Keyingi yillarda mahalla institutini isloh qilish va uni
xalq hayotiga yaqin, samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar
amalga oshirildi.
Mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit,
subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar
mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan
chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla
qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan
5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida
“yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar
berildi. Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni
yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi,
infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda.
Davlatimiz rahbari
bulardan samarali foydalanib, natija ko‘rsatayotgan mahallalar ko‘pligi, lekin
ayrimlari yagona jamoa bo‘lib ishlab ketishni haligacha o‘rganmaganini
ko‘rsatib o‘tdi.
– Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga
borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, “yettilik”ni
ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak, – dedi Prezident.
O‘tgan hafta
imzolangan qarorga muvofiq, Yangi O‘zbekiston ruhi kirib borishi kerak bo‘lgan
33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi.
Bu tumanlarning har
biriga 100 milliard so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard
so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan
100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi. Bundan tashqari, ushbu
tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2
trillion so‘m beriladi.
Umuman, bu dasturni
moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimlarining
o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga
5 milliard so‘mdan yo‘naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin
o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir oy oldin
“Tashabbusli byudjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning
o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi.
Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani ta’mirlashni boshlagan
bo‘lsa, xarajatining yarmini davlat ko‘taradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda
yana 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Prezidentimiz bu
borada yana bir yangilikni e’lon qildi. Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi
yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq
to‘lovchi mahalla” reytingini e’lon qiladi.
Bunda 100 talikka
kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma
xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu
mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi
deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har
biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi.
Mahalla hududida
sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi
mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar byudjetiga 2026 yildan boshlab
har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.
Umuman, ushbu
manbalar hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5
trillion so‘m mablag‘ beriladi.
Tuman hokimlari ushbu
imkoniyatlardan unumli foydalani, “mahalla yettiligi” bilan yangi yondashuvlar
asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.
Masalan, Norindagi
Sho‘rariq mahallasi atrofidagi yana 6 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan
markazga aylanmoqda. Bundan ruhlanib, o‘nlab tadbirkorlar turli loyihalarni
ilgari surdi. Ushbu mahallalarga arxitektor va urbanist jalb qilingani
natijasida 7 ta mahalla qiyofasini butunlay o‘zgartirish uchun imkoniyat paydo
bo‘lyapti.
Viloyat, tuman va
shahar hokimlariga Islohotlar shtabi bilan birga birinchi bosqichda 33 ta tuman
va 330 ta mahallada ishlarni ana shunday yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish
topshirildi.
Yig‘ilishda
mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari ham muhokama
qilindi.
Barcha mahallada
ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar
aholisi bilan uchrashib va ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq
ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan
mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi.
Mahallalarga 2 ming
kvadrat metrgacha bo‘sh davlat ob’ektlarini auksionga chiqarish vakolati
berilgan. Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming
kvadratgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi.
Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahallaning o‘zida qoladi va
infratuzilmaga sarflanadi.
Shu bilan birga,
mahalla binolarini zamonaviy servis ob’ektiga aylantirish uchun tadbirkorlarga
qo‘shimcha yengilliklar beriladi.
Jumladang, shahar va viloyat markazida tadbirkorlar tomonidan qurilib,
pastki qavatida “mahalla yettiligi” joylashadigan binolar 3 yil muddatga yer va
mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Qishloq joylarda esa bu imtiyozlar 7 yil
bo‘ladi. Bino egasi bo‘lgan tadbirkorlar ushbu muddat davomida foyda va
aylanmadan soliqni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
Yig‘ilishda
mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi
kerak bo‘lgan bir qator masalalar ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, oilalar
ajrimlari, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, oilasi va bolalarini kredit
qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar
o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar,
“mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi
kerakligi qayd etildi.
Oila qurish bu –
nafaqat o‘zi, balki turmush o‘rtog‘i va farzandlari oldidagi katta mas’uliyat
ekanini yoshlarga tushuntirish, ajrimlarda taraflar, ayniqsa, farzandlar og‘ir
moddiy ahvolga tushishining oldini olish uchun nikoh shartnomasi tuzishning
afzalliklarini targ‘ib qilish lozimligi ta’kidlandi.
Ayrim mahallalar,
ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya
etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan butun respublikada tozalik
va ozodalik oyligi e’lon qilinishi belgilanib, har bir tuman va shahar
hokimiga, obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga tegishli
topshiriqlar berildi.
Endilikda “yettilik”, mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan
chiqsa, tuman hokimi 10 sotixgacha yer maydoni ajratib berishi belgilandi.
Hokimlar va “yettilik” buning ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati
o‘rnatilishi, bu yerlar boshqa maqsadlarga beriladigan bo‘lsa, qonun ustuvor, jazo
muqarrar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Mutasaddilarga “yettilik” faoliyatini kompleks baholaydigan tizimni ishga
tushirish topshirildi.
Tuman hokimlari yil yakuniga ko‘ra yaxshi ishlagan 10 ta “yettilik”ning
barchasini mukofotlash, ularga qo‘shimcha ustamalar berishni yo‘lga qo‘yadi.
Bundan buyon “yettilik” xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida
yig‘ilish o‘tkazish taqiqlanishi belgilandi.
– Islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston
nafasini olib kirish, eng avvalo, “mahalla yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib
ishlashiga bevosita bog‘liq, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda mutasaddilar va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi,
mahalla raislari bilan muloqot qilindi.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
15 10 2025 / 10:00