Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Oxirgi besh yilda yer hisobini yuritish bo‘yicha yangi
tizim yaratildi, qisqa vaqtda mamlakatimizdagi 45 million gektarga yaqin yer
maydonidan 42 million gektari, ya’ni 94 foizi, qishloq xo‘jaligiga
mo‘ljallangan 26 million gektardan ziyod yerlarning 88,4 foizi davlat
ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Taqdimot davomida ilgari fuqarolar va tashkilotlar
foydalanishida bo‘lib, tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan bo‘sh
yerlarning hisobini alohida yuritish zarurligi ta’kidlandi. Bunday yerlarni
qisqa muddatda auksionga chiqarish bo‘yicha inson omilisiz ishlaydigan tizim
yaratish topshirildi.
Qishloq xo‘jaligida yerga ijara huquqini bozor
aktiviga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi, yerga nisbatan qayta ijara,
ikkilamchi ijara institutlari kiritildi.
Endilikda ijaraga berilgan
yerlarni qisman qayta ijaraga berishga, ya’ni bir qismini o‘zida olib qolib,
qolgan qismini boshqa ijarachiga o‘tkazishga ham ruxsat beriladi. Ilgari bu uchun yerni davlatga
qaytarish va yangidan auksionga chiqarish lozim edi.
2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari faqat
ijara huquqi bilan ajratilmoqda. Yig‘ilishda 2027 yil 1 yanvargacha qishloq
xo‘jaligida foydalanilayotgan barcha yerlarni ijara huquqiga o‘tkazish
lozimligi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga xizmat
ko‘rsatuvchi ob’ektlar – yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar,
saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi,
texnika parki qurishga ruxsat beriladi.
Buning uchun avval yer tuzish loyihasi ishlab
chiqilib, tasdiqlanadi. Ushbu loyiha qurilishga ruxsat berish paytida yerga
bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.
Bu yangilik qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni
ochadi, bog‘bon o‘zi bog‘ining bir chetida mevani saqlash joyi, chorvador o‘z
yaylovining bir qismida chorva mollari va chorva ozuqasini saqlash joylari
qurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini
yanada rivojlantirish, ijarachilarning huquqlari va manfaatlarini himoya
qilish, sohaga bozor munosabatlarini yanada keng joriy etish bo‘yicha
ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarni amalga
oshirish bo‘yicha farmon imzolandi, qonunosti hujjatlariga tegishli
o‘zgartirishlar kiritilishi belgilandi.
Uz.A dan
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 09 2025 / 16:01