf etish imkonini berdi. Bu esa, korrupsiya xavfining oldini
olish bo‘yicha samarali chora bo‘ldi. Platforma 24/7 rejimida ishladi,
arizalarni dunyoning istalgan nuqtasidan topshirish imkoni yaratildi.
Agar 2024 yilda stipendiya olish uchun ochiq tanlovga
ariza topshirganlar soni 4,1 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilgi
birinchi ochiq stipendiya tanlovida bu ko‘rsatkich 8 mingdan oshdi.
Tanlov komissiyasi tarkibini shakllantirishga alohida
e’tibor qaratildi. A’zolarning
kamida 50 foizini xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari
tashkil etdi. Suhbat jarayoni videoyozuv va Internet tarmog‘ida onlayn
translyatsiya bilan ochiq formatda o‘tkazildi.
Tanlov bosqichlaridan o‘tish mezonlari aniq
belgilandi: test sinovlari va suhbatlar uchun minimal o‘tish bali 61 va undan
yuqori etib belgilandi.
Xalqaro ta’lim diplomatiyasi
Jamg‘arma xorijiy hamkorlar safini faol
kengaytirmoqda. Qisqa vaqt ichida yetakchi universitetlar, ilmiy-tadqiqot
markazlari, xalqaro ta’lim va boshqa tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar
o‘tkazildi.
Xususan, Davlat xizmati kolleji (davlat xizmatchilari,
davlat amaldorlari hamda hukumat rahbarlari uchun Buyuk Britaniya va butun
dunyo bo‘ylab salohiyatni oshirish dasturlarini taqdim etadi), Sirakuza
universitetining Fuqarolik va jamoat ishlari bo‘yicha Maksvel maktabi (davlat
boshqaruvi, davlat siyosati va ijtimoiy fanlar sohalarida AQSHdagi yetakchi
ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalaridan biri sifatida keng tan olingan) bilan
aloqalar o‘rnatilib, hamkorlik masalalari kelishish jarayonida.
Janubiy Kaliforniya universiteti “USC Price” xalqaro
davlat siyosati va boshqaruvi dasturi, Kolumbiya universiteti Barqaror
rivojlanish markazi, Garvard universitetining Rossiya va Yevroosiyo
tadqiqotlari bo‘yicha Devis markazi bilan stajirovkalarni tashkil etish,
qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish ustida ishlanmoqda. Shuningdek, jamg‘arma Uorvik universiteti, Vanderbilt
universiteti, Stenford universiteti Ipak yo‘li innovatsion markazi bilan
hamkorlik to‘g‘risida kelishuv va anglashuv memorandumi imzolash arafasida.
Xalqaro darajadagi ta’lim imkoniyatlari
Yaqin kelajakda jamg‘arma o‘z oldiga ulkan vazifalarni
qo‘ymoqda: hamkorlik geografiyasi kengaytiriladi va tavsiya etilgan xorijiy
oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati optimallashtiriladi. Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus
tizimida «Xirsh» indeksi (h-indeks) yuqori bo‘lgan olim, professor-o‘qituvchi
va tadqiqotchilar O‘zbekistonga jalb etiladi. Global reytinglarda birinchi 300
talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim
dasturlari amalga oshiriladi, ularning O‘zbekiston hududidagi filiallari
ochiladi. Xorijiy mamlakatlar, eng avvalo, Markaziy Osiyodan, yoshlarni milliy
oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi moliyalashtiriladi.
Bu choralar O‘zbekistonning mintaqaviy ta’lim markazi
sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini yaratadi. Shu bilan birga, madaniy almashinuv, qo‘shma ilmiy
loyihalarni rivojlantirish va uzoq muddatli hamkorlikka ko‘maklashadigan
do‘stona akademik muhit shakllanadi.
Uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida
«El-yurt umidi» jamg‘armasi O‘zbekiston davlat tuzilmalarini yetakchi xorijiy
universitetlar, ilmiy markazlar va professional hamjamiyatlar bilan
bog‘laydigan to‘laqonli ta’lim xabiga aylanishini rejalashtirgan.
Bu, nafaqat nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalari
bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, balki kadrlar tayyorlash tizimini
global ta’lim makoniga chuqur integratsiyalashga ham zamin yaratadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
15 08 2025 / 14:34