Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 sentyabr kuni maktabgacha
ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor
vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli
avlodga bog‘liq. Shu maqsadda yurtimizda bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy
o‘quv dasturlarini qo‘llash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.
O‘qituvchilarning oylik maoshiga 10 dan ortiq
ustamalar joriy qilindi. Bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog
10-12 million so‘m maosh olayapti. Yangi baholash tizimi bo‘yicha ijobiy natija
ko‘rsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Shu
oydan maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi
ham 10 million so‘mdan oshdi.
Yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida
yurtimiz o‘g‘il-qizlari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan. Xorijiy til egalari
jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar
soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paygan.
Yig‘ilishda sohadagi islohotlarni davom ettirib,
ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligi ta’kidlandi.
Bu yil maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 182
mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar
hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni ta’mirlash
orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi.
Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan
past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqariladi. Ularda
davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur
ishlab chiqiladi. Bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini
qisman qoplash tartibi joriy qilinadi.
Yangi bino, sharoit bilan birga bog‘cha xodimlarining
salohiyati ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerak. Yoz mavsumida 118 ming
nafar tarbiyachining malakasi oshirildi. Lekin, bu hali kam. Davlat
bog‘chalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiylarda 24 foizi oliy
ma’lumotli.
Shu bois yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli
tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shakli joriy
qilinadi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli
mutaxassis kirib keladi.
Kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha
tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi
“Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.
Yig‘ilishda maktab ta’limidagi sharoit bilan bog‘liq
masalalar ko‘rib chiqildi.
So‘nggi uch yilda iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta
ixtisoslashgan maktab tashkil qilingan. Lekin 12 tasida qurilish-ta’mirlash
ishlari hali yakunlanmagan.
Olis hududlardagi 74 ming o‘quvchi maktabga 5-7
kilometrdan qatnayapti. Qashqadaryo va Surxondaryodagi 100 ta maktabga bepul
avtobus qo‘yilgan. Bu zarurat boshqa viloyatlarda ham ilgari surilmoqda.
O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda informatika dars
soatlari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflarga sun’iy
intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi. Buning uchun 2 mingta sinf xonasi
kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlanishi aytildi.
Iqtidorli yoshlarga sharoit yaratish uchun
viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik
bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari
filiallari tashkil etiladi. Ular hududlardagi texnika oliy o‘quv yurtlariga
biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ularning 2-kursiga qabul
qilinadi.
Keyingi yil maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli
2 ta – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib
o‘tadi.
Mutasaddilarga shu boradagi vazifalar bo‘yicha
ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar tarbiyasi va bandligi masalalariga ham alohida
e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, endi yosh toifalari bo‘yicha milliy
tarbiya modeli yaratiladi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega
mutaxassis, milliy qadriyatlarga sodiq inson bo‘lib tarbiyalanadi.
Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, Qori
Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan haftalik
mavzularidan kelib chiqib, qiziqarli videoroliklar ishlab chiqiladi. Ular
“Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirib boriladi.
Yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni har
tomonlama shakllantirishda maktabdan tashqari ta’lim va sportning ahamiyati
katta. Shu bois bu tizimni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh
vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi.
Unga ko‘ra, joylardagi 219
ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi
va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda
“Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Bu markazlar maktablar bilan uzviylikni
jonlantirib, o‘quvchilarni muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at,
kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga jalb
qiladi.
Buning uchun har bir o‘rta maktabda maslahatchi
lavozimi joriy qilinadi. Ular o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab,
til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi.
Ushbu to‘garaklar va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha yoshlarning
“raqamli portfolio”si shakllantirilib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi.
Davlatimiz rahbari yoshlarimizni kasb-hunarli qilib,
doimiy daromad topishi uchun sharoit yaratish eng dolzarb masala ekanini
ta’kidladi.
Yurtimizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598
ta texnikum bor. Lekin ularga yoshlarning qiziqishi, kasb topish ko‘rsatkichi
yuqori emas. Shuning uchun, Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi
asosida, barcha texnikumlarga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish
muhitini olib kirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun
Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Endi investorlar buyurtmasi bilan
texnikumlarda kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga
qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kasbga
o‘rgatuvchi ustaxonalar tashkil qilish, xorijiy tillarni o‘qitishni
kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda mutasaddilar va pedagoglar bilan muloqot
bo‘ldi.
uza.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
10 09 2025 / 10:56