[Ko‘chirma]
Dunyodagi har bir davlatning milliy suvereniteti va
mustaqilligi shu mamlakatning xalqaro huquq subyekti sifatida jahon
hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashi, o‘z xalqining tinch va farovon
hayotini, uning eng muhim manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan mustahkam
siyosiy-ijtimoiy zamin va kuch-qudrat manbaidir.
Hech shubhasiz, 1991-yil 31-avgustda mard va olijanob
xalqimizning xohish-irodasi va azmu qarori bilan qo‘lga kiritilgan milliy
istiqlolimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi barcha islohotlarimiz
hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi tarixiy sharoitda har qachongidan ham
muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni
o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston — 2030” strategiyamizni amalga
oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish,
inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi
qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol
hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini
yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining ana shunday ulkan
ahamiyatini inobatga olib, milliy istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yillik shonli
sanasini Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi
obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlash
maqsadida qaror qilaman:
1. Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan
ishlab chiqilgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani
o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz
to‘rt yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarining g‘oyaviy-badiiy
konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
* Qarorning 1-ilovasi berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining
o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha
respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) tuzilsin
hamda uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika komissiyasi (A. Aripov):
(a) O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining
o‘ttiz to‘rt yillik bayrami (keyingi o‘rinlarda — Mustaqillik bayrami)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida,
shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda munosib
nishonlanishini ta’minlash uchun Konsepsiyaning asosiy ma’no-mazmuni va
yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda tegishli chora-tadbirlar dasturlarining
ishlab chiqilishi va bajarilishini ta’minlasin;
(b) joylarda Mustaqillik bayramining yurtimiz
taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi ahamiyatiga
bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar,
adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, umumxalq sayillari, madaniyat va
sport tadbirlarini samarali o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari,
ijodkorlar, madaniyat va san’at arboblari, sportchilar, jamoatchilik
vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq
reja asosida faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratib bersin;
(v) mazkur yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarning
amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining
hisobotlarini Respublika komissiyasi yig‘ilishlarida muntazam ravishda eshitib
borsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirlarining dasturlarini
tayyorlashga yuqori professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va
rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna
rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san’ati
vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
5. Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan
chora-tadbirlarni amalga oshirishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida
e’tibor qaratilsin:
(a) Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha sakkiz
yil oldin boshlagan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli jamiyatimizning
ijtimoiy-siyosiy manzarasi butunlay o‘zgarib borayotgani;
(b) qisqa muddatda mamlakatimiz iqtisodiyoti shiddat
bilan o‘sib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmi tarixda birinchi marta 110 milliard
AQSH dollaridan oshgani, “yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, muqobil
energiya manbalarini yaratish bo‘yicha ulkan dastur va loyihalar amalga
oshirilayotgani;
(v) yangilangan Konstitutsiyamizda belgilanganidek,
O‘zbekiston tobora inson qadri, uning huquq va manfaatlari ulug‘lanadigan
ijtimoiy davlatga aylanib borayotgani, bandlikni ta’minlash, zamonaviy ish
o‘rinlarini ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish, yordamga muhtoj
toifalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari katta ijobiy natijalar
berayotgani;
(g) ta’lim sohasidagi islohotlar ilgari tariximizda
misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga olib kelayotgani, maktabgacha ta’lim tizimida
qamrov 2017-yildagi 27 foizdan hozirgi paytda 77 foizga, oliy ta’limda esa 9
foizdan 42 foizga yetgani, yurtimizda ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar
va Prezident maktablari kabi yangi modeldagi maktablar tizimi paydo bo‘lgani;
(d) sog‘liqni saqlash, ilm-fan, IT, madaniyat,
adabiyot va san’at sohalari rivojiga ham katta e’tibor berilayotgani, Parij
Olimpiadasi va Paralimpiadasida sportchilarimiz ilk bor kuchli o‘n beshtalikdan
joy olgani, futbol bo‘yicha 17 yoshgacha o‘smirlar jamoamiz, shuningdek, milliy
terma jamoamiz O‘zbekiston tarixida birinchi marta jahon chempionatiga
yo‘llanmani qo‘lga kiritgani;
(e) “Yoshlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” degan
shior ostida navqiron avlodimizning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, ona tili
bilan birga xorijiy tillarni, IT texnologiyalarini egallashlari, tadbirkorlik
bilan shug‘ullanishlari, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun
har tomonlama qulay shart-sharoit yaratib berilayotgani, bunga javoban
o‘g‘il-qizlarimiz turli sohalarda dastlabki quvonchli yutuqlarga
erishayotganlari;
(j) keyingi yillarda shahar va qishloqlarimiz jadal
sur’atlar bilan obod bo‘lib borayotgani, “Yangi O‘zbekiston” uy-joy mavzelarini
barpo etish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ulkan ishlar
amalga oshirilayotgani, smart va innovatsion shaharsozlik asosida yangi
shaharlar barpo etilib, ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari rivojlanayotgani;
(z) ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatimizdagi
tinchlik, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik muhiti — bizning bebaho boyligimiz
ekani, uni asrab-avaylash va mustahkamlash barchamizning muqaddas burchimiz
bo‘lib qolishi zarurligi;
(i) “Armiya va xalq — bir tanu bir jondir!” degan
shior asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, mard va
jasur askar va ofitserlarimizning jismoniy, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini
yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar
amalga oshirilayotgani;
(k) O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi
qo‘shnichilik, hamkorlik va integratsiya jarayonlarini kuchaytirishdagi o‘rni
va nufuzi ortib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani;
(l) Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida ochiq,
demokratik va dunyoviy davlat sifatidagi obro‘-e’tibori va nufuzi tobora
yuksalib borayotgani.
6. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):
(a) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi,
Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida
Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirining
dasturi va ssenariysini Konsepsiya asosida ishlab chiqsin hamda uni yuksak
g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin;
(b) Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi,
Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor — ranglar jilosida”, “Vatan
uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni
yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin;
(v) Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi,
Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan
eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovlarining yakuniy bosqichini
o‘tkazsin;
(g) mazkur tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini
Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilish va tantanali ravishda taqdirlash
choralarini ko‘rsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram
tadbirlari:
(a) Qoraqalpog‘iston
Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qo‘shimcha
manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriylik asosidagi
homiylik xayriyalari hisobidan;
(b) Toshkent shahrida — Respublika komissiyasi
tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi
respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan
teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi,
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa
ommaviy axborot vositalariga Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni
o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya
etilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston
Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abdurahmonov
zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-iyul,
PQ-222-son
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
19 08 2025 / 10:44