Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi
“Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq
xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi
doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha
amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi.
Ushbu masala yuzasidan deputatlarning
savollariga qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov javob berdi.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotida eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi. Oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligini ta’minlash, qolaversa, eksport
ulushida sohaning o‘rni dolzarb. Shu bois ham mazkur sohaga investitsiyalarni
jalb qilish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni
zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga
oshirilmoqda.
“Hukumat soati”da ta’kidlanganidek, sohani raqamlashtirish va qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga zamonaviy agroxizmatlarni ko‘rsatish maqsadida 20
dan ortiq yangi axborot platformalari ishga tushirildi. Shuningdek,
qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida eksportbop
mahsulotlar yetishtirish va hosildorlikni oshirishni rag‘batlantirish
mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Meva-sabzavot yetishtiruvchilarga mahsulot
yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlash
mexanizmi joriy qilindi.
Ma’lumki,
suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan tadbirkorlarni davlat tomonidan
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar (subsidiyalar), soliq imtiyozlari
joriy etilib kelinmoqda. Xususan, bugungi kunga qadar byudjetdan qariyb 2,5
trillion so‘m mablag‘ suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun
yo‘naltirilgan. Natijada 2016 yilgacha respublikada suv tejovchi texnologiyalar
joriy qilingan maydon 18,9 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib
bu ko‘rsatkich 2,5 million gektarga yetdi.
Vazir axborotida
keltirilganidek, joriy yilda 26 mingdan ortiq fermerlar bilan 135 ta klaster
o‘rtasida 1,9 million tonna hosil uchun fyuchers va 965 ming hosil uchun
forvard shartnomalari imzolangan.
“Hukumat soati”da qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, qishloq
xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish
va zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Qishloq xo‘jaligi kooperativi
to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi korxonalari
tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash, sotish va
xizmatlar ko‘rsatish sohalarida o‘zaro kooperativ munosabatlarni joriy
etishning to‘liq mexanizmlari belgilangan. Shuningdek, kooperativlar
faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar yaratildi.
Sohadagi amaliy chora-tadbirlar natijasida 2025 yilda fermer xo‘jaliklari ixtiyoriy birlashib, meva-sabzavotchilikda 171 ta, paxtachilikda 66 ta yangi kooperativlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Muhokamalarda
deputatlar joylardagi uchrashuvlarda hamda hududlarda olib borilgan
o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan vazirga bir
qator savollar bilan murojaat qildi. Jumladan, haligacha ayrim fermer
xo‘jaliklari va agroklasterlar o‘rtasida moliyaviy muammolar mavjudligi, suv
taqsimoti borasida muammolar borligi aytildi.
Shuningdek,
deputatlar kuz-qish mavsumida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi
mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, bozorlarda narx barqarorligini saqlash
yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratdilar. Bu
borada amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan qiziqdilar.
Qayd
etilganidek, 2024-2025 yillar qish va bahor mavsumida 651 ming tonna qishloq
xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arilgan. Shundan 258 ming tonna kartoshka, 117 ming tonna piyoz, 186 ming tonna
sabzi, 89 ming tonna guruch zaxirasi yaratilgan. Narx-navo keskin oshishining
oldini olish, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan
ta’minlash maqsadida zaxira qilingan mahsulotlarni 2025 yilning yanvar-may
oylarida ichki iste’mol bozorlarida alohida rastalardan bepul foydalangan holda
sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. 2025-2026 yillar qish-bahor mavsumida ham aholining
asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish
bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingani, bu bo‘yicha tizimli ishlar olib
borilayotgani ta’kidlandi.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblar davomida xalq vakillari soha istiqboliga qaratilgan bir qator takliflarni berib, kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib oldilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 09 2025 / 11:54