Hurmatli
delegatsiyalar rahbarlari!
Qadimdan
Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan
betakror Gabala shahrida siz, aziz qardoshlarim bilan diydor ko‘rishib
turganimdan behad mamnunman.
Avvalambor,
sammitni yuqori saviyada tashkil etganlari, an’anaviy va samimiy mehmondo‘stlik
uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev
Janobi Oliylariga minnatdorlik izhor etaman.
Sizning
bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning
ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod
bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik
ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy
jarayonlar bizlarni juda quvontiradi.
Sizning
qat’iy siyosiy irodangiz tufayli Armaniston bilan imzolangan Tinchlik
deklaratsiyasi esa Turkiy davlatlarning ham umumiy g‘alabasidir, desak,
mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tarixiy kelishuv mamlakatlarimiz uchun savdo,
iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda yaqin hamkorlik borasida keng
imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.
Hurmatli
hamkasblar!
Yil
davomida Tashkilotimiz faoliyatida samarali raislik qilgani, hamkorligimizni
yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgani uchun Qirg‘iz Respublikasi
Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov Janobi Oliylariga tashakkur
bildiraman.
“Mintaqaviy
tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bugungi uchrashuvimiz dunyoda murakkab
geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan va xavfsizlikka tahdidlar tobora ortib
borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Hozir so‘zga chiqqan hamkasblarim bu
muammolar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdilar.
Yaqinda
Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh
Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va
yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi
bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi.
Davrning
o‘zi bizdan global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish,
BMT va uning Xavfsizlik Kengashi rolini oshirishni taqozo qilmoqda. Jumladan,
rivojlanayotgan davlatlarning o‘rni va ovozini mustahkamlashda yaqin
hamkorlikni kuchaytirish muhim vazifadir.
Dunyodagi
eng og‘riqli muammolar, Yevroosiyo mintaqasida avj olayotgan va oxiri
ko‘rinmayotgan nizo va urushlar, albatta, bizning davlatlarimizga ham o‘z
salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
G‘azo
sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi,
Afg‘onistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi.
Jahonning
qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro
ishonch va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni
olqishlaymiz.
O‘ylaymanki,
global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida
Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar
rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni ham
zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Biz birinchi qo‘shma uchrashuvni kelgusi yili
Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.
Hurmatli
delegatsiyalar rahbarlari!
Tahlillar
shuni ko‘rsatmoqdaki, Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida jadal
rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Avvalambor,
mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajadagi siyosiy muloqotlar faollashgani,
o‘zaro ishonch mustahkamlanayotgani, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar
dasturlar hayotga faol tatbiq etilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Birgina
misol keltirmoqchiman. Bugungi kunda Tashkilotimiz doirasida o‘ttiz beshdan
ziyod yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda. Mamlakatlarimiz
o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va bu ko‘rsatkich 2030
yilga qadar ikki barobar oshishi kutilmoqda.
Kun
tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Tuzilmamizning
mavqei va salohiyatini yanada oshirish, yaqin kelajakda uning samarali
hamkorlik maydoni sifatidagi o‘rnini mustahkamlash oldimizda turgan ustuvor
vazifadir.
Bu borada
Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik
to‘g‘risidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta,
bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat
sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi
bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘p
qirrali sherikligimizni yanada kengaytirish va jadallashtirish maqsadida
Tashkilotning 2030 yilga qadar bo‘lgan rivojlanish strategiyasi va alohida
“yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda quyidagi aniq
yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni ko‘zda tutishni maqsadga muvofiq, deb
hisoblaymiz.
Birinchidan,
mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat
kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yo‘nalish sifatida ko‘ramiz.
Yaqin
kelajakda Tashkilotimiz doirasida Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini
shakllantirish tarafdorimiz. So‘z, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro
investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani
yaratish haqida ketmoqda.
Amaliy
hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, jumladan,
Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida
Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil
etish vaqti keldi. Bu tuzilma mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari
tomonidan boshqarilib, doimiy faoliyat olib borishi muhim. Kengashning Loyiha
ofisini esa Toshkentda joylashtirishga tayyormiz.
Kengash
doirasida bir qator yangi tashabbuslarni amalga oshirishimiz mumkin. Jumladan,
Turkiy davlatlarning Sanoat alyansini tuzish va bu orqali mashinasozlik, kon
sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat,
qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida yetakchi
kompaniyalarimizning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish; o‘zaro savdo
hajmlarini keskin oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida
“Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish zarur; “yashil
energetika”, “yashil vodorod va ammiak” loyihalarini birgalikda amalga
oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va kompetensiyalarni jalb qilish,
davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish uchun “Yashil
transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish; strategik minerallar bazasini
o‘zlashtirish va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi
masalalar Kengashning doimiy e’tiborida turishi darkor.
Bunda
“xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyili
asosida amaliy Hamkorlik dasturini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchidan,
oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini
ishlab chiqarish va yetkazib berishda mamlakatlarimiz dunyo yetakchilaridan
bo‘lishlari mumkin.
FAOning
tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda organik mahsulotlarning jahon bozoridagi
hajmi 225 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi va bu raqamlar istiqbolda
har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Davlatlarimizning
bu boradagi salohiyatidan kelib chiqib, sifatli va talab yuqori bo‘lgan organik
mahsulotlarni ishlab chiqarishda ilmiy izlanishlar va seleksiya, sanoat
kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirishimiz lozim.
Kelajakda
organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu
borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini
tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda
amalga oshirishni taklif etamiz.
Uchinchidan,
turkiy davlatlarning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va
xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib
borish zarurligini hammamiz chuqur anglab turibmiz.
O‘rta
koridorni izchil rivojlantirish borasidagi aytib o‘tilgan barcha rejalarni
to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Eng asosiysi, bu yo‘lak raqobatbardoshligi bilan
ajralib turishi lozim. U biznes hamjamiyati uchun eng qulay shart-sharoitlarni
ta’minlab berishi kerak.
Bu borada
maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini
rivojlantirish va raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish bo‘yicha
loyihalarga katta ahamiyat beramiz.
Shuni
alohida ta’kidlash lozimki, O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy –
Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan
bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimini
yaratishga erishamiz.
Aminmanki,
transport sohasi bilan bog‘liq barcha tashabbuslarimiz 12 noyabr kuni Toshkent
shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida
batafsil muhokama qilinadi. Bu tadbirda transport vazirlari, yirik logistika
kompaniya va uyushmalari rahbarlari, olim va ekspertlardan iborat milliy
delegatsiyalarning faol ishtirok etishlariga ishonamiz.
To‘rtinchidan,
yirik sanoat va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida gapirganimizda, samarali
moliyaviy instrumentlarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Bu borada
biz albatta Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyatini kengaytirish
tarafdorimiz. Shu bilan birga, ustuvor loyihalarga qo‘shimcha mablag‘lar jalb
etish maqsadida Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki,
boshqa xalqaro moliya va milliy rivojlanish institutlari bilan Strategik
hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etamiz.
Beshinchidan,
sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyot sohalari
mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishida muhim drayverlarga aylanmoqda.
Bu
sohalardagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish uchun “Sun’iy intellekt va
kreativ iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni
qabul qilishni taklif etamiz.
Shu bilan
birga, Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini mamlakatimizda o‘tkazish tashabbusini
bildiramiz.
Oltinchidan,
“Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohalarida
hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.
O‘zbekiston
2025-2026 yillarda 100 dan ziyod universitetlarni o‘z ichiga olgan Turkiy universitetlar
ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent
shahrida bo‘lib o‘tadi.
Raisligimiz
davrida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni o‘tkazish tashabbusi bilan
chiqamiz.
Sohadagi
hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning izlanishlarini
rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti
o‘z faoliyatini boshlamoqda. Ushbu oliygoh negizida Qo‘shma tadqiqotlarni
qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqsak, ayni muddao bo‘lar edi.
Yettinchidan,
yoshlarimiz orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish
maqsadida turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi
kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etaman.
Ayni
vaqtda biz islomofobiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish
borasida ham yaqin muloqotlarni davom ettiramiz.
Bundan
tashqari, Tashkilotimiz doirasida Yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha
qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi
shubhasiz.
Yana bir
masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir
Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy
tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz.
Ana shu
mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi
g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Nizomiy
Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida
xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.
Hurmatli
delegatsiyalar rahbarlari!
So‘zimning
yakunida Tashkilotimizda raislikni qabul qilib olayotgan Ozarbayjon
Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga ulkan omadlar
tilayman.
Bugun
qabul qilinadigan Gabala deklaratsiyasi birgalikda ilgari surayotgan ezgu
tashabbus va rejalarimizni yanada mustahkamlab, davlatlarimizning umumiy
taraqqiyotiga, qardosh xalqlarimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shadi, deb
ishonaman.
E’tiboringiz
uchun rahmat.
Prezident
Shavkat Mirziyoev
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
08 10 2025 / 12:28