2 sentyabr kuni Pekin shahrida O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si
Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib
o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda
strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni
kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisi va
do‘st Xitoy xalqini G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik
tashkilotining Tyanszin shahridagi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan
samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinning global
boshqaruv bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani va dolzarb
ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Davlat rahbarlari o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama
munosabatlar rivojida katta yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Barcha
darajalardagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, siyosiy muloqot
mustahkamlanib, muhim masalalar yuzasidan tomonlar bir-birini
qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
"Yagona Xitoy" siyosatini qo‘llab-quvvatlash
hamda "uch yovuz kuch" - terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi
kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.
Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy
hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili tovar
ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga
o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali
bu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish vazifasi turibdi.
Investitsiya
loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024 yilda
umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan.
Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar
faoliyat yuritmoqda, "BYD" elektromobillarini ishlab chiqarish
kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.
Tashrif arafasida
biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. "Yashil" energetika va
energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va
raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni
chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va
shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.
Eksimbank, Xitoy
davlat taraqqiyot banki, "Ipak yo‘li" jamg‘armasi va boshqa
institutlar bilan keng ko‘lamli sheriklik kengaymoqda. Eksimbank ko‘magida
yaqinda Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi.
Hududlararo
almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida
mamlakatimizda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni
amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi.
Innovatsion
loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston-Xitoy
sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.
"Xitoy -
Qirg‘iziston - O‘zbekiston" strategik temir yo‘li qurilishining amaliy
bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ilm-fan, tibbiyot,
ta’lim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda
Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish
to‘g‘risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish
rejalashtirilgan.
Joriy yilda
O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni
kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarini o‘qitish uchun kvotalarni
ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish
qo‘llab-quvvatlandi.
Mamlakatimiz
hududlarida energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot, qishloq
xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Xitoy
"Lu Ban ustaxonalari"ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Sayyohlar almashinuvi
o‘sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki
mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etildi.
Shu kunlarda Xitoy
Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda. 2027 yilda
Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida
o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinadi.
Uchrashuvda xalqaro
kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti,
SHHT, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa ko‘p tomonlama
tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom
ettirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida
O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga
taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida
o‘tdi.
uza.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
03 09 2025 / 14:09