Farmonga ko‘ra, 2028
yilgacha YAIDXP (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim
etiladigan xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi. Proaktiv davlat xizmatlari soni
53 taga hamda kompozit davlat xizmatlari 74 taga yetkaziladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan idoralararo axborot
almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari
tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish
talabi, nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi
dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan sud
qarorining talab qilinishi, avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik
guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish
talabi bekor qilinadi. YAIDXPdagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning qog‘oz shakliga
tenglashtiriladi.
2025 yil 1 noyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari
portalida (Yagona portal) jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir
ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim
etiladi. Bunda, jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir
ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi. Ushbu ma’lumotlar
Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat
organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini
talab qilish taqiqlanadi.
2025 yil 1 noyabrdan davlat xizmatlari markazlariga kelib
murojaat qilinganda, pensioner, homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi
bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha
imtiyoz beriladi. Jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID)
ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish
(Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Davlat xizmatlari markazlariga Yagona
portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va
tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.
2026 yil 1 yanvardan
“Vakolat.uz” platformasi ishga tushiriladi. Unda davlat xizmatlaridan
foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish bo‘yicha boshqa shaxslarga
ishonchnomalarni rasmiylashtirish, yuridik shaxslar tomonidan
rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish, barcha
turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish imkoni
yaratiladi. “Vakolat.uz” platformasidan bepul asosda foydalanish yo‘lga
qo‘yiladi.
2026 yil 1 yanvardan
Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan ishlab
chiqiladigan “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida
yuritiladi.
Bunda, har bir davlat
xizmati bo‘yicha uning raqamli pasporti shakllantiriladi hamda har bir davlat
xizmatini Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritish normativ-huquqiy hujjat
asosida amalga oshiriladi.
N.Abduraimova, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
10 09 2025 / 12:32