Keyingi
yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasiga bo‘lgan e’tibor
sezilarli darajada kuchaydi. Davlatimiz rahbarining shu yil iyun oyida
Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat
xavfsizligi yo‘nalishida imzolangan kelishuvlar bu sohani yangi bosqichga
ko‘tarish imkonini bermoqda.
Mo‘g‘ulistondan
naslli qo‘y va echkilarni olib kelish tashabbusi mamlakatimiz chorvachilik
tarmog‘ida sifat o‘zgarishlariga yo‘l ochmoqda.
Veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashabbusi bilan Qashqadaryo
viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan 12 ming 300 bosh qo‘y keltirish
rejalashtirilgan. Buning umumiy qiymati qariyb 28 milliard so‘mni tashkil
etadi. Hozirning o‘zida uch nafar tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan 2 ming 400
bosh qo‘y olib kelish ishlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, yana yetti nafar
tadbirkor 4 ming 900 bosh qo‘y xarid qilish uchun tegishli shartnomalarni
imzoladi.
Yangi
chorvalarning mamlakatga kirib kelishi nafaqat mahalliy nasldor zotlarni
boyitish, balki qo‘ychilik mahsulotlari – go‘sht, sut, teri va jun yetishtirish
hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa ichki bozorda narx barqarorligi va
eksport imkoniyati kengayishiga yo‘l ochadi.
Mo‘g‘uliston
bilan olib borilgan samarali muloqot natijasida Yakkabog‘ tumanidagi “Kumush
kuz fayzi” korxonasi va “Oqtosh kelajagi” chorvachilik xo‘jaligiga to‘rt ming
bosh qo‘y xarid qilish uchun bank krediti ajratildi. Shu asosda “Oqtosh
kelajagi” xo‘jaligi dastlab ikki ming bosh Bayat zotli qo‘ylarni olib keldi.
Bundan
tashqari, kichik fermer va dehqon xo‘jaliklari ham bu jarayonda faol ishtirok
etmoqda. Masalan, Kitob tumanidagi “Sharipov Hamroqul” fermer xo‘jaligi va
Koson tumanidagi “Bobonazar Ergash” dehqon xo‘jaligi har biri 500 boshdan qo‘y
xarid qilish uchun o‘z mablag‘idan foydalandi. Bu holat kichik tadbirkorlarning
ham qo‘ychilikni rivojlantirishga qiziqishi oshib borayotganidan dalolatdir.
Mo‘g‘ulistondan
naslli qo‘ylarni olib kelishning iqtisodiy ahamiyati nihoyatda katta. Avvalo, chorvachilikning genetik salohiyati
oshadi, mahalliy zotlar sifat jihatidan boyiydi. Ikkinchidan, mahsulot turlari
ko‘payadi, ichki bozorda raqobat kuchayadi va aholi sifatli mahsulotni arzon
narxda xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, eksport uchun yangi
yo‘nalishlar ochiladi. Chunki yuqori sifatli naslli chorva va undan olinadigan
mahsulotlar tashqi bozorda ham talabga ega.
Bir
qarashda bu tashabbus oddiy savdo yoki chorva olib kelish jarayonidek
ko‘rinishi mumkin. Lekin aslida u yurtimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat
xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish yo‘lida
muhim tashabbus hisoblanadi. Tadbirkorlarning faolligi, davlat qo‘llovi va
xalqaro hamkorlik natijasida qo‘ychilik tarmog‘i mamlakatimizda yangi bosqichga
ko‘tarilishi shubhasiz.
I.AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
05 09 2025 / 15:02