Yangi qaror
Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat
tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida
rivojlanadi, obod bo‘ladi. Bu so‘zlarni 20 avgust kuni Prezidentimiz
tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda alohida ta’kidladi.
Joriy yil 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan
shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
qarori qabul qilindi.
Yashirin iqtisodiyot ulushini sezilarli darajada
qisqartirish, soliq solish bazasini kengaytirish, jismoniy shaxslar uchun
qonuniy faoliyatning jozibadorligini oshirish yo‘lida qabul qilingan mazkur
qaror xususida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi
maslahatchisi Umidbek САФАРОВнинг fikrlariga qiziqdik.
– Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan har qanday shaxs
uchun yangi davr boshlandi, – deya fikrini boshladi U. Safarov. –
Ma’lumki, Prezidentimizning 12 avgustda “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va unda yakka tartibdagi
tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2026 yilning 1
yanvaridan yangi huquqiy tartib yaratiladi.
Xo‘sh, buning mohiyati qanday, yangi huquqiy tartib
deganda nimani tushunish mumkin? Bu shuni anglatadiki, endi tadbirkorlar
o‘zining 1 milliardgacha bo‘lgan aylanma mablag‘idan bor-yo‘g‘i bir foiz
miqdorida soliq to‘lashi belgilab berildi. Buni esa maxsus platforma orqali
amalga oshirish mumkin, ya’ni, masalan mobil ilova yaratilib, u orqali Face-ID
bilan ro‘yxatdan o‘tiladi. Yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band
qilgan shaxs yo‘nalishini belgilab turib, tadbirkorga aylanish mumkin.
Qulaylik tomoni shundaki, tadbirkorda ortiqcha
javobgarliklar bo‘lmaydi. Ya’ni soliq hisobotlarini tadbirkorning o‘zi
topshirmaydi. Mazkur qaror orqali soliq hisobotlarini tadbirkor uchun platforma
egalari topshiradi va javobgarlikni oladi.
Tadbirkordan esa platforma orqali mahsulot
sotayotganda QR-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazish so‘raladi, xolos. Bu orqali
platforma siz uchun hisoblashni boshlaydi. Tadbirkorlar endi mana shunday
imkoniyatlardan foydalanadigan kunlarga ham yetdi.
Bundan tashqari, bilamiz, elektron “koshelyok”lar bor.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida
ro‘yxatdan o‘tilgach, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan
shaxs bankka borib, hisob-kitob ochishga hojat yo‘q. O‘sha platformada sizga
elektron "koshelyok" ochiladi. Uning bankdagi hisob raqamingiz
bilan huquqiy maqomi bir xil bo‘ladi. Bunda tadbirkor mablag‘ni
elektron "koshelyok"ka tushirishi va istagan joyga o‘tkazishi
yoki naqd shaklda olishi mumkin.
Bu platforma yana qanday qulaylik yaratadi, degan savol
tug‘iladigan bo‘lsa, aytish mumkinki, turli shartnomalarni, hisob raqam
qog‘ozlari va dalolatnomalarni ham shu orqali shakllantirish mumkin. Qarorda
belgilanganidek, bular imzolangan qog‘ozlarga tenglashtirilgan hujjat
hisoblanadi.
Yana bir qulaylik esa
tadbirkor ishchilarni Face-ID orqali rasmiylashtirib qabul qilish imkoniga ega
bo‘ladi. Ularga to‘lanadigan maoshni
istasa kunligini kunda berishi ham mumkin. Bunda ishchi-xizmatchilardan
olinadigan daromad solig‘ini ham platformaning o‘zi tashkil qiladi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz islohotlarining ilk
kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati
raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun
jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishdi.
Yaqinda tashkil etilgan tadbirkorlar bilan ochiq
muloqotda esa an’anaga ko‘ra, kichik biznes vakillaridan tortib yirik
korxonalar rahbarlari – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlar taqdirlandi. Bunday
e’tibor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarga ishonch,
ayni sohaga qadam qo‘yishni istagan yoshlarga esa umid bag‘ishlayotgani,
haqiqatdir.
A.RUSTAMOV, O‘zA
muxbiri