2021 yil 27 may
kuni O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash Markazi O‘zbekiston
Liberal-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab
chiqaruvchilarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va ularga keng imtiyozlar
joriy etilishi - oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omili” mavzusida
davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik
sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
(Biznes ombudsman), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
deputatlari, mutasaddi vazirlik va idoralar, etakchi olimlar, shuningdek tadbirkorlar,
fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar
vakillari ham ishtirok etdi.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda
mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha bir qator choralar
amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston dunyoda egallagan o‘rnini mustahkamlashga
erishdi va bosqichma – bosqich ushbu sohada o‘z mavqeini yaxshilab bormoqda. 2017-2021
yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari
bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda xususiy mulk manfaatlarini
ishonchli himoya qilish, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay imkoniyatlar
yaratish borasida aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik
sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
(Biznes ombudsman) o‘rinbosari Jamshid O‘runov o‘z kirish so‘zida davlatimiz rahbarining
2021 yil 26 fevraldagi PQ-5009-son bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi
qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi
belgilangan vazifalarni 2021 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
Qarorida begilangan muhim vazifalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, oziq-ovqat
mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, talab etiladigan
miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari etishtirishni nazarda tutuvchi oziq-ovqat xavfsizligi
davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish kabi masalalar alohida ahamiyat
kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari
qo‘mitasi a’zosi Barno Mirzamova BMT tomonidan bugun oziq-ovqat mahsulotlarini
etishtirish va ularni taqsimlash bo‘yicha yondashuvni mutlaqo o‘zgartirish bo‘yicha
ish olib borayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
B.Mirzamovaning ta’kidlashicha,
so‘nggi to‘rt yil ichida respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini va eksport salohiyatini oshirishga bo‘lgan yondashuv
mutlaqo o‘zgardi, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirildi. SHunga
qaramasdan mamlakatimizda bu muammo hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Zero, ayni
paytda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshayapti, ya’ni iste’mol hajmi ko‘payib
bormoqda.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari
o‘z ma’ruza va taqdimotlarida bugungi sharoitdan kelib chiqqan holda oziq-ovqat
mahsulotlarini etishtirish, taqsimlash, respublika hududlari bo‘ylab zahira bazalarini
shakllantirish, sifatini nazorat qilish, o‘z vaqtida aholi iste’moliga etkazish
kabi masalalar to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Jumladan, aholi sonining o‘sishi,
er, suv va energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortishi, shuningdek, iqlimning
keskin o‘zgarishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ta’sir etuvchi asosiy omillar
bo‘lib qolayotganligiga urg‘u berib o‘tishdi.
Shu o‘rinda qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini etishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarining kredit resurslaridan foydalanishini
kengaytirish, ularga ko‘chat, urug‘lik olish, issiqxona qurishga moliyaviy ko‘mak
ko‘rsatish, subsidiyalar ajratish va shu asosda yangi ish o‘rinlarini yaratish,
qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash
va rag‘batlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omillari hisoblanadi.
Bu esa o‘z navbatida mamlakatimiz aholisiga va tashqi bozorga yil davomida arzon
va sifatli, raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlarini etkazib berish imkoniyatini
yaratadi.
Respublikamizda ekin er maydonlaridan,
shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa erlaridan samarali foydalanish, tomorqa
xizmati korxonalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatini yanada
kengaytirish, aholi xonadonlarini qamrab olish darajasini oshirish va mahsulotlar
eksport qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning
dolzarb vazifalaridan biri bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
SHavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Umuman, xalqimiz xotirjam bo‘lishi
kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan
zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz etkazib berish hamda narx-navo barqarorligini
ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratiladi. Buning uchun Hukumat va
hokimliklar tomonidan barcha choralar ko‘riladi hamda bu masala Prezidentning doimiy
nazoratida bo‘ladi”,- deb ta’kidlagan edi.
Davra suhbati yakunida qishloq
xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 - 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida
belgilangan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid vazifalar ijrosi, aholini
oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi mavjud muammolarni o‘rganish
hamda ularning echimlariga doir Hukumat tomonidan qabul qilingan qonunchilik-me’yoriy
hujjatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
S.Mixridinov
Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid
31 05 2021 / 13:40