Geosiyosiy larzalar, global ishonch inqirozi va iqtisodiy beqarorlik kuchaygan bir davrda xalqaro tashkilotlarning sammitlari ko‘pincha umumiy bayonotlar bilan cheklanib qoladi. Biroq Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti uzoqni ko‘zlagan amaliy tashabbuslarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitda so‘zlagan nutqi nafaqat tashkilot, balki butun Yevroosiyo mintaqasi uchun aniq, puxta o‘ylangan va eng muhimi, pragmatik harakatlar dasturi sifatida yangradi. O‘zbekistonning takliflari shunchaki tashabbuslar yig‘indisi emas, balki Turkiy dunyoni madaniy-tarixiy birlikdan real iqtisodiy va strategik kuchga aylantirishga qaratilgan yaxlit dasturulamal sifatida o‘rtaga tashlandi.
Davlatimiz
rahbarining chiqishini diqqat bilan kuzatgan har qanday kishi bir
asosiy jihatni ilg‘aydi: bu takliflarning har biri so‘nggi yillarda Yangi
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur ichki islohotlarning tashqi
siyosatdagi mantiqiy in’ikosidir. Prezidentimizning tashkilot doirasida
Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish haqidagi tashabbusi,
avvalo, O‘zbekistonning o‘zida yaratilgan va Jahon banki kabi xalqaro
institutlar tomonidan e’tirof etilayotgan qulay investitsion muhit tajribasiga
tayanadi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining qatorasiga bir necha yildan buyon 5–6
foizlik barqaror o‘sishi, sanoat va eksport salohiyatining
ortishi O‘zbekistonga Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham aniq
iqtisodiy modellarni dadil taklif qilish uchun ma’naviy va amaliy imkon
beradi.
Nutqda
qayd etilganidek, Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy
kengashini tashkil etish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishga
tayyorlik – bu shunchaki mezbonlik istagi emas. Bu – O‘zbekistonning
integratsiya jarayonlarida faqat kuzatuvchi emas, balki faol drayver,
loyihalar generatori va amalga oshiruvchisi bo‘lishga intilayotganining yaqqol
ifodasidir. Mashinasozlikdan tortib farmatsevtikagacha bo‘lgan sohalarni qamrab
oluvchi Sanoat alyansi, savdodagi to‘siqlarni bartaraf etuvchi “Turkiy
yashil yo‘laklar” elektron tizimi, “yashil” energetika bo‘yicha Konsorsium
kabi tashabbuslar bir maqsadga, ya’ni “xomashyo – qayta ishlash – ilm va
texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyili asosida to‘liq qiymat
zanjirlarini yaratishga qaratilgan. Bu esa Turkiy dunyo mamlakatlarining
jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini tubdan o‘zgartirishga, xomashyo yetkazuvchidan
yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchiga aylantirishga xizmat
qiladigan strategik qadamdir.
Nutqdagi
yana bir o‘ta muhim strategik yo‘nalish – transport sohasidagi o‘zaro
bog‘liqlik masalasidir. Bu yerda gap faqatgina O‘rta koridorni rivojlantirish
haqida ketmayapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yo‘lakni hozirda faol
qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli
Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash g‘oyasini o‘rtaga tashlab, mintaqaviy
geoiqtisodiyot xaritasini butunlay o‘zgartiruvchi konsepsiyani taklif qildi. Bu
– Sharqiy Osiyoni Yevropa bilan, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyoning dengiz
portlari bilan bog‘laydigan ko‘p tarmoqli, sinergetik magistrallar tizimini
yaratish demakdir. Bu loyiha amalga oshsa, dengizga chiqish imkoniyati
cheklangan mintaqa, aksincha, uch qit’ani bog‘lovchi quruqlikdagi asosiy
ko‘prikka aylanadi.
Iqtisodiyot
va transportdan tashqari, davlatimiz rahbari xavfsizlik va “yumshoq
kuch” masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Tashqi ishlar vazirlari va
maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvlarini o‘tkazish taklifi,
ayniqsa birinchisini kelasi yili Samarqandda o‘tkazish tashabbusi Turkiy
davlatlar tashkilotining xavfsizlik sohasidagi muvofiqlashuvini yangi bosqichga
olib chiqishga bo‘lgan jiddiy intilishdir. Shu bilan birga, “Jaholatga
qarshi – ma’rifat” tamoyilini xalqaro miqyosga olib chiqish, ekstremizmga
qarshi kurash bo‘yicha Harakatlar rejasini taklif etish orqali O‘zbekiston
nafaqat iqtisodiy, balki mafkuraviy sohada ham mintaqaviy barqarorlik
kafolatlari masalasini o‘rtaga tashladi.
Xulosa
qilish mumkinki, Gabalada yangragan nutq – bu O‘zbekistonning turkiy
davlatlar bilan bog‘liq tashqi siyosatida yangi bosqich boshlanganidan
dalolat beradi. Agar avvalgi yillarda asosiy e’tibor ichki islohotlar va yaxshi
qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bo‘lsa,
endilikda O‘zbekiston Prezidenti o‘zi ilgari surgan tashabbuslarning
samarali natijasi va o‘z islohotlarining muvaffaqiyatli tajribasi asosida
butun bir mintaqaviy tashkilot uchun barqaror rivojlanishning muhim
modelini taklif etmoqda.
Alisher
EGAMBERDIEV,
O‘zbekiston
Milliy universiteti
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
08 10 2025 / 12:22