Prezident
Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi
bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohaning
xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan
tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 50 ming kilometrlik sug‘orish tarmoqlari
mavjud bo‘lib, 1,6 ming nasos stansiyasi va 10 mingdan ziyod suv ob’ektlari
faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda suv xo‘jaligi tizimini isloh
qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan tejamkor
foydalanish borasida izchil choralar ko‘rilmoqda. Biroq quyi bo‘g‘indagi
boshqaruv tizimida, jumladan, xizmat ko‘rsatish samaradorligi, hisob-kitoblar
shaffofligi va moliyaviy mustaqillik bilan bog‘liq hali yechimini kutayotgan
muammoli masalalar bor.
Taqdimotda sohada
amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va xizmat
ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar
muhokama qilindi.
Yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish to‘liq elektron shaklga
o‘tkaziladi. “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori
aniq hisoblanadi va iste’molchilarga elektron tarzda ma’lum qilinadi. Bu tizim
hisob-kitoblarda inson omilini kamaytiradi, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf
etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash maqsadida “Raqamli qishloq xo‘jaligi”
platformasi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi.
Shu orqali sug‘oriladigan yerlar, ekin turlari va suv
limitlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanib boradi.
Shuningdek, sohadagi barcha
ma’lumotlarni bir tizimda jamlash uchun Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv
xo‘jaligini raqamlashtirish
va monitoring markazi” tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari
va suv sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi, qaror qabul qilish
jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.
Bundan buyon suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish masalalari bilan
alohida vazir o‘rinbosari shug‘ullanadi.
Sohada “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratiladi. U orqali suv
resurslariga oid ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yig‘iladi va
yagona bazada shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, ma’lumot almashish
jarayonini soddalashtirib, hisobotlarni qog‘ozda yuritish amaliyotini
qisqartiradi. “Davlat suv kadastri” tizimini 2026 yil apreliga qadar to‘liq
ishga tushirish rejalashtirilgan.
Quyi bo‘g‘indagi xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari
ham muhokama qilindi. Ehtiyoj va mavsumiy sharoitdan kelib chiqib, xizmatlarda
shtatlarning o‘zgaruvchan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Xizmatlarning
samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
2026 yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanadi,
ya’ni yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm o‘rtasidagi tafovut asosida
baholanadi.
Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida suv solig‘idan
tushgan mablag‘larning 40 foizini o‘zining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga
yo‘naltirishiga ruxsat beriladi.
Suv xo‘jaligi nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida
boshqarish amaliyoti kengaytiriladi. 2026 yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy,
Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foizi,
2027 yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy
sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.
Bu borada Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos – bir tizim”
tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi. Bunda xususiy sherik
iste’molchilarni suv limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi, nasoslarga
bog‘langan maydonlardan hisoblangan suv solig‘ining 40 foizi xususiy sherikka
to‘lab beriladi. Ushbu mablag‘lar hisobiga suv hisobini avtomatlashtirish va
nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Tajribaning mazmun-mohiyati va afzalliklarini dehqon va fermerlarga
yetkazish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025-2026 yillarda
har bir tumanda bittadan “o‘quv dala-shiypon” tashkil etilib, jami 141 ta
tumanda 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.
Prezidentimiz mutasaddilarga sohada raqamlashtirishni jadallashtirish,
hisob va hisobot jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish, quyi bo‘g‘inda xizmat
ko‘rsatish samaradorligini oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va
xodimlarning mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi hamda
bu boradagi tegishli hujjatlarni imzoladi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
14 10 2025 / 10:14